Karimqulov Jasur Imomboevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Erkin iqtisodiy hududlarga xorijiy investisiyalarni jalb qilishni rivojlantirish yo‘nalishlari”, 08.00.07–Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.DSc/Iqt129.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent moliya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent moliya instituti, DSc.27.06.2017.I.17.01.
Rasmiy opponentlar: G‘ulomov Saidaxror Saidaxmedovich, iqtisodiyot fanlari doktori, akademik; Jumaev Nodir Xosiyatovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Kuzieva Nargiza Ramazanovna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Samarqand iqtisodiyot va servis instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: erkin iqtisodiy hududlarga xorijiy investisiyalarni jalb qilishni rivojlantirish yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy, uslubiy va amaliy takliflar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
erkin iqtisodiy zonalarning ishtirokchilariga beriladigan kreditlar bo‘yicha garov ta’minotini sug‘urtalanish uslubiyati sug‘urta mukofotini undirishni kiritish asosida takomillashtirilgan;
erkin iqtisodiy zonalarda qatnashchilarga soliq va bojxona imtiyozlarini berish asosida investision faollikning oshirilishi asoslangan;
hududlarga xorijiy investisiyalarni yanada faol jalb etish maqsadida erkin iqtisodiy zonalarda, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirishni davlat byudjeti hisobidan amalga oshirish amaliyoti taklif etilgan;
erkin iqtisodiy zonalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalarni yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan sohalarga ustuvorlik asosda jalb qilish asoslangan;
erkin iqtisodiy zonalarning takomillashgan ma’muriy-boshqaruv tuzilmasi ishlab chiqilgan va investisiya loyihalarini amalga oshirish, samaradorligini ta’minlashda er maydonlarini ajratish tartibi soddalashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Erkin iqtisodiy hududlarga xorijiy investisiyalarni jalb qilishni rivojlantirish yo‘nalishlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
erkin iqtisodiy zonalarning ishtirokchilari – tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan tuziladigan import shartnomalarini ekspertizadan o‘tkazish jarayonini soddalashtirish va erkin iqtisodiy zonalarning ishtirokchilariga beriladigan kreditlar bo‘yicha garov ta’minoti sug‘urtalanishini rasmiylashtirishda 0,5 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorda sug‘urta mukofoti undirilishini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 25 oktyabrdagi PQ-3356-son qarorining 8 va 10-bandlarida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2019 yil 28 maydagi DS/03-32/2906-son hamda O‘zbekiston Respublikasi Investisiyalar va tashqi savdo vazirligining 2019 yil 12 iyuldagi 06-18-6408-son ma’lumotnomalari). Unga ko‘ra, erkin iqtisodiy zonalarning ishtirokchilariga beriladigan kreditlar bo‘yicha garov ta’minoti sug‘urtalanishini rasmiylashtirishda 0,5 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorda sug‘urta mukofoti undirilishi belgilangan;
erkin iqtisodiy zonalarning qatnashuvchilariga soliq va bojxona imtiyozlarini berish tartibini huquqiy jihatdan mustahkamlash to‘g‘risidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 10 apreldagi 196-sonli qarorida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2019 yil 28 maydagi DS/03-32/2905-son, DS/03-32/2906-son hamda O‘zbekiston Respublikasi Investisiyalar va tashqi savdo vazirligining 2019 yil 12 iyuldagi 06-18-6408-son ma’lumotnomalari). Ushbu takliflar asosida EIZ ishtirokchilari er solig‘i, foyda solig‘i, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq, o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelingan asbob-uskunalar, xomashyo, materiallar va butlovchi qismlar uchun bojxona to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) hamda respublikada ishlab chiqarilmaydigan va loyihalarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha chetdan olib kelinadigan qurilish materiallari uchun bojxona to‘lovlari to‘lashdan ozod etilgan;
erkin iqtisodiy zonalarda investisiya loyihalarini amalga oshirish uchun er maydonlari ajratishni yanada soddalashtirishga oid taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 21 dekabrdagi PF-5600-sonli Farmonining 1-bandida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2019 yil 28 maydagi DS/03-32/2906-son, O‘zbekiston Respublikasi Investisiyalar va tashqi savdo vazirligining 2019 yil 12 iyuldagi 06-18-6408-son ma’lumotnomalari). Unga ko‘ra, investisiya loyihalarini amalga oshirish uchun er maydonlari ajratish, tuman (shahar) hokimining er maydonlarini ajratish to‘g‘risidagi alohida qarorisiz, ma’muriy kengashlarning investisiya loyihalarini tanlash va amalga oshirish uchun erkin iqtisodiy zonalar hududida joylashtirish to‘g‘risidagi bayonnomalari bilan rasmiylashtirilishi mazkur farmonda o‘z aksini topgan;
mahsulot tannarxini qisqartirish maqsadida erkin iqtisodiy zonalarda muhandislik-kommunikatsiyalarini davlat byudjeti hisobidan qurib berish to‘g‘risidagi taklifi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 29 dekabrdagi 418-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Erkin iqtisodiy zonalarning faoliyatini takomillashtirish choralar rejasi”ning 3-bandida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2019 yil 28 maydagi DS/03-32/2905-son ma’lumotnomasi). Natijada 2018 yil yakunlariga ko‘ra respublikada ushbu sohaga 40 mlrd. so‘m mablag‘ davlat byudjetidan ajratilgan;
erkin iqtisodiy zonalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalarni yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan sohalarga ustuvorlik bilan jalb qilish to‘g‘risidagi taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 3 maydagi PF-5032-sonli Farmonining 2-bandida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2019 yil 28 maydagi DS/03-32/2906-son hamda O‘zbekiston Respublikasi Investisiyalar va tashqi savdo vazirligining 2019 yil 12 iyuldagi 06-18-6408-son ma’lumotnomalari). Ushbu taklifga asosan “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ, “Parkent-farm” EIZlar faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri etib, farmatsevtika sohasida xorijiy investisiyalari jalb qilish belgilangan.