Sabirov Mirza Qilichbaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Daromadlarni soliqqa tortish mexanizmini takomillashtirish”, 08.00.07¬¬–Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Iqt977.
Ilmiy rahbar: Jo‘raev Abdug‘affor Safarovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent moliya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent moliya instituti, DSc.27.06.2017.I.17.01.
Rasmiy opponentlar: Olimjonov Odil Olimovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Yakubboev Odil Obidjonovich, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: daromadlarni soliqqa tortish mexanizmini takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
soliqqa tortishdagi ijtimoiy adolatlilikni ta’minlashdan kelib chiqqan holda fuqarolarning ayrim toifalariga berilgan soliq imtiyozlarini bekor qilish lozimligi asoslangan;
tadbirkorlik sub’ektlari daromadlarini asossiz soliqdan ozod etish amaliyotiga chek qo‘yish maqsadida konsert-tomosha faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxslarni daromad solig‘idan to‘liq ozod etish imtiyozini bekor qilish taklif etilgan;
individual tadbirkorlikdan daromadlarga soliq yuki muvofiqligini ta’minlashda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy belgilangan soliq yoki yagona soliq to‘lovi qo‘llanadigan realizatsiya tushumining aniq chegaralarini belgilash mezonlari ishlab chiqilgan;
yirik hajmdagi daromadlarga ega bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlarni yuridik shaxslar uchun nazarda tutilgan umumbelgilangan tartibda soliq to‘lash tartibiga o‘tkazish taklif etilgan;
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Daromadlarni soliqqa tortish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
jismoniy shaxslar daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlarni qayta ko‘rib chiqish va daromadlarini soliqqa tortishda adolatlilikni ta’minlash nuqtai nazaridan berilgan taklif O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 24 dekabrdagi O‘RQ-508-sonli Qonunida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2019 yil 28 maydagi DS/03-32/2904-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga tatbiq etilishi natijasida jismoniy shaxslar daromad solig‘i bo‘yicha 12 foizlik yagona stavka belgilangan sharoitda davlat byudjeti daromadlariga 950 mlrd. so‘mdan ortiq qo‘shimcha tushum ta’minlangan;
konsert-tomosha faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi lisenziyasi bo‘lgan shaxslarni ushbu faoliyatdan olingan daromadlari bo‘yicha daromad solig‘idan to‘liq ozod etish imtiyozini bekor qilish bo‘yicha taklifi yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasini ishlab chiqishda qabul qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2019 yil 28 maydagi DS/03-32/2904-son ma’lumotnomasi). Bunday tartibning joriy etilishi natijasida daromadlarga soliq solishning adolatlilik prinsipiga moslashuvi ta’minlangan;
soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini amaliyotga joriy etish maqsadida kalendar` yilida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi 100 million so‘mdan oshgan, biroq bir milliard so‘mdan oshmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar yagona soliq to‘lovini 4 foiz stavkada to‘lashga o‘tkazish bo‘yicha taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 dekabrdagi PQ-4086-sonli qarorida inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2019 yil 28 maydagi DS/03-32/2904-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida davlat byudjetiga qo‘shimcha 150 mlrd. so‘m atrofida mablag‘ to‘plash imkoniyati yaratilgan;
kalendar` yilida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi bir milliard so‘mdan oshgan yakka tartibdagi tadbirkorlar soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni yuridik shaxslar uchun nazarda tutilgan tartibda to‘lash tartibini joriy etish bo‘yicha taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 dekabrdagi PQ-4086-sonli qarorida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2019 yil 28 maydagi DS/03-32/2904-son ma’lumotnomasi). Taklif asosida yakka tartibdagi tadbirkorlarni ularning haqiqiy soliq salohiyatidan kelib chiqib, soliqqa tortish tartibi yo‘lga qo‘yilgan va bu orqali daromadlarga soliq solishdagi adolat ta’minlangan hamda davlat byudjeti daromadlari bazasi o‘sishiga erishilgan.