Usmanov Farxad Faxriddinovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek tilidagi o‘xshatishlarning lingvomadaniy tadqiqi”, 10.00.01–O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Fil116.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.
Ilmiy rahbar: Xudoyberganova Durdona Sidiqovna, filologiya fanlari doktori.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyot va fol`klori instituti, Dsc.29.11.2018.Fil.46.03.
Rasmiy opponentlar: Yo‘ldoshev Ma’rufjon Muhammadjonovich, filologiya fanlari doktori, Saparniyazova Muyassar, filologiya fanlari nomzodi, dotsent. 
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: o‘zbek tilidagi turg‘un o‘xshatishlarni lingvomadaniy jihatdan tadqiq etish orqali o‘zbek millatiga xos bo‘lgan lisoniy manzarani tavsiflash, milliy madaniyatga xos bo‘lgan qadriyatlar tizimini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
o‘zbek tilidagi turg‘un o‘xshatishlar o‘zbek millatiga xos olamning lisoniy manzarasini  namoyish etuvchi lingvomadaniy birliklar ekanligi dalillangan;  
turg‘un o‘xshatishlar tahlili orqali o‘zbek madaniyati me’yorlarini aniqlash imkoniyati asoslangan;
turg‘un o‘xshatishlar vositasida madaniy axborotni tashuvchi lingvomadaniy kodlar ierarxiyasi aniqlangan;
 turg‘un o‘xshatishlarda olamning turli unsurlariga oid aksiologik munosabat va milliy-madaniy konnotatsiya reallashishi asoslangan; 
o‘zbek tilidagi turg‘un o‘xshatishlar vositasida ifodalanuvchi o‘zbek madaniyati tayanch qadriyatlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: 
O‘zbek tilidagi o‘xshatishlarni milliy-madaniy konnotatsiyaning va madaniy me’yor hamda qadriyatlar ifodachisi sifatida lingvomadaniy tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tadqiqotda qiyoslash-o‘xshatishning inson kognitiv faoliyatidagi o‘rni, uning insondagi personifikatsiya va reifikatsiya kabi tafakkur amaliyotlari uchun asos bo‘lishi, o‘xshatish olamni anglashga ko‘mak beruvchi gnoseologik vazifa bajarishi haqidagi xulosalardan A-1-61 raqamli «Ko‘rish imkoniyati cheklangan talabalar uchun tilshunoslik fanlari bo‘yicha audiokitob ta’minotini yaratish» nomli amaliy loyihasi asosida audioma’lumotlar to‘plamini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 4 sentyabrdagi 89-03-3309-son ma’lumotnomasi). Natijada talabalarga olamning lisoniy manzarasida qiyoslash aqliy operatsiyasining o‘rni, uning verballashuvi, lingvomadaniyatshunoslik, olamning qadriyatli manzarasi, o‘zbek lingvomadaniyatida olam diniy manzarasining verballashuvi haqida keng ma’lumotlar berilgan; 
turg‘un birliklardagi milliy-madaniy konnotatsiyani anglash hamda o‘xshatishlar tahlili natijasida aniqlangan milliy mentalitetga xos bo‘lgan qadriyatlar tizimi to‘g‘risidagi xulosalardan A-1-126 raqamli «Uzluksiz ta’limda o‘quvchilar til kompetentligini shakllantirishning zamonaviy usullari» mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 28 sentyabrdagi 89-03-3282-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘quvchilarda muloqot malakasini shakllantirishda lingvomadaniy kompetensiya darajasi oshgan;
tadqiqotda va tadqiqotchi tomonidan e’lon qilingan maqolalarda qo‘llangan antropotsentrizm, olamning lisoniy manzarasi, olamning qadriyatli manzarasi, madaniy kompetensiya, milliy-madaniy konnotatsiya va boshqa yangi terminlarlarning izohlaridan FA-F1-G041 raqamli «O‘zbek tili leksikasi va terminologiyasining mustaqillik davri taraqqiyotini tadqiq etish» fundamental loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining 2019 yil 29 oktyabrdagi 3/1255-2847-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu terminlar zamonaviy o‘zbek tilshunoslik terminologiyasi taraqqiyotini ko‘rsatuvchi omil sifatida qayd etilgan va ular ishtirokidagi jumlalar illyustrativ misol tarzida ko‘rsatilgan;
o‘xshatishlarning milliy-madaniy xususiyatlari, ulardan o‘rinli foydalanish xususidagi xulosalardan Andijon viloyat teleradiokompaniyasida efirga uzatilgan «Ijod gulshani», «Ma’naviyat – qalb ko‘zgusi» ko‘rsatuvlari hamda «Andijon – FM» radiosida «Ma’naviyat sarchashmasi» radioeshittirishi ssenariysida foydalanilgan (Andijon viloyat teleradiokompaniyasining 2019 yil 12 sentyabrdagi 20-21/55-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu teleko‘rsatuv va eshittirishlar uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni mukammallashgan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish