G‘ofurov Sherzod Raxmatullaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Uyushmagan yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini takomillashtirish (Ichki ishlar organlari faoliyati misolida)», 12.00.08–Jinoyat huquqi. Huquqbuzarliklarning oldini olish. Kriminologiya. Jinoyat-ijroiya huquqi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Yu154.
Ilmiy rahbar: Rasulev Abdulaziz Karimovich, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, DSc.27.06.2017.Yu.25.01.
Rasmiy opponentlar: Otajonov Abrorjon Anvarovich, yuridik fanlar doktori, professor; Abduqodirov Sherzod Yoqubjonovich, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ichki ishlar organlarining uyushmagan yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatini takomillash¬tirishga qaratilgan taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
uyushmagan yoshlar ijtimoiy foydali faoliyat bilan shug‘ullanmaydigan, ishga joylashish, ta’lim olish hamda fuqarolarning davlat va jamiyat hayotidagi ishtirokining boshqa shakllarini amalga oshirish bo‘yicha yaratilgan imkoniyatlardan foydalanmagan, boshqalarga nisbatan salbiy ta’sirlarga tez beriluvchi va huquqbuzarlik sodir etish xavfi yuqori bo‘lgan 14 yoshga to‘lgan 30 yoshdan oshmagan yoshlar toifasi ekanligi asoslangan hamda mazkur tushunchani qonun bilan mustahkamlash zarurati asoslantirilgan;
mahallalarda «Fidokor yoshlar» jamoatchilik patrul` guruhlarini tashkil etish, jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini ta’minlash hamda huquqbuzarliklar profilaktikasida uyushmagan yoshlarning ishtirokini kuchaytirish orqali ular o‘rtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish zarurati va ahamiyati ilmiy asoslantirilgan;
ichki ishlar organlari probatsiya bo‘linmalari tomonidan ularning nazorati ostidagi uyushmagan yoshlar bilan ishlashda ularni «jinoyat sodir etish xavfi yuqorilar», «jinoyat sodir etishga moyillar» va «tuzalish yo‘liga o‘tganlar» toifalariga ajratib, ularga fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini murabbiy sifatida biriktirgan holda profilaktik ishlarni tashkil etish lozimligi asoslantirilgan;
ichki ishlar organlari boshliqlarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari va ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika inspektorlarining uyushmagan yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatini: yoshlar orasida ularning uyushmagan qismining hissasi, uyushmagan yoshlar bandligining ta’minlanganligi, ular tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik va jinoyatlar miqdori, uyushmagan yoshlar murojaatlarining hal etilish darajasi, bu borada mahalla fuqarolar yig‘inlari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar ko‘rsatkich (mezon)lari orqali baholash hamda ularni normativ-huquqiy hujjatlarda mustahkamlash zarurati asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Uyushmagan yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
«uyushmagan yoshlar» tushunchasi, mohiyati va xususiyatlarini huquqiy belgilab berishga doir takliflar O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 13 iyundagi O‘RQ-436-son «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida»gi qonunining 38-moddasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2019 yil 25 martdagi 06/1-05/1048vx-son ma’lumotnomasi). Takliflarning joriy etilishi «uyushmagan yoshlar» tushunchasi va ularga xos xususiyatlarni qonun hujjatlarida belgilash orqali qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotida mavjud bu boradagi huquqiy bo‘shliqlar va turli qarama-qarshiliklarni bartaraf etishga xizmat qilgan;
mahallalarda jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasida uyushmagan yoshlarning ishtirokini  kuchaytirishga doir takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 19 iyundagi «Toshkent shahrida jamoat tartibini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-3786-son qarorining 9-bandi (Toshkent shahri mahallalarida «Fidokor yoshlar» jamoatchilik patrul` guruhlarini tashkil etish, ushbu guruhlar tarkibini shakllantirish, faoliyatini tashkil etish va a’zolariga imtiyozlar berish)ni ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining 2019 yil 29 oktyabrdagi 04-13/4898-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflarning joriy etilishi mahallalarda jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini ta’minlash hamda huquqbuzarliklar profilaktikasida uyushmagan yoshlarning ishtirokini ta’minlash orqali ular o‘rtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish samaradorligini oshirishga xizmat qilgan;
ichki ishlar organlari probatsiya bo‘linmalari nazorati ostidagi uyushmagan yoshlar bilan profilaktik ishlarni olib borishda ularni toifalarga tasniflash va ularga murabbiylar biriktirishga doir takliflar O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar, bandlik va mehnat munosabatlari, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, sog‘liqni saqlash, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari tomonidan tasdiqlangan 2019 yil 7 fevraldagi 28/14-74-son «O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari probatsiya bo‘linmalari faoliyatini samarali tashkil etish borasida 2019 yil mobaynida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar bo‘yicha yo‘l xaritasi»ning 8, 12-bandlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2019 yil 27 apreldagi 28/14-291-son ma’lumotnomasi). Takliflarning joriy etilishi probatsiya bo‘linmalari nazorati ostidagi uyushmagan yoshlar bilan yakka tartibdagi profilaktik ishlarni tashkil etishni takomillashtirishga xizmat qilgan;
ichki ishlar organlari boshliqlarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari va ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika inspektorlarining uyushmagan yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatini baholash ko‘rsatkich (mezon)larini belgilashga doir takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining  2018 yil 22 fevraldagi 137-son qarori bilan tasdiqlangan «Biriktirilgan hududda ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatini baholash tartibi to‘g‘risida»gi nizomning 12-bandi hamda O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2017 yil 11 sentyabrdagi 197-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan «Ichki ishlar organlari bo‘linmalari faoliyatini baholash mezonlari to‘g‘risida»gi uslubiy ko‘rsatmalarning 9-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2019 yil 12 iyundagi 38/5-382-son ma’lumotnomasi). Takliflarning joriy etilishi ichki ishlar organlari profilaktika xizmatlarining yoshlar, xususan ularning uyushmagan qismi o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatini tizimli tashkil etish va samaradorligini oshirishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish