Yunusova Gulandom Samievnaning
fan doktori (DSs) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Abdulqodir Giyloniy ma’naviy merosida inson mohiyatining falsafiy tahlili”, 09.00.03–Falsafa tarixi (falsafa fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.DSc/Fal55.
Ilmiy maslahatchi: Safarova Nigora Olimovna, falsafa fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, DSc.27.06.2017.F.02.02.
Rasmiy opponentlar: Shodiev Rustam Tohirovich, falsafa fanlari doktori, professor; Shodmonov Qurbon Badriddinovich, falsafa fanlari doktori, professor; Uvatov Ubaydulla Murodovich, tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Abdulqodir Giyloniy asarlarida inson muammosining har tomonlama tahlili, falsafa tarixidagi ahamiyatini va boshqa tasavvufiy ta’limotlar bilan o‘xshash hamda farqli tomonlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Abdulqodir Giyloniy ma’naviy merosining XI–XII asrlar diniy-falsafiy fikrlar rivojidagi yetakchilik o‘rni Qodiriya ta’limoti ilmiy manbalari asosida aniqlashtirilgan;
Abdulqodir Giyloniyning “Sirrul asror” asaridagi inson falsafasining genezisi xususidagi ilmiy merosi “komil inson” tushunchasining dastlabki ilmiy loyihaviy asosi ekanligi ishonchli argumentlar asosida isbotlangan;
Abdulqodir Giyloniy “Sirrul asror” asaridagi “xos inson”, “asl inson”, “haqiqiy inson” kabi kategorial tushunchalarining ilmni egallash va unga amal qilish, kasb-hunar egallash tushunchalari bilan dialektik bog‘liqligi mantiqiy argumentlash vositasida asoslab berilgan;
Abdulqodir Giyloniyning “Futuh al g‘ayb” asarida ilgari surilgan “farosat ilmi” konsepsiyasi komil insonni tarbiyalashda muhim omil ekanligi atributiv kategoriyalar (zohiriy va botiniy ilmlar zaruriyati) vositasida asoslangan;
diniy aqidaparastlik, ekstremizm g‘oyalariga qarshi kurashish zaruriyati Abdulqodir Giyloniyning “Rabboniylikni anglash” va “Devoni Muhyi” (Devoni G‘avsul A’zam) asarlarida ilmli bo‘lishga undovchi inson komilligi mezonlari (nafs tarbiyasi, axloqiy poklik va ilohiy ishq) asosida ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Abdulqodir Giyloniy ma’naviy merosida inson mohiyatining falsafiy tahlilini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Abdulqodir Giyloniy ma’naviy merosining XI–XII asrlar diniy-falsafiy fikrlar rivojidagi yetakchilik o‘rnining xronologik tasnifi va qodiriya ta’limoti tarixining tadqiqiga oid xulosa va tavsiyalaridan Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyining “IX–XII asrlar adabiy yozma yodgorliklari va ilmiy adabiyotshunoslik asarlari” va “XIII–XIV asr birinchi yarmi adabiyoti” nomli ekspozisiya taqdimotida hamda muzeyning elektron katalogini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 18 noyabrdagi 5/1255-3051-son ma’lumotnomasi). Natijada muzey ashyolari-eksponatlar orqali yosh avlodga milliy-ma’naviy qadriyatlarni etkazib berishda muhim materiallardan biri bo‘lib xizmat qilgan;
Abdulqodir Giyloniyning “Sirrul asror” asaridagi inson falsafasining genezisi xususidagi ilmiy-merosiga oid ilmiy-nazariy xulosalardan O‘zbekiston Milliy universitetida 2015–2017 yillarda bajarilgan A-1-163 raqamli «Demokratik islohotlarda o‘zbek modelining konseptual masalalari tahlili va izchil rivojlanishning nazariy-metodologik asoslari» mavzusidagi amaliy loyiha ijrosida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 30 iyuldagi 89-03-2730-son ma’lumotnomasi). Natijada mamlakatimiz yoshlarining intellektual va ilmiy salohiyatini shakllantirishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan;
“Sirrul asror” asaridagi “xos inson”, “asl inson”, “haqiqiy inson” kategoriyalarining evolyusion takomiliga oid ilmiy-nazariy taklif va tavsiyalardan O‘zbekiston Milliy universitetida 2015–2017 yillarda bajarilgan A-1-163 raqamli «Demokratik islohotlarda o‘zbek modelining konseptual masalalari tahlili va izchil rivojlanishning nazariy-metodologik asoslari» mavzusidagi amaliy loyiha ijrosida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 30 iyuldagi 89-03-2730-son ma’lumotnomasi). Natijada amaliy loyihaning samarali bo‘lishiga xizmat qilgan;
Abdulqodir Giyloniyning “Futuh al g‘ayb” asarida farosat ilmining komil insonni tarbiyalashdagi falsafiy mohiyatiga oid xulosa va takliflaridan Jizzax viloyati “Istiqbol” mintaqaviy tadqiqot markazidagi 46-11/50 raqamli “Joylarda ijtimoiy muammolarni hal etishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish” mavzuidagi grant loyihasining “Ijtimoiy, iqtisodiy va ma’naviy muhit barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni tizimli tahlil etish maqsadida tadqiqotlar o‘tkazish” deb nomlangan 2-bandida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda foydalanilgan (O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari Milliy assotsiatsiyasining 2019 yil 11 sentyabrdagi 04-06/261-01-son ma’lumotnomasi). Bu esa “2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasi”da hamda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda davlat va jamoatchilik nazoratini olib borishning samarali mexanizmlarini va amaliyotini rivojlantirishga xizmat qilgan;
mutasavvifning “Rabboniylikni anglash” va “Devoni Muhyi” asarlari tahlili asosida inson komilligi mezonlari asoslanganligiga oid xulosalaridan Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyining “IX–XII asrlar adabiy yozma yodgorliklari va ilmiy adabiyotshunoslik asarlari” va “XIII–XIV asr birinchi yarmi adabiyoti” nomli ekspozisiya taqdimotida hamda muzeyning elektron katalogini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 18 noyabrdagi 5/1255-3051-son ma’lumotnomasi). Bu esa o‘z navbatida muzeyga tashrif buyurayotgan yoshlar ma’naviy dunyoqarashining shakllanishida, muzey eksponatlarining yanada boyishiga xizmat qilgan.