Yusupova Dilnovoz Rahmonovnaning
filologiya fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Temuriylar davridagi aruzga doir risolalarning qiyosiy tahlili», 10.00.06–Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.DSc/Fil108.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Ilmiy maslahatchi: To‘ychieva Gulxumor Ummatalievna, filologiya fanlari doktori.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi DSc.27.06.2017.Fil.19.01 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Boltaboev Hamidulla Ubaydullaevich, filologiya fanlari doktori, professor; To‘xliev Boqijon, filologiya fanlari doktori, professor; Shodmonov Nafas Namozovich, filologiya fanlari doktori, professor
Yetakchi tashkilot: O‘zR FA Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi temuriylar davri aruzshunosligining nazariy, amaliy, ritmik unsurlar kesimidagi qiyosiy tahlilini amalga oshirish, tarixiy taraqqiyot tendensiyalari va o‘ziga xos xususiyatlarini ilmiy asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
temuriylar davri aruzshunosligi Shayx Ahmad Taroziy, Abdurahmon Jomiy, Atoulloh Husayniy, Alisher Navoiy, Sayfiy Buxoriy va Zahiriddin Muhammad Bobur risolalari asosida o‘zbek va fors-tojik aruz nazariyalarining evolyusion bosqichi sifatida baholangan hamda ushbu risolalarning qiyosiy tahlili juzv, rukn, zihof, bahr, doira kabi aruziy birliklar sathida amalga oshirilgan;
bahrlar tasnifi bilan bog‘liq masalada Mahmud Zamaxshariy, zihoflar nazariyasida Abu Jaysh Andalusiy, juzv va doiralar talqinida Shams Qays Roziy hamda Nasiruddin Tusiy asarlari bu davr aruzshunosligi uchun nazariy asos vazifasini o‘taganligi dalillangan;
zihof, bahr va doiralar sonining turlicha ekanligi risolalarning yo‘nalishi, xarakteri va mualliflarning maqsadlari, turkiy va forsiy aruzlarning til qonuniyatlari bilan bevosita bog‘liq ekanligi asoslangan;
ruboiy janrining vazn xususiyatlari va metrik o‘ziga xosligiga oid qarashlarning qiyosiy tavsifi ishlab chiqilgan;
ushbu davr risolalarida san’at darajasiga ko‘tarilgan mutalavvun hodisasini tahlil qilish asosida aruz vazni kvantitativ tizim bo‘lish bilan birga kvalitativlik xususiyatlariga ham ega she’r tuzilishi ekanligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Temuriylar davridagi aruzga doir risolalarning qiyosiy tahlili bilan bog‘liq natijalar quyidagi ishlarda asosida:
aruzshunoslik rivojiga hissa qo‘shgan fors-tojik va o‘zbek (turkiy) olimlarining aruz tizimi va aruz nazariyasiga oid ilmiy-nazariy qarashlari OF-F8-027 raqamli «Qo‘lyozma manbalarning milliy ma’naviy va adabiy meros targ‘ibotidagi ahamiyati» (2007-2011) mavzusidagi fundamental loyihada tizimli tadqiq etilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 4 iyuldagi 89-03-2686-son ma’lumotnomasi). Natijada temuriylar davrida yaratilgan risolalar yurtimiz milliy-ma’naviy va adabiy merosining ajralmas qismi ekanligi asoslangan;
temuriylar davrida yaratilgan risolalar tarkibidagi juzv, zihof, tarmoq ruknlar,  bahr, doira, vazn kabi unsurlar izohi va qiyosiy tahliliga doir ma’lumotlardan F1-02 raqamli «Adabiyotshunoslik tarixining fundamental tadqiqi» (2012–2016) mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 4 iyuldagi 89-03-2686-son ma’lumotnomasi). Natijada risolalardagi aruzga doir unsurlar qiyosi asosida temuriylar davri adabiyotshunosligining o‘ziga xos xususiyatlarini belgilashga erishilgan;
Abdurahmon Jomiy, Sayfiy Buxoriy asarlariga oid qo‘lyozma manbalar haqidagi tizimlashtirilgan axborotlardan Respublika Tojik milliy madaniy markazida tojik va o‘zbek adabiy aloqalari doirasida tashkil etilgan «Abdurahmon Jomiyning ijod olami», «O‘zbekiston va Tojikiston adabiy aloqalari: kecha, bugun va ertaga» kabi anjumanlarda foydalanilgan (Respublika Tojik milliy madaniy markazining 2019 yil 5 sentyabrdagi 01-64-son ma’lumotnomasi). Natijada O‘zbekiston va Tojikiston mamlakatlarining ikki tomonlama madaniy, ilmiy, ma’naviy-ta’limiy va adabiy munosabatlarini chuqurlashtirishga erishilgan;
temuriylar davridagi mumtoz poetika taraqqiyoti, aruz ilmi rivoji, aruz nazariyasining fors-tojik va o‘zbek adabiyotidagi o‘rni haqidagi axborotlardan Afg‘oniston Islom Respublikasi Balx davlat universiteti o‘zbek adabiyoti mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim olayotgan talabalarda zarur bilim, malaka va ko‘nikmalarni shakllantirish hamda o‘zbek filologiyasi yo‘nalishida ta’lim mazmunini takomillashtirish uchun foydalanilgan (Balx davlat universitetining 2019 yil 24 avgustdagi 2-229-son ma’lumotnomasi). Natijada Balx davlat universitetida «O‘zbek adabiyoti tarixi», «Adabiyot nazariyasi», «Navoiyshunoslik», «Aruz» kabi kurslar bo‘yicha darslar tashkil qilish, sohaga oid darslik, o‘quv qo‘llanmalari va metodik ko‘rsatmalarni maqsadli ishlab chiqish bilan bog‘liq ishlar takomillashgan;
Shayx Ahmad Taroziy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Boburning aruzga doir asarlari bilan bog‘liq materiallardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «O‘zbekiston» telekanalida turkum ko‘rsatuvlar ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniya-sining 2019 yil 11 iyundagi 02-13-1024-son ma’lumotnomasi). Natijada, teleko‘rsatuvlarning sifati oshgan, ajdodlarimizning milliy ma’naviyatimizni shakllantirishdagi o‘rni, ularning jahon tamadduni va madaniyatiga qo‘shgan hissalarini anglash hamda idrok etish kuchaygan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish