Saidova Munisa Ergashevnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Orolbo‘yi hududi sug‘oriladigan o‘tloqi-allyuvial tuproqlarning ekologik-biologik holatini diagnostikasida zamonaviy yondashuvlar (Amudaryo va Chimboy tumanlari misolida)», 03.00.13–Tuproqshunoslik (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.DSc/V101.
Ilmiy maslahatchi: Gafurova Lazizaxon Akramovna, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Qx/B.43.01. 
Rasmiy opponentlar: Urazbaev Ismatulla Ummatovich, biologiya fanlari doktori, dotsent; Bobomurodov Shuxrat Mexribonovich, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Narbaeva Xurshida Saparbaevna, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Orolbo‘yi hududi sug‘oriladigan o‘tloqi-allyuvial tuproqlarning xossa-xususiyatlari va biologik faolligining sho‘rlanish ta’sirida o‘zgarishini zamonaviy usullar orqali tahlil qilish asosida tuproqlarning ekologik-biologik holatini baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
biologik faollikning asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha Orolbo‘yi hududida tarqalgan sug‘oriladigan o‘tloqi-allyuvial tuproqlar ekologik-biologik holatining integral ko‘rsatkichi qiymatlari aniqlangan;
turli darajada sho‘rlangan tuproqlarning umumiy biologik faollik darajasi aniqlangan;
tuproqlarning biologik faolligi hamda kimyoviy, agrokimyoviy va agrofizikaviy xossalari o‘rtasidagi o‘zaro korrelyasion bog‘liqliklar aniqlangan;
tuproqlar biologik faolligining har bir informativ ko‘rsatkichlari bo‘yicha ta’minlanganlik va faollik darajasi aniqlangan;
tuproq unumdorligiga sho‘rlanish jarayonining ta’sir darajasini aniqlashda umumiy biologik faollikning diagnostik ko‘rsatkich sifatida xizmat qilishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Orolbo‘yi sug‘oriladigan o‘tloqi-allyuvial tuproqlarining ekologik-biologik holatini diagnostikasida zamonaviy yondashuvlar bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida: 
tuproqlar unumdorligining diagnostik ko‘rsatkichlarini tavsiflovchi turli mavzuli elektron xaritalar Amudaryo va Chimboy tumanlari qishloq xo‘jaligi bo‘limida amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 6 avgustdagi 02/022-1595-son ma’lumotnomasi). Natijada hudud sug‘oriladigan tuproqlarining unumdorligini saqlash va erlardan qishloq xo‘jaligida samarali foydalanish bo‘yicha agromeliorativ tadbirlar belgilashda ilmiy asos bo‘lib xizmat qilgan;
tuproqlar biologik parametrlarini hududiy o‘zgarishini aks ettiruvchi mavzuli elektron xaritalar Amudaryo va Chimboy tumanlari qishloq xo‘jaligi bo‘limda amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 6 avgustdagi 02/022-1595-son ma’lumotnomasi). Natijada tuman fermer xo‘jaliklarining ixtisoslashuvini va tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda tuproqning barqaror unumdorligini ta’minlashda biologik jarayonlarni tartibga solish va maqbullashtirishga yo‘naltirilgan degradatsiyaga qarshi kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish imkonini bergan; 
tuproqlar biologik ko‘rsatkichlarining sho‘rlanishning turli tipi va darajalari ta’sirida o‘zgarishi bo‘yicha ishlab chiqilgan biodiagnostika mezonlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasida amaliyotga joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasining 2019 yil 24 iyuldagi 01/18-07-2416-son ma’lumotnomasi). Natijada sho‘rlangan tuproqlarning ekologik-biologik holatini baholash asosida qishloq xo‘jalik erlarini muhofaza qilish va unumdorligini maqbullashtirish tadbirlarini ishlab chiqish imkonini bergan;
tuproqlardagi organik uglerod zaxirasini tavsiflovchi model xaritalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasida amaliyotga joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasining 2019 yil 24 iyuldagi 01/18-07-2416-son ma’lumotnomasi). Natijada uglerod sekvestratsiyasini oshirish orqali tuproqdagi organik modda miqdorini saqlash, tuproq unumdorligini barqaror boshqarish hamda global iqlim o‘zgarishi jarayonlarining salbiy oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hududning tuproq-iqlim sharoitlariga mos tadbirlar majmuini belgilash imkonini bergan;
qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligi bo‘yicha tuzilgan ko‘p omilli ekonometrik modeli Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasida amaliyotga joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasining 2019 yil 24 iyuldagi 01/18-07-2416-son ma’lumotnomasi). Natijada hududda sho‘rlanish jarayonini keltirib chiqaruvchi omillar o‘rtasidagi bog‘liqliklar zichligini tahlil qilish asosida hudud erlarining holatini monitoring qilish, sho‘rlangan erlarning meliorativ holatini yaxshilash va qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirishga yo‘naltirilgan tadbirlarni ishlab chiqishda ilmiy asos sifatida xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish