Temirov Eldor Ergashboevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Toshkent shahri sharoitida introduksiya qilingan Cupressaceae oilasi ayrim turlarining bioekologik xususiyatlari», 03.00.05–Botanika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/B309. 
Ilmiy rahbar: Raximova Tashxanim, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Botanika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Botanika instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.B.39.01.
Rasmiy opponentlar: Qarshiboev Xazratqul Qilichevich, biologiya fanlari doktori, professor; Pechenisin Vladimir Petrovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Cupressaceae oilasi istiqbolli tur va formalarining bioekologik xususiyatlarini aniqlash, introduksion baholash hamda ko‘paytirish usullarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
Cupressaceae oilasiga mansub introduksiya qilingan 19 tur va 10 ta formalarning manzaraliligi aniqlangan hamda yanada istiqbolli hisoblangan 4 tur va 5 ta formalar introduksion baholangan;
ilk bor introduksiya sharoitida Platycladus turkumining ikkita manzarali formasi va Chamaecyparis turkumi bitta turining biologik xususiyatlari ontogenezining dastlabki davrlari va bosqichlari aniqlangan;
tur va formalarning o‘sish va rivojlanish xususiyatlariga havo va tuproqning namligi, yorug‘lik hamda haroratning ta’siri asoslangan;
ko‘kalamzorlashtirishda keng foydalanish uchun Platycladus, Thuja, Chamaecyparis, Juniperus turkumlari tur va formalarining Toshkent shahri iqlim sharoitiga chidamliligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Cupressaceae oilasi ayrim turkum turlari va formalarining O‘zbekiston sharoitida introduksiyasi va bioekologik xususiyatlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida: 
ignabargli daraxtlarning turlarini ex-situ sharoitida ko‘paytirish bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar Toshkent Botanika bog‘ining ignabargli daraxtlar kolleksiyasi faoliyatiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 15 apreldagi 4/1255-1177-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu tur va formalarning tirik koleksiyasini yaratish imkonini bergan; 
generativ va vegetativ ko‘paytirish bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar Qashqadaryo viloyati o‘rmon xo‘jaligi faoliyatiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining 2019 yil 23 apreldagi 05/18-1240-son ma’lumotnomasi). Natijada viloyatning mos iqlim sharoitida ushbu turlarni yalpi ko‘paytirish imkonini bergan;
turkum turlari va formalarining fenologiyasi va biometriyasiga doir ma’lumotlar Toshkent shahar hokimligi obodonlashtirish bosh boshqarmasi faoliyatiga joriy etilgan (Toshkent shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasining 2019 yil 2 maydagi 8-5/934-son ma’lumotnomasi). Natijada qatnov yo‘l yoqalari uchun mos ignabargli daraxt turlarini tanlash va ko‘kalamzorlashtirish faoliyatini samaradorligini oshirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish