Usmanov Marifdjon Shakirovichning
fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati shakllanishining istiqbollari (ijtimoiy-falsafiy jihatlari)”, 09.00.04–Ijtimoiy falsafa va 09.00.02–Ong, madaniyat va amaliyot shakillari falsafasi (huquq falsafasi (falsafa fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B.2019.4.DSc/Fal36.
Ilmiy maslahatchilar: Raxmankulov Mirakbar Xojiakbarovich, yuridik fanlari doktori, professor va Muminov Alisher Gaffarovich, siyosiy fanlar doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.G‘.01.05.
Rasmiy opponentlar: Saidov Akmal Xolmatovich, yuridik fanlar doktori, akademik; Saifnazarov Ismail, falsafa fanlari doktori, professor; Mamadaliev Shavkatbek Omatbaevich, falsafa fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent irrigatsiya muhandislari va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Harakatlar strategiyasi doirasida mamlakatda amalga oshirilayotgan siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar falsafasining mohiyatini ochib berish hamda kuchli va adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirish, barqaror rivojlanishni ta’minlashda fuqarolik institutlari roli va ahamiyatini kuchaytirishning yo‘nalishlarini aniqlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida fuqarolik jamiyati shakllanishi jarayonlarining barqaror rivojlanish va liberalizm tamoyillariga (erkinlik, mas’uliyat, halollik, adolatlilik, bag‘rikenglik, imkoniyatlar tengligi v.b.) asoslanganligi hamda huquqiy demokratik davlat qurilishi, «axborot jamiyati» shakllanishi bilan o‘zaro uzviy bog‘liqligi va bir birini taqazo etishi ochib berilgan;
inson, uning qadr-qimmati va qonuniy manfaatlari eng yuksak qadriyat sifatida e’tirof etilgan yangilanib borayotgan O‘zbekistondagi islohotlar falsafasi, fuqarolik jamiyati institutlari hamda xalq xokimiyatchiligi va parlamentarizm rivojlanishining huquqiy asoslari takomillashishining madaniy, tarixiy, axloqiy asoslar va qadriyatlar bilan bog‘liq ekanligi ko‘rsatilgan;
mamlakatimizda fuqarolik jamiyatining ijtimoiy-iqtisodiy asoslarini yanada mustahkamlash maqsadida davlat-hususiy sherikchilik hamda NNTlar to‘g‘risidagi normativ-huquqiy hujjatlarni «biznes farishtalar» va iqtisodiy klasterlar borasidagi me’yorlar bilan to‘ldirish takliflari berilgan;
so‘z va axborot erkinligi hech bir jamiyatda mutlaq bo‘lishi mumkin emasligi, ayniqsa bu jamiyatning xavfsizligi, kishilarning sha’ni va qadr-qimmati kabi o‘ta muhim qadriyatlar bilan bog‘liq bo‘lgan holatlarda hamda jamiyat hayotiga keng kirib kelgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining fuqarolik jamiyati rivojiga salbiy ta’sirini oldini olish, jamoat birlashmalari va davlat tashkilotlarining barqaror faoliyat yuritishini ta’minlash maqsadida unga cheklovlar qo‘yish lozimligi asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati shakllanishining istiqbollarini ijtimoiy-falsafiy tahlili asosida:
mamlakatimizda davlat tashkilotlari va NNTlar orasidagi ijtimoiy sheriklikning asosiy tamoyillari, predmetlari, sohalari, shakllari borasidagi takliflari O‘zbekiston Respublikasining «Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida»gi Qonunida o‘z aksini topgan (Adliya vazirligining 2014 yil 27 martdagi 3-10-170/1-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning amaliyotga joriy etilishi mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlari va davlat organlari o‘rtasida ijtimoiy hamkorlik aloqalarini kuchaytirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda NNTlarning faol ishtirokini ta’minlash, ularning jamiyat va davlat barqaror rivojlanishiga hissasini oshirishga xizmat qilmoqda;
samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, uning sub’ektlari va ob’ektlarini aniqlash hamda ijtimoiy ahamiyatga molik normativ-huquqiy hujjatlar, davlat organlarining boshqa qarorlari loyihalarini ommaviy muhokamasini tashkillashtirish, jamoatchilik ekspertizasini amalga oshirish borasidagi takliflari «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi Qonunga kiritildi (Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasining 2019 yil 10 sentyabrdagi 05/01-364-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan siyosiy partiyalar, Fuqraolik jamiyatini rivojlantirish markazi, O‘zNNTMA va boshqa NNTlarning davlat organlari faoliyati ustidan samarali jamoat va parlament nazoratini o‘rnatishda foydalanilmoqda. Xususan, 2019 yilning o‘zida NNTlar tomonidan inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, kichik biznes, hususiy tadbirkorlik va fermerlik xarakatini rivojlantirish kabi sohalardagi huquqni qo‘llash amaliyoti hamda iqtisodiy-ijtimoiy va ma’naviy-gumanitar sohalardagi davlat dasturlarining ijrosi ustidan 700 marotabadan ziyod jamoatchili nazorati amalga oshirilgan;
fuqarolik jamiyatining ijtimoiy, gumanitar, huquqiy va iqtisodiy asoslarining rivojlanishi borasidagi izlanishlari natijalari 30 dan ortiq qonun hujjatlarini tayyorlashda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Yoshlarga oid siyosat, madaniyat, ma’naviyat, ommaviy axborot vositalari, ijodiy va jamoat birlashmalari kotibiyatining 2019 yil 14 avgustdagi 07/1-9975-son ma’lumotnomasi). Tegishli tavsiyalari NNTlarning barcha darajadagi davlat tashkilotlari bilan samarali hamkorligini yo‘lga qo‘yish, ularning oila instituti, millatlararo munosabatlarni mustahkamlashdagi rolini oshirishga xizmat qilmoqda;
siyosiy partiyalarning davlat va jamiyat hayotidagi o‘rnini oshirish, parlamentarizm institutini rivojlantirish, fuqarolik jamiyatining iqtisodiy asoslarini mustahkamlash, NNTlarning ijtimoiy davlat qurishdagi ahamiyatini oshirish kabi muammolarni hal etishga yo‘naltirilgan takliflaridan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston «Adolat» sosial-demokratik partiyasining saylovoldi dasturlari, ularning ustav va dasturiy hujjatlarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zLiDeP 2018 yil 3 maydagi 01-27-son hamda «Adolat» SDPning 2016 yil 12 dekabrdagi 12-sonli ma’lumotnomalari). Ilmiy natijalar siyosiy partiyalarning faoliyatini samarali tashkil etish, ularning maqsad va vazifalarini hayotga tatbiq etishlari hamda saylov kampaniyalarini milliy qonunchiligimiz va umumtanolingan demokratik tamoyillar va talablar asosida o‘tkazish kabi vazifalarni hal etishga yordam bermoqda;
«axborot jamiyati» shakllanishi sharoitida davlat va jamoat tashkilotlarining barqaror faoliyatini tashkillashtirish borasidagi ilmiy takliflari «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida» va «Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar etkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunlarni ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zMAAning 2017 yil 24 avgustdagi ma’lumotnomasi). Izlanishlar natijalari: bugungi kunda mamlakatimiz va dunyoda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar haqida fikrlar xilma-xilligi tamoyiliga amal qilgan holda davlatning ichki va tashqi siyosati, amalga oshirilayotgan islohotlar, hokimiyat organlari faoliyatining shaffofligini ta’minlash; axborot makonini, ayniqsa Internet tarmog‘ini fuqarolar, jamiyat hamda davlat ehtiyojlaridan kelib chiqqan xolda ularning barqaror ijtimoiy, madaniy va iqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qiluvchi ma’lumotlar bilan boyitish, global virtual makonda milliy axborot mahsulotlarini keng tarqatish; fuqarolar, ayniqsa bolalar, jamiyat va davlat axborot xavfsizligini ta’minlash kabi vazifalarni samarali xal etishga xizmat qilmoqda.