Ro‘ziev Farxad Jo‘raevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘quvchilar intellektual-ma’naviy darajasi rivojlanishida bahoning didaktik imkoniyatlari”, 13.00.01–Pedagogika nazariyasi. Pedagogik ta’limotlar tarixi (pedagogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Ped36.
Ilmiy rahbar: Safarova Roxat Gaybillaevna, pedagogika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Qoraqalpoq davlat universiteti, Nukus davlat pedagogika instituti, Urganch davlat universiteti, DSc.28.12.2017.Ped.20.02.
Rasmiy opponentlar: Xalilov Faxriddin Nuritdinovich, pedagogika fanlari doktori, professor; Pazilov Arzi Kenjebaevich, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: o‘quvchilarning intellektual-ma’naviy darajasi rivojlanishida bahoning didaktik imkoniyatlarini nazariy-amaliy jihatdan asoslash hamda ushbu imkoniyatlardan ta’lim jarayonida foydalanish samaradorligini ta’minlashga yo‘naltirilgan ilmiy-metodik tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ta’lim sifati va darajasini aniqlab beruvchi PISA (O‘quvchilarni ta’limdagi yutuqlarini baholash xalqaro dasturi), PIRLS (Matnni o‘qish va tushunish darajasini aniqlovchi xalqaro tadqiqot), TIMSS (Maktabda matematika va aniq fanlar sifatini tadqiq qiluvchi xalqaro monitoring) xalqaro dasturlar asosida o‘quvchilarning intellektual-ma’naviy darajasini baholash mexanizmlari takomillashtirilgan;
bahoning pedagogik-psixologik imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda o‘quvchilarni intellektual-ma’naviy rivojlantirishning didaktik parametrlari (o‘quv faoliyatini jadallashtirish, kamchiliklarni tuzatish, nazorat qilish) asosida Intellekt.uzedu.uz axborot tizimi ishlab chiqilgan;
baho vositasida o‘quvchilar intellektual-ma’naviy darajasining rivojlanishida o‘qituvchilar va ota-onalarning o‘zaro hamkorligi va ushbu jarayonda ob’ektivlik, xolislik prinsiplariga amal qilishning pedagogik yo‘nalishlari aniqlangan;
o‘quvchilar intellektual-ma’naviy darajasining rivojlantirishda bahoning o‘ziga xos vazifalari (o‘quv faoliyati natijalarini tekshirish va aniqlash; o‘quvchilarning tayyorgarlik darajalarini sertifikatlash, o‘quv faoliyati natijalarining DTSga mosligini tasdiqlash; o‘quv faoliyatini rag‘batlantirish, o‘quv faoliyati natijalarini tashxislash, korreksiyalash) belgilab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘quvchilar intellektual-ma’naviy darajasi rivojlanishida bahoning didaktik imkoniyatlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilga kelib PISA (The Programme for International Student Assesment) o‘quvchilarning ta’lim sohasidagi yutuqlarini baholash bo‘yicha xalqaro reytingga kirishini inobatga olgan holda o‘quvchilarning fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarini baholash axborot tizimi Xalq ta’limi vazirligining Intellekt.uzedu.uz elektron manzilida joylashtirilgan (Xalq ta’limi sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazining 2019 yil 27 iyundagi 02/6–230-son ma’lumotnomasi). Natijada umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilarining fanlardan o‘zlashtirish darajalarini ob’ektiv baholash imkoniyati yaratilgan;
o‘quvchilarni intellektual-ma’naviy rivojlantirishda bahoning salbiy ma’naviy ta’siri profilaktikasi hamda o‘quvchilarni baholash jarayonida o‘qituvchilar va ota-onalarning hamkorligini yo‘lga qo‘yishga doir ilmiy asoslangan tavsiyalardan A1-XT-1-19701 raqamli «O‘quvchilarning o‘quv-biluv imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladigan vaziyatlarni loyihalash mexanizmlari» mavzusidagi amaliy tadqiqot loyihasini bajarishda foydalanilgan (Xalq ta’limi vazirligining 2017 yil 21 noyabrdagi 01-02/7-2-487-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘quvchilarning o‘quv-biluv faoliyatini jadallashtirishga doir maktab va oilalarning, o‘qituvchilar va ota-onalar o‘zaro hamkorligini uzviy ta’minlash imkoni yaratilgan;
o‘quvchilar intellektual-ma’naviy rivojlanish dasturlarini tuzishning didaktik imkoniyatlari (o‘quv faoliyatini jadallashtirish, DTSga mosligini tasdiqlash, kamchiliklarni tuzatish hamda o‘z-o‘zini baholashga oid taklif va tavsiyalar A1-XT-1-19701 raqamli «O‘quvchilarning o‘quv-biluv imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladigan vaziyatlarni loyihalash mexanizmlari» mavzusidagi amaliy tadqiqot loyihasini bajarishda foydalanilgan (Xalq ta’limi vazirligining 2017 yil 21 noyabrdagi 01-02/7-2-487-son ma’lumotnomasi). Mazkur amaliy tadqiqot orqali o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajalarini baholash jarayonida ularning o‘quv faoliyatini jadallashtirishni takomillashtirish imkoniyati yaratilgan.