Asrarov Uktamxon Askarxonovichning
fan doktori (DSs) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Mul`tifokal aterosklerozda oyoqlar kritik ishemiyasi mavjud bo‘lgan bemorlarda xirurgik davolashni takomillashtirish», 14.00.34–Yurak-qon tomir xirurgiyasi (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.DSc/Tib248.
Ilmiy maslahatchi: Irnazarov Akmal Abdulaevich, tibbiyot fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.27.06.2017.Tib.49.01.
Rasmiy opponentlar: Fokin Aleksey Anatol`evich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Asamov Ravshan Erkinovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Abduraxmanov Mamur Mustafaevich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: «A.V. Vishnevskiy nomidagi Xirurgiya milliy tibbiy tadqiqot markazi» Federal davlat byudjet muassasasi (Rossiya Federatsiyasi).
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: xirurgik davolash taktikasini optimallashtirish yo‘li bilan yurak-qon tomir o‘lim xavfi yuqori bo‘lgan hollarda oyoqlar kritik ishemiyasi bilan bemorlarni davolash natijalarini yaxshilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
oyoqlar qon tomirlari va gemodinamik jihatdan ahamiyatli boshqa arteriya havzalarining kombinatsiyalangan zararlanishida mul`tifokal aterosklerozning klinik-patogenetik xususiyatlari, ustuvor patologiyani aniqlashning o‘ziga xos mezonlari aniqlangan;
bir necha arteriya havzalarining kombinatsiyalangan zararlanishlarida gemodinamik buzilishlarning og‘irligini tekshirish va oyoqlar surunkali ishemiyasini davolash samaradorligini prognostik baholash uchun «KINK.exe» asl matematik tibbiy model ishlab chiqilgan;
kesib o‘tgan asosiy qon tomirlarda qon oqimini tez va ishonchli tiklanishini ta’minlash imkonini beruvchi maxsus anastomotik qisqichni qo‘llagan holda qon tomir anastomozini ishchi arteriyada qo‘llash usuli takomillashtirilgan;
uzun bo‘ylama arteriotomiya vaqtida ishchi arteriyada sharoitida venoz yamoqni fiksatsiya qilish va qon tomir chokini qo‘llash uchun maxsus asbobini qo‘llagan holda arteriya tomirlarini tiklash usuli takomillashtirilgan;
kardiologik o‘lim xavfi yuqori bo‘lgan bemorlarda mul`tifokal ateroskleroz fonida oyoqlar ishemiyasida revaskulyarizatsiyaning yuqori samaradorligi, usutuvor shikastlanish sohasini aniqlash, jarrohlik aralashuvlarning hajmi va vaqtini hisobga olgan holda isbotlangan;
mul`tifokal ateroskleroz va oyoqlar arteriyalarining ko‘p qavatli zararlanishida miniinvaziv amaliyotlar va gibrid texnologiyalarni qo‘llash qon oqimining tiklanishi va kritik ishemiyaning bartaraf etilishi bo‘yicha ustunligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Mul`tifokal ateroskleroz fonida oyoqlar ishemiyasini xirurgik usulda davolashni takomillashtirishga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
"Mul`tifokal ateroskleroz fonida oyoqlar ishemiyasi bilan bemorlarni tashxislash va davolash" uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 12 noyabrdagi 8n-z/192-son ma’lumotnomasi). Jarrohlik davolash taktikasini tanlash uchun tanlash algoritmidan foydalanish operatsiyadan keyingi asoratlar va o‘lim sonini kamaytirish imkonini bergan;
“Surunkali qon tomirlar etishmovchiligi bo‘lgan ishemik genezisli bemorlarga diagnoz qo‘yish va davolash” uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 12 noyabrdagi 8n-z/192-son ma’lumotnomasi). Ushbu usullarning qo‘llanilishi ateroskleroz fonida oyoqlar ishemiyasida revaskulyarizatsiya bosqichini optimallashtirish imkonini bergan;
mul`tifokal ateroskleroz fonida oyoqlar ishemiyasi bilan bemorlarni jarrohlik davolash taktikasini optimallashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliy faoliyatiga, xususan, Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik angionevrologiya markazi va Toshkent tibbiyot akademiyasi 2-klinikasining jarrohlik bo‘limlari amaliy faoliyatiga (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 12 noyabrdagi 8n-z/192-son ma’lumotnomasi) tatbiq etilgan. Mul`tifokal ateroskleroz fonida oyoqlar ishemiyasi bilan bemorlarni jarrohlik davolash taktikasini qo‘llash erta davrda amaliyotdan keyingi asoratlarni 11,2% dan 6,7% gacha, uzoq muddatda 17,2% dan 10,5% gacha va o‘lim ko‘rsatkichini 6,1% dan 2,8% gacha kamaytirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish