Abdullaev Utkir Ismailovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘rta Osiyoda ibtidoiy jamoa tuzumi va ilk davlatchilik tarixi”, 07.00.01–O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.DSc/Tar70.
Ilmiy maslahatchi: Sagdullaev Anatoliy Sagdullaevich, tarix fanlari doktori, professor, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Urganch davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, Qoraqalpoq ijtimoiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Ataxodjaev Azimxo‘ja Muzaffarovich, tarix fanlari doktori; Anarbaev Abdulxamidjon, tarix fanlari doktori; Xolmatov Normaxammad O‘rozovich, tarix fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Qoraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘rta Osiyoda ibtidoiy jamoa tuzumining rivojlanish bosqichlari va ilk davlatchilik tarixini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
urug‘ jamoa tuzumi davrida O‘rta Osiyoda aholining turli tabiiy-geografik sharoitda hududiy joylashishi xususiyatlari xo‘jalik-madaniy tiplarning shakllanishiga olib kelib, mazkur jarayon pirovardida urug‘-qabila jamoasining hududiy tizimi va ibtidoiy jamiyatda ijtimoiy boshqaruvning amaliy funksiyalari rivojlanishiga imkon yaratganligi aniqlangan;
O‘rta Osiyoda tashqi migratsiyalar (bronza davrida Hind vodiysidan va Mesopotamiyadan Baqtriya - Marg‘iyonaga, ilk temir davrida Baqtriya va Marg‘iyonadan Sug‘d va Xorazm hududlariga aholining ko‘chishi) turli hududlardagi ijtimoiy munosabatlar hamda iqtisodiy aloqalar rivojida muhim o‘rin tutib, ilk davlatchilik va sivilizatsiyaning shakllanishiga, shaharsozlik va me’morchilik, ixtisoslashgan hunarmandchilik va savdo-sotiq, madaniyat hamda tasviriy san’atning taraqqiyotiga olib kelganligi ochib berilgan;
Marg‘iyona-Baqtriya ziroatchilik vohalaridan topilgan arxeologik dalillarning umumlashma tahlili asosida O‘rta Osiyo janubida ilk davlatchilik taraqqiyoti tarixini qadimiylashtirish va mil. avv. III ming yillikning oxirlaridan boshlab uch davrga (bronza, bronzadan ilk temir asriga o‘tish va ilk temir davrlariga) ajratish zaruriyati isbotlangan;
ijtimoiy, iqtisodiy, diniy, harbiy sohalardagi tashkiliy va amaliy vazifalarni amalga oshiruvchi boshqaruvning ajralib chiqishi hamda hududiy-ma’muriy boshqaruvning paydo bo‘lishi, hokimiyatning qaror topishi omillarining O‘rta Osiyoda davlatchilik tizimiga o‘tish jarayonlariga asos bo‘lib xizmat qilganligi aniqlangan;
mil. avv. VII asrda ma’muriy-hududiy jihatdan alohida viloyatlarda umumiy madaniyat, til va diniy qarashlarga ega bo‘lgan aholining xavfsizligini ta’minlash maqsadida (ko‘chmanchilar bilan kurash, tashqi bosqinlardan himoyalanish zarurati) Baqtriya siyosiy birlashmasi – konfederatsiyasi shakllanganligi hamda Xorazm vohasi va Farg‘ona vodiysida ilk davlatchilik tizimi harbiy demokratiya (tashqi bosqinlar va o‘zaro urushlarning oldini olishga qaratilgan harbiylar va oqsoqollar ishtirokidagi kengash) tamoyiliga asoslanganligi isbotlab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘rta Osiyoda ibtidoiy jamoa tuzumi va ilk davlatchilik tarixiga oid ishlab chiqilgan ilmiy xulosalar va takliflar asosida:
mintaqadagi ibtidoiy urug‘ jamoasi tuzumi va ilk davlatchilik tarixining muhim masalalari, jumladan, mil. avv. III ming yillikning oxirlaridan boshlab O‘rta Osiyoning janubida ilk davlatchilik tarixini uch davrga ajratish zarurati, kasbiy boshqaruv, davlat va hokimiyat kelib chiqishining asoslari, ziroatchi aholi va chorvador qabilar jamoalarida davlatchilik tizimiga o‘tishni belgilab beruvchi omillar aniqlanganligi haqidagi natijalardan oliy o‘quv yurtlarining tarix fakul`teti talabalari uchun “O‘zbekiston tarixi” darsligi birinchi kitobi (Toshkent: Fan, 2018), (2-mavzu: O‘zbekiston tarixining eng qadimgi davri; 3-mavzu: Bronza davri tarixi; 4-mavzu: O‘zbekiston davlatchiligining shakllanish asoslari) mazmunida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 21 avgustdagi 89-03-3141-son ma’lumotnomasi). Mazkur ma’lumotlar talabalarda tarixiy tafakkurni shakllantirishga, mamlakatimiz tarixi va madaniyatini o‘rganishga qaratilgan ilmiy ko‘nikma va yondashuvlar bo‘yicha malakaga ega bo‘lishga, tarix sohasidagi bilimlarini oshirishga imkon yaratgan;
Urug‘ jamoasi tuzumi davrida hududlarni o‘zlashtirish jarayoni va xo‘jalik-madaniy tiplar, urug‘-qabila uyushmasi va ijtimoiy boshqaruvning mazmun-mohiyatini yoritishda; bronza davrida migratsiyalar va etnomadaniy jarayonlar, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning rivojlanish xususiyatlari, O‘rta Osiyoda ibtidoiy jamiyatdan davlatchilik tizimiga o‘tish va sivilizatsiya shakllanishining omillarini aniqlashda; Xorazm vohasida ilk davlatchilik tizimining harbiy demokratiya tamoyillariga asoslanganligi haqida olingan ilmiy natijalardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining mintaqaviy bo‘limi – Xorazm Ma’mun akademiyasida (2012–2016 yy.) bajarilgan F1-FA-0-16549 raqamli “Xorazm tarixi. (I jild. Eng qadimgi davrlardan V asrgacha. II jild. V asrdan XVI asrgacha)” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 9 sentyabrdagi 3/1255-2404-son ma’lumotnomasi). Tadqiqotning ilmiy natija va xulosalaridan foydalanish fundamental loyihaning ilmiy ahamiyatini oshirib, ayrim nazariy muammolarning echimi sifatida xizmat qilgan;
o‘lkamiz hududida davlatchilik va boshqaruv tizimi tarixi, qadimgi davr madaniyati, ibtidoiy urug‘ jamoasi tuzumi davrida O‘rta Osiyo hududlarini o‘zlashtirish jarayonlari va xo‘jalik-madaniy tiplar, urug‘-qabila uyushmasining tizimi va ibtidoiy jamiyatda ijtimoiy boshqaruvning asosiy vazifalari kabi masalalarga oid taklif va tavsiyalardan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalarining 2019 yilga mo‘ljallangan tarix yo‘nalishidagi o‘quv ishlar rejasida ko‘rsatilgan vazifalarni amalga oshirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2019 yil 27 sentyabrdagi 01-12-14-4872-son ma’lumotnomasi). Ushbu ma’lumotlar mintaqada ilk davlatchilikning shakllanishi xususida yangicha tarixiy tafakkurni shakllantirishga xizmat qilgan;
O‘rta Osiyoda qadimgi migratsiyalar va etnomadaniy jarayonlar, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning rivojlanish xususiyatlari, ibtidoiy jamiyatdan davlatchilik tizimiga o‘tish va sivilizatsiya shakllanishining omillari masalasiga oid materiallardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali “Madaniy-ma’rifiy va badiiy eshittirishlar” muharririyatining “Bedorlik”, “Millat va ma’naviyat” (2019 yil mart-iyun` oylarida) dasturlarida va radioeshittirishlar ssenariylarida foydalanilgan (“O‘zbekiston” teleradiokanalining 2019 yil 1 iyuldagi O‘z/R-1-131-son ma’lumotnomasi). Ko‘rsatuvda O‘rta Osiyo mintaqasi ilk sivilizatsiya o‘choqlaridan biri ekanligi moddiy manbalar asosida teletomoshabinlarga etkazilib, yoshlar tafakkurida tarixiy ongning shakllanishi va mustahkamlanishiga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish