Sharipova Laylo Frunzeevnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja berilgan fan tarmog‘i nomi): «XX asrning ikkinchi yarmi o‘zbek she’riyati badiiy taraqqiyotida fol`klor», 10.00.02–O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.DSc/Fil186.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universitetida.
Ilmiy maslahatchi: Axmedova Shoira Nematovna, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyot va fol`klori instituti, DSc.27.06.2017.Fil.46.01.
Rasmiy opponentlar: Hamdamov Ulug‘bek Abduvahobovich, filologiya fanlari doktori; Turdimov Shomirza G‘anievich, filologiya fanlari doktori; Hasanov Shavkat Ahadovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Jizzax davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: XX asrning ikkinchi yarmi o‘zbek she’riyati badiiy taraqqiyotida fol`klorning o‘rni, fol`klor orqali mifologiyaning ta’siri masalasini tadqiq etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
XX asr ikkinchi yarmi o‘zbek she’riyati badiiyati takomiliga xalq og‘zaki ijodining ta’siri ushbu davr she’riyati va fol`klor munosabatlarining an’anaviy hamda o‘ziga xos tomonlarini qiyoslash orqali ko‘rsatib berilgan;
bir maqol turli asrda yaratilgan she’riyatda, bir davrning bir nechta shoiri asarida qo‘llanib, rang-barang poetik vazifa bajarishi mumkinligi, analitik fol`klorizm deb belgilangan qarg‘ish va olqishning yozma she’riyatda qo‘llanishini ham oddiy fol`klorizm deyish maqsadga muvofiq ekani asoslangan;
she’riyatda milliy ruhni rivoj toptirish, xalqchillikni oshirish uslubining bir qirrasiga aylangan, fol`klordan foydalanib asar badiiyatini boyitgan shoirlar ijodi misolida ularning o‘z fol`klorizmi borligi isbotlangan;
yozma adabiyot bilan fol`klor aloqasiga xos poetik qonuniyatlar fol`klorizmning ijodkorlar uslubiga ta’siri, xalq ijodiga aloqador janr, obraz, motiv, ritm kabilarning badiiy qayta ishlanishi, yangi janrlarning paydo bo‘lishi, bu borada ijodkorlarning yutuq va kamchiliklarini ko‘rsatish orqali belgilab berilgan;
fol`klorning davr she’riyati uslubiga ta’sir qila olishi XX asrning 50–60-yillari o‘zbek she’riyatida milliylikni, xalqchillikni; 70–80-yillar she’riyatida erkni, O‘zbekiston mustaqilligini chorlash motivlarini yuzaga keltirish qiyosi orqali yoritilgan;
XX asrning ikkinchi yarmi o‘zbek she’riyatida yuzaga kelgan adabiy alla, adabiy yor-yor, adabiy topishmoq, she’riy latifa janrlari fol`klorning alla, yor-yor, topishmoq, latifa janrlari xususiyatlarini o‘zlashtirish orqali yuzaga kelgani asoslab berilgan;
asotirga xos voqelik, suv va olov atributlari obrazga aylanib, og‘zaki she’riyatga, fol`klordan yozma she’riyatga ko‘chib, yangi poetik vazifalar kasb etgani isbotlangan;
og‘zaki va yozma she’riyatda qo‘llangan daraxt: olma, olcha, tut kabilar; mifologiyada ilohiy gul sanalgan boychechak, binafsha, lola kabi gullar; Kenja botir va ot obrazlarining zamonaviy she’riyatdagi poetik mohiyati belgilab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Fol`klorning yozma she’riyatga ta’siri, fol`klorizmning she’riyat badiiyatidagi o‘rni XX asrning ikkinchi yarmi o‘zbek she’riyati misolida tadqiq etilishi asosida:
XX asrning ikkinchi yarmi o‘zbek she’riyatida fol`klorga xos xususiyatlarning stilizatsiya qilinish holatlarini asoslash uchun shu davr she’riyatidagi shakliy-uslubiy yangilanishlar, poetik kashfiyotlarning yuzaga kelish omillarini yoritishga oid xulosalardan F-1-06 raqamli “Istiqlol davri o‘zbek adabiyotida Sharqu G‘arb adabiy an’analari sintezi” fundamental tadqiqot loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 14 sentyabrdagi 89-03-3488-son ma’lumotnomasi). Natijalar fol`klorning yozma she’riyatga ta’sirini tadqiq qilish orqali adabiy an’analar sintezini o‘rganish adabiyotshunoslik uchun muhim degan xulosaga kelishga asos bo‘lgan;
fol`klor va yozma she’riyatning o‘zaro munosabatlarini, fol`klorizmning yozma she’riyat poetikasiga, ba’zi shoirlar hamda muayyan davr she’riyati uslubiga ta’sirini o‘rganish, fol`klorga xos alla, yor-yor, topishmoq janrlarining XX asrning ikkinchi yarmi o‘zbek she’riyati tomonidan o‘zlashtirilishini asoslash, o‘rik, olcha, tut daraxtlari; boychechak, binafsha kabi gullar obrazlarining mifologiyada, og‘zaki hamda zamonaviy she’riyatda qo‘llangani haqidagi ilmiy-nazariy xulosalardan FI-XT-0-19919 raqamli “O‘zbek mifologiyasi va uning badiiy tafakkur taraqqiyotida tutgan o‘rni” fundamental tadqiqot loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 14 sentyabrdagi 89-03-3488-son ma’lumotnomasi). Natijada zamonaviy she’riyatga mifologiya va fol`klorning ta’sirini o‘rganish orqali she’riyatdagi poetik yangilanishlarni, obrazlar olamidagi o‘zgarishlarni tadqiq qilish lozim degan xulosaga kelingan;
sintezlashgan fol`klorizmni yuzaga keltirish jarayonida afsona va rivoyatlardan foydalanishning ahamiyatini, fol`klorizmning shoirlar va bir adabiy davr uslubiga ta’sir ko‘rsatishini tadqiq etish, mifologiyada suv va olov atributlari sanalgan tushunchalarning fol`klorga, og‘zaki poetik ijod orqali yozma she’riyatga ko‘chishi jarayonida bu obrazlarning poetik vazifalarini aniqlash haqidagi xulosa va umumlashmalardan F1-FA-0-43429 raqamli “Qoraqalpoq fol`klori va adabiyoti janrlarining nazariy masalalarini tadqiq etish” mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasida foydalanilgan (Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2019 yil 27 avgustdagi 179/1-son ma’lumotnomasi). Natijada fol`klorning yozma she’riyatga ta’sirini o‘rganish orqali adabiyotdagi rivojlanish, o‘ziga xoslikni o‘rganish mumkin degan xulosaga kelingan;
xalq maqollarini she’r kompozisiyasi uzviga aylantirish, oddiy fol`klorizmni turli davr shoirlari turli poetik maqsadda qo‘llashlari mumkinligiga, mifologiyada olov atributlari sanalgan o‘t, tutun, tandir, o‘choq olovi kabilarning fol`klor orqali yozma she’riyatga ko‘chishi jarayonida bu obrazlarning poetik vazifalarini aniqlashga, og‘zaki va yozma she’riyatdagi anor, olma, tut, olcha kabi daraxtlarning, boychechak, lola, lolaqizg‘aldoq kabi gullarning obraz sifatidagi poetik ma’nolarini o‘zaro qiyoslashga doir izlanishlar natijalaridan Turkiyaning Karabuk davlat universiteti adabiyot fakul`teti turk tili va adabiyoti bo‘limida “2018-2019-yel G`z ve Bahar d`nemleri lisans eritim programendaki TED 413 “Cumhuriyet dsnemi t`rk edebiyate”, TED 313 “Servet-i f`nun Edebiyate II” kabi fanlar dasturlarini yaratishda foydalanilgan (Karabuk davlat universitetining 2019 yil 18 sentyabrdagi ma’lumotnomasi). Natijada Turkiya professor-o‘qituvchi va talabalarining zamonaviy o‘zbek she’riyati mazmun-mohiyatidagi o‘ziga xosliklar haqidagi bilimlarining kengayishiga erishilgan;
“She’riyat va fol`klor (XX asrning ikkinchi yarmi o‘zbek she’riyati misolida)” monografiyasidan, Ozarbayjonda o‘tkazilgan xalqaro ilmiy anjumanlardagi “Motiv stilizatsiyasi” (“Turk xalqlare ədəbiyyate: mənєəyi, inkiєaf mərhələləri və problemləri” msvzusunda keziriləcək Beynəlxalq elmi konfransa), “O‘zbek adabiy allalari badiiyati” (Gənc T`rkoloqlarin I T`rkoloji Qurultayin 90 illiyinə həsr olunmuє “M`asir t`rkoloji tədqiqatlar: problem və perspektivlər” msvzusunda Beynəlxalq Elmi Konfransa) ma’ruzalar tezislari ilmiy-nazariy xulosalaridan Ozarbayjonning Boku Evroosiyo universitetida “Dunyo adabiyoti” fani ishchi dasturi va ma’ruza matnlarini tayyorlashda foydalanilgan (Boku Evroosiyo universitetining 2019 yil 9 oktyabrdagi ma’lumotnomasi). Natijada talabalarning XX asr o‘zbek she’riyati, uning fol`klor bilan munosabati, she’r tahlili haqidagi bilimlari kuchaygan;
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Buxoro” telekanalining “Dolzarb mavzu”, “Qadriyat, urf-odat va an’ana”, “Navro‘z udumlari”, “Alla” teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar ssenariylarida tadqiqotning XX asrning ikkinchi yarmi she’riyati fol`klordan obraz, motiv, ohang o‘zlashtirish orqali milliylikni, xalqchillikni kuchaytirgani, fol`klorning ertak, rivoyat, afsona kabi janrlaridan ta’sirlanib, xalqni istiqlolga chorlagani haqidagi xulosalaridan foydalanilgan (Buxoro viloyati teleradiokompaniyasining 2019 yil 8 iyuldagi 176-son ma’lumotnomasi). Natijada ommaning XX asrning ikkinchi yarmi o‘zbek she’riyatidagi g‘oyaviy-badiiy yuksalishga erishgani haqidagi bilimlari boyishiga erishilgan.