Muxamedova Munisa Sabirovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston tarixiy shaharlaridagi muzeylashtirilgan ob’ektlarda turizmning shakllanishi va rivojlanish istiqbollari (XX asr II yarmi–XXI asr boshlari)», 17.00.06– Muzeyshunoslik. Tarixiy-madaniy ob’ektlarni konservatsiya qilish, ta’mirlash va saqlash (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Tar 448.
Ilmiy rahbar: Ismailova Jannat Xamidovna, tarix fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Kamoliddin Bexzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, Qoraqalpoq ijtimoiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Murtazaeva Rahbar Xamidovna, tarix fanlari doktori, professor; Madraimov Abdumajid Abduraimovich, tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: XX asrning ikkinchi yarmi–XXI asr boshlarida O‘zbekiston tarixiy shaharlaridagi muzeylashtirilgan ob’ektlarda turizmning shakllanishi, rivojlanishi va taraqqiyot tamoyillarini tizimli ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sovet davrida turizmdan keladigan daromadni asosan markaz manfaatlariga xizmat qilganligi, O‘zbekistonda mavjud turistik byurolar faqatgina belgilangan shaharlar kesimidagi yodgorliklarning 40-50% ni qamrab olganligi, ulardan to‘laqonli foydalanish uchun imkoniyat yaratilmaganligi, natijada bu holat respublikadagi madaniy turizm rivojiga salbiy ta’sir etganligi aniqlangan;
respublikadagi madaniy turizm dasturlari «Inturist» aksiyadorlik jamiyati tomonidan belgilanib, lokal xususiyatlar hisobga olinmaganligi, ko‘plab tarixiy shaharlarning turizm geografiyasiga kiritilmaganligi, turistik marshrutlar sovet mafkurasi asosida yagona tizimga moslashtirilganligi, shuningdek, xorijlik sayyohlar uchun muhim bo‘lgan milliy, etnografik xususiyatlar inobatga olinmaganligi ochib berilgan;
mustaqillik yillarida respublika muzeylari va muzeylashtirilgan ob’ektlar qamrovida ro‘y bergan zamonaviy axborotlashtirish tizimi, mul`timedia va audiogid vositalaridan foydalanish, virtual muzey dasturlarini takomillashtirish, muzeylarda sayyohlikni rivojlantirish bo‘yicha «VERUM QR» loyihalarining joriy etilishi, ko‘chmas ob’ektlarni muzeylashtirish tizimini takomillashtirish orqali skansen muzeylar, korporativ muzeylar, ekomuzeylar yaratish imkoniyati mavjudligi asoslab berilgan;
muzey turizmini rivojlantirish istiqbollariga oid tavsiyalar yirik markaziy muzeylarda «Muzey menejmenti va turizm» bo‘limini ochish, CUSEUM – xalqaro sayyohlik mobil-ilova platformasiga O‘zbekiston muzeylarini kiritib, sayyohlar tomonidan berilgan iqtiboslarni aniqlashtirgan holda muzeylar faoliyatini takomillashtirish, Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy va Farg‘ona viloyatlarida muzey-qo‘riqxonalar barpo etish orqali O‘zbekistonda sayyohlik imkoniyatlarini rivojlantirish, madaniy turizm destinatsiyasi qamrovini kengaytirish kabi imkoniyatlar ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekistonning tarixiy shaharlaridagi muzeylashtirilgan ob’ektlarda turizmning shakllanishi va rivojlanishi masalalarini tadqiq etish asosida olingan ilmiy natijalar quyidagi yo‘sinda joriy etilgan:
Buxoro davlat badiiy-me’moriy muzey-qo‘riqxonasi, Xiva «Ichan Qal’a» davlat muzey qo‘riqxonasi hamda Samarqand davlat birlashgan tarixiy – me’moriy va badiiy muzey-qo‘riqxonasining muzeylashtirilgan ob’ektlarida turizmni rivojlantirishga oid ilmiy hujjatlar va fotojamlanmalar O‘zbekiston tarixi davlat muzeyidagi «Mustaqil O‘zbekiston: Ozod va obod Vatan» ekspozisiyasining «O‘zbekistonda turizm taraqqiyoti» va «O‘zbekistonda madaniyat va ma’rifat» bo‘limlari shakllantirishda foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2018 yil 13 fevraldagi 3/1255-401-son ma’lumotnomasi). Qo‘llanilgan natijalar mazkur davrni faktik materiallar, manbalar va ma’lumotlar bilan to‘ldirishga ko‘mak berib, muzey ekspozisiyasini takomillashtirish, mazmun mohiyatini ilmiy boyitishga xizmat qilgan;
turizmni rivojlantirishda innovatsion g‘oyalarni tatbiq etish istiqbollari O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyida sayyohlar uchun teatrlashtirilgan tomoshalar dasturi, xalq o‘yinlari va urf-odatlarni namoyish etuvchi madaniy tadbirlar, zamonaviy xalq hunarmandlarining ko‘rgazma yarmarkalari tashkillashtirishda foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2018 yil 1 iyundagi 0111-08-3894-son ma’lumotnomasi). Natijada muzeyga tashrif buyuruvchilar orasida milliy madaniy merosni keng targ‘ib etishga, belgilangan vazifalar ijrosini amaliyotga tatbiq qilishga erishilgan;
O‘zbekiston tarixiy shaharlaridagi muzeylashtirilgan ob’ektlarda turizmning shakllanishi va rivojlanish istiqbollariiga oid ilmiy natijalardan YuNESKOning «Muzeylar boshqaruvida o‘quv dasturlarini amalga oshirish» loyihasi doirasida 2015 yil nashrga tayyorlangan darslik mavzularini yoritishda hamda Muzeyshunoslik yo‘nalishi bakalavriat bosqichiga mo‘ljallangan «Yodgorliklarni saqlash va ta’mirlash» o‘quv dasturini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Badiiy akademiyasining 2018 yil 5 dekabrdagi 0309/430-1984-son ma’lumotnomasi). Ular muzey turizmi bilan bog‘liq mavzularni tayyorlash, ularni birlamchi manbalar asosida boyitish, muzey ishi asoslari hamda tarixiy-nazariy masalalari borasida ilmiy xulosalarni kengaytirishda qo‘llanilgan;
sovet davrida turistik tizim, mavjud turistik byurolar faoliyati tarixiy shaharlardagi yodgorliklar, respublikadagi madaniy turizm rivoji bo‘yicha hujjatlar faksimilyasiyasi, tarjimasi, xaritalar va turizm tizimiga oid yangi manbalardan O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining «Sovet hokimiyati davrida O‘zbekiston» bo‘limini mazmunan boyitishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 8 iyuldagi 3/1255-1897-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning muzey ekspozisiyalariga joriy etilishi sovet davrida turizmning o‘rni, turizm boshqaruv tizimidagi o‘ziga xos xususiyatlar, xususan, turistik byurolarning faoliyati va kommunistik madaniyat siyosatida ularning ishtirokini tarixiy manbalar asosida ochib berishga xizmat qilgan;
turizm istiqbollariga qaratilgan ilmiy xulosalardan muzeylashtirilgan ob’ektlar tavsifi, me’moriy bezaklari hamda metodlari bo‘yicha o‘zbek, rus va ingliz tillarida zamonaviy uslubdagi axborot bazasini shakllantirish va QR-kodlar bilan ta’minlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2019 yil 22 iyuldagi 03-22/5510-son ma’lumotnomasi). Natijada respublika sayyohlik hududlaridagi muzeylashtirilgan ob’ektlarda xizmat ko‘rsatish hamda muzey turizmini rivojlantirish amaliyotining samarali mexanizmini yo‘lga qo‘yishga erishilgan.