Sadikov Sandjar Abdumajitovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekiston Respublikasida “elektron hukumat” tizimi huquqiy asoslarining shakllanishi va rivojlanishi”, 12.00.01–Davlat va huquq nazariyasi va tarixi; huquqiy ta’limotlar tarixi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Yu35.
Ilmiy rahbar: Adilxodjaeva Surayyo Maxkamovna, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universtiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, DSc.27.06.2017.Yu.23.01.
Rasmiy opponentlar: Xudoyor Teshaevich Mamatov, yuridik fanlar doktori, professor; Laviza Fuatovna Isxakova, yuridik fanlar nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy va nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston Respublikasida “Elektron hukumat” tizimi huquqiy asoslarining shakllanishi va rivojlanishini o‘rganish, “Elektron hukumat” tizimining huquqiy va institusional mexanizmlarini shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
“elektron hukumat” tizining rivojlanishi doirasida ilmiy axborotni yig‘ish, to‘plash, ishlov berish, saqlash va foydalanishni amalga oshiruvchi, shuningdek milliy va halqaro ilmiy nashrlar, axborot fondlari, tizimlar, banklar va ma’lumotlar bazalaridan foydalanishni ta’minlovchi ilmiy tashkilotlar, axborot-kutubxona markazlari faoliyatiga yordam ko‘rsatish zarurligi asoslab berilgan;
hozirgi kunda jahondagi mavjud va kengayib borayotgan axborot makoni sharoitida mazkur global axborot makoniga integratsiyalashish uchun mamlakat ilmiy muassasalari axborot infratuzilmasini takomillashtirish, ilmiy faoliyat va milliy axborot makonini o‘zviy bog‘liqligini turli usul va uslublar orqali (ilmiy nashrlar, jurnallar, veb-sahifalar va boshqalar) ta’minlash lozimligi, ilmiy faoliyat sohasida faoliyat olib boruvchi muassasa va tashkilotlarning jahon ilmiy axborot makoniga integratsiyalashishi uchun sharoitlar yaratish takliflari asoslangan;
O‘zbekistonda “elektron hukumat” tizimining rivojlanishi sharoitida davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining elektron tizimlarda ishlash ko‘nikmalari etarli darajada emasligi ko‘p holatlarda mazkur davlat organi yoki tashkilotining ish tezligiga salbiy ta’sir o‘tkazib, aholining davlat xizmatlarini olish vaqtining uzayishiga olib kelmoqda. Shu munosabat bilan davlat organlari va tashkilotlari xodimlari uchun Yagona elektron tizim orqali ishlash mohiyati va tartibini tushuntirish bo‘yicha tanishtiruv seminarlarini tizimli asosda o‘tkazish taklifi asoslangan;
normativ-huquqiy hujjatlarini ishlab chiqish, kelishish va kiritishni elektronlashtirish tizimini joriy qilish, tizimning samarali ishlashida kelib chiqadigan muammolarni o‘z vaqtida o‘rganish maqsadida vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa davlat organlari va tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasining Hukumati hujjatlari loyihalarini faqatgina Yagona elektron tizim orqali ishlab chiqish, kelishish (viza qo‘yish) va kiritish jarayonini doimiy monitoringi O‘zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligi tomonidan amalga oshirilishi zarurligi taklifi asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
“Elektron hukumat” tizimi huquqiy asoslarining shakllanishi va rivojlanishi tadqiqoti bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
“elektron hukumat” tizimining rivojlanishi doirasida ilmiy axborotni yig‘ish, to‘plash, qayta ishlash, saqlash va undan foydalanishni amalga oshiruvchi ilmiy muassasa va tashkilotlarga davlat organlari tomonidan har tomonlama yordam ko‘rsatilishi bilan bog‘liq taklif va tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 29 oktyabrdagi “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi O‘RQ-576-sonli Qonunining 29-moddasi to‘rtinchi xatboshisiga (Davlat boshqaruvi organlari ilmiy axborotni yig‘ish, to‘plash, qayta ishlash, saqlash va undan foydalanishni amalga oshiruvchi ilmiy tashkilotlar, axborot-kutubxona markazlari faoliyatiga yordam ko‘rsatadi, ilmiy mahsulotlar, bunda ilmiy jurnallar, kitoblar va boshqa bosma nashrlarni chop etish hamda tarqatish, milliy va xalqaro ilmiy nashrlar, axborot jamg‘armalari, tizimlari, ma’lumotlar banki va bazalariga kirishga ko‘maklashadi) joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining 2019 yil 5 noyabrdagi 04/5-05-109-A-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflar ilmiy natijadan foydalanish ilmiy axborotga ishlov beruvchi ilmiy muassasa va tashkilotlarning samarali faoliyat olib borishiga imkon berdi, moddiy-texnik jihatdan engillik yaratishga xizmat qilgan;
global axborot makoniga integratsiyalashish uchun mamlakat ilmiy muassasalari axborot infratuzilmasini takomillashtirish lozimligini nazarda tutuvchi takliflar O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 29 oktyabrdagi “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi O‘RQ-576-sonli Qonunining 30-moddasi ikkinchi xatboshisiga (Ilm-fan va ilmiy faoliyatning milliy axborot makoni bilan uzviy bog‘liqligi ilmiy-axborot infratuzilmasini takomillashtirish orqali ta’minlanadi;), ilmiy faoliyat va milliy axborot makonini o‘zviy bog‘liqligini turli usul va uslublar orqali (ilmiy nashrlar, jurnallar, veb-sahifalar va boshqalar) ta’minlash lozimligini nazarda tutuvchi taklif Qonunning 30-moddasi beshinchi xatboshisiga (Ilm-fan va ilmiy faoliyatning milliy axborot makoni bilan uzviy bog‘liqligi ixtisoslashtirilgan ilmiy nashrlar, ommaviy axborot vositalari, veb-saytlar tuzish va ular faoliyatini qo‘llab-quvvatlash orqali ta’minlanadi;), ilmiy faoliyat sohasida faoliyat olib boruvchi muassasa va tashkilotlarning jahon ilmiy axborot makoniga integratsiyalashishi uchun sharoitlar yaratish taklifi Qonunning 30-moddasi ettinchi xatboshisiga (global axborot makonining tegishli resurslaridan foydalanishning huquqiy va iqtisodiy choralarini ko‘rish hamda boshqa usullar orqali ta’minlanadi) joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining 2019 yil 5 noyabrdagi 04/5-05-109-A-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif va tavsiyalardan foydalanish ilmiy axborotga ishlov beruvchi ilmiy muassasa va tashkilotlar va ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi ilmiy muassasa hamda tadqiqotchilar uchun internet orqali jahondagi yetakchi ilmiy fondlari va resurslaridan foydalanish  imkoniyatlarini nazarda tutgan;
davlat organlari va tashkilotlari xizmatchilarining kompyuter savodxonligini oshirish, ularning elektron tizimlar bilan ishlash ko‘nikmalarini kuchaytirish bilan bog‘liq takliflari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning Yagona elektron tizimini joriy etishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 4 bandi uchinchi xatboshisini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2019 yil 9 oktyabrdagi 32-8/7066-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflar davlat xizmatchilari uchun Yagona elektron tizimda ishlash ko‘nikmalarini oshirib ularning kompyuter savodxonligining oshirilishiga xizmat qilgan;
davlat organlari va tashkilotlarida vaqtni tejash va ortiqcha qog‘ozbozlikning oldini olish maqsadida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning Yagona elektron tizimida olib boriladigan ishlarni monitoring qilish kerakligidan kelib chiqib, ushbu vakolat O‘zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligiga berilishi kerakligi taklifi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning Yagona elektron tizimini joriy etishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 7 bandi ikkinchi qismini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2019 yil 9 oktyabrdagi 32-8/7066-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflar tizimdagi olib borilayotgan ishlarni monitoring va tahlil qilish, tizimning ishlashi bilan bog‘liq muammolarini o‘z vaqtida bartaraf etish, uning samaradorligini oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalarni ko‘rib chiqish bo‘yicha vakolatli davlat organi aniqlashtirilishiga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish