Tursunxodjaeva Firuza Muratovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Aconitum va Delphinium turkumlariga kiruvchi o‘simliklaridan ajratib olingan diterpenoidli alkaloidlarning neyrotoprotektor, antinotsiseptiv va spazmolitik faolligi», 14.00.17–Farmakologiya va klinik farmakologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.DSc/B83.
Ilmiy maslahatchi: Djaxangirov Farxad Nabievich, tibbiyot fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘simlik moddalari kimyosi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent farmatsevtika instituti huzuridagi DSc.27.06.2017.Far.32.01 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Tulyaganov Rustam Tursunovich, biologiya fanlari doktori; Aminov Saloxiddin Jo‘raevich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Ergasheva Mukaram Jo‘rabaevna, biologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Aconitum va Delphinium turkumlariga kiruvchi o‘simliklaridan ajratib olingan diterpenoidli alkaloidlarning neyroprotektor, antinotsiseptiv va spazmolitik faolligini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor neyrotoksinlar – natriy kanallari aktivatorlari bilan odamlar va hayvonlar zaharlanganda universal antidot sifatida diterpenoid alkaloidlarni ishlatilishi nazariy va amaliy jihatdan asoslangan;
Markaziy Osiyo o‘simliklaridan ajratib olingan DA anal`getik, yallig‘lanishga qarshi, neyroprotektor, antidot, spazmolitik faolligi hamda struktura va faollik o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik aniqlangan;
ilk bor likoktonin, geteratizin va pergidrofenantren tipidagi skeletga ega diterpenoid alkaloidlarning tajriba hayvonlarining markaziy asab tizimiga ta’siri aniqlangan;
ilk bor geteratizin va veatxin tipidagi diterpenoid alkaloidlar orasida antinotsiseptiv ta’sirga ega moddalar aniqlangan;
ilk bor turli tipdagi uglerod skeletiga ega diterpenoid alkaloidlar spazmolitik va spazmogen ta’sirlari va shu farmakologik faolni namoyon etadigan moddalarni kelajakda izlash va modifikatsiyalash uchun farmakoforlar isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Aconitum va Delphinium turkumidagi o‘simliklarning diterpenoidli alkaloidlarining neyroprotektor, antinotsiseptiv va spazmolitik faolligini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
anal`getik va neyrotoksinlarga nisbatan antidot ta’sirga ega 14-benzoiltalatizamin vositasi uchun O‘zbekicton Recpublikaci Intellektual mulk agentligining ixtiro patenti olingan (№IAP 05365, 2017 y.). Natijada anal`getik va akonitin, veratridin va batraxotoksinga nisbatan antidot ta’sirga ega samarali vosita olish imkonini bergan;
aritmiya, yurak ishemiya kasalligi va surunkali miokardit bilan og‘rigan bemorlarda og‘riqli sindromni bartaraf etishga Aksaritmin preparatini qo‘llash uchun “Dori vositalari va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish bosh boshqarmasi” tomonidan ro‘yxatga olingan (DV/M/00008/01/15). Natijada og‘riqli sindrom bilan kechadigan yurak ishemiya kasalligi va surunkali miokarditga chalingan bemorlarda Aksaritmin preparatini qo‘llashga tavsiya berish imkonini yaratgan;
Allapinin va Aksaritmin preparatlarining anal`getik va yallig‘lanishga qarshi ta’sirini farmakologik o‘rganishi asosida olingan natijalardan IFA-2012-33 raqamli “Yurak-qon tomir kasalliklarini davolash uchun original mahalliy import o‘rnini bosuvchi preparatlarning pleyotrop xususiyatlarini eksperimental-klinik ishlab chiqish” loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2018 yil 14 maydagi 4/1255-1246-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu ikkita preparatlarning anal`getik xususiyatlarini klinik sharoitlarida sinab ko‘rish uchun terapevtik dozalari va organizmga kiritish yo‘llarini tavsiya etish imkonini bergan.