Normamatov Sultonbek Ermamatovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbek lug‘atchiligining shakllanishi va rivojlanishida jadid ma’rifatparvarlarining o‘rni», 10.00.01–O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.4.DSc/Fil100.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti. 
Ilmiy maslahatchi: Tojiev Yormat, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, DSc.29.11.2018.Fil.46.03.
Rasmiy opponentlar: Uluqov Nosirjon Muxammadalievich, filologiya fanlari doktori, professor; Xolmanova Zulxumor Turdievna, filologiya fanlari doktori, professor; Mamatov Abdug‘afur Eshonqulovich, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: jadid ma’rifatparvarlarining o‘zbek lug‘atchiligi taraqqiyotidagi o‘rnini konseptual belgilash, ular yaratgan filologik lug‘atlarning lingvistik talqinini amalga oshirish, ularning o‘zbek zamonaviy leksikografiyasi taraqqiyotiga ta’sirini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
zamonaviy o‘zbek lug‘atchiligining asoslari jadid ma’rifatparvarlari tomonidan yaratilganligi, ularning turkiy (o‘zbek) lug‘atchilikka zamonaviy leksikografik tamoyillarni olib kirganligi asoslangan;
davr lug‘atlarining mazmuni (kontent) va tuzilishi (strukturasi)ni yoritishda avvalgi va keyingi davr hamda o‘z davri manbalariga qiyoslash usulining afzalligi ko‘rsatilgan;
bir tilli lug‘atlarga so‘z tanlash, ularni izohlash va dalillashda an’anaviy va zamonaviy leksikografik tamoyillar uyg‘unlashtirilganligi ochib berilgan;  
tarjima lug‘atlarida ruscha so‘zlarga o‘zbekcha muqobil so‘z, so‘z birikmasi tanlash, izohlash, tavsiflash usullari va ularning kompleks qo‘llanganligi asoslangan;
davr lug‘atchiligining keyingi davr tarjima, izohli, terminologik; filologik va ensiklopedik lug‘atlarning yaratilishida metodologik vazifa bajarganligi isbotlangan, zamonaviy leksikografiyaning rivojlanish tendensiyalari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Jadid ma’rifatparvarlarining lug‘atchilik faoliyatini o‘rganish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
jadid ma’rifatparvarlarining zamonaviy o‘zbek lug‘atchiligining shakllanishi va rivojiga qo‘shgan hissasiga oid, shuningdek, Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy, Elbek, Ashurali Zohiriy, Ishoqxon Ibrat, Nazir To‘raqulov kabi jadid adiblarining leksikografik faoliyatidagi lug‘at tuzish prinsiplari, lug‘atlarga so‘z tanlash va so‘z qo‘llash tajribalariga oid dissertatsiya natijalari va ilmiy xulosalaridan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutida davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida 2012-2016 yillarda bajarilgan FA-F1-G041-sonli  «O‘zbek tili leksikasi va terminologiyasining mustaqillik davri taraqqiyotini tadqiq etish» mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasini amalga oshirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining 2019 yil 15 oktyabrdagi 3/1255-2733-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha doirasida o‘zbek lug‘atchiligining etarlicha tadqiq etilmagan XIX asrning oxiri va XX asr boshlaridagi holati bo‘yicha, o‘zbek tili leksikasi va terminologiyasining o‘tgan asrning 20-30-yillaridagi tadrijiy takomili bo‘yicha tavsifiy ma’lumotlar kengaygan;
jadid adiblarining tilga, tilshunoslikka munosabati, shuningdek, davr lug‘atchiligining shakllanish zarurati, omillari, manbalari va jadidlarning lug‘atchilik sohasidagi faoliyati haqidagi ilmiy ma’lumotlardan Toshkent davlat pedagogika universitetida 2015–2017 yillarda bajarilgan A-1-61 raqamli «Ko‘rish imkoniyati cheklangan talabalar uchun tilshunoslik fanlari bo‘yicha audiokitob ta’minotini yaratish» mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 30 maydagi 89-03-2324-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida loyiha materiallari jadid ma’rifatparvarlarining o‘zbek lug‘atchiligining  shakllanishi va rivojlanishiga qo‘shgan hissasiga oid yangi ilmiy manba va ma’lumotlar bilan boyigan;
jadid adiblari tomonidan yaratilgan ko‘p tilli tarjima lug‘atlaridagi so‘z tanlash, izohlash, muqobillari saqlanishini ta’minlash, o‘zbek tilidan boshqa tillarga so‘zma-so‘z tarjima qilib bo‘lmaydigan terminlarning izohlarini yoritish, interpretatsiyani amalga oshirish usullari  tahliliga oid nazariy ma’lumotlardan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2017–2018 yillarda bajarilgan OT-A1-018 raqamli «O‘zbek tili va uning tarjimasi bilan bog‘liq elektron va bank-moliya terminlarining ko‘p tilli lug‘atlarini yaratish» mavzusidagi amaliy loyiha bajarilishida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 14 oktyabrdagi 89-03-3907-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha doirasida bank-moliya terminlarining ko‘p tilli lug‘atlarini yaratish tamoyillarining mukammal darajada ishlab chiqilishiga erishilgan;  
jadid adiblari lug‘atchilik faoliyatining mahsuli sifatida o‘zbek leksikografiyasi tarixida dastlabki ko‘p tilli tarjima lug‘atlarining, dastlabki terminologik lug‘atlarning, dastlabki o‘quv lug‘atlarining shakllanishiga oid nazariy fikrlar va faktik materiallardan  5220100 – Filologiya va tillarni o‘qitish (o‘zbek tili) bakalavriat ta’lim yo‘nalishi uchun mo‘ljallangan «Hozirgi o‘zbek tili» darsligining «Leksika, leksik-semantik sath, leksikologiya va leksikografiya» deb nomlangan qismini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 14 oktyabrdagi 89-03-3907-son ma’lumotnomasi). Natijada darslikdagi leksemalarning tarixiy taraqqiyot bosqichlaridagi o‘zgarishlari, ma’lum bir tildagi leksemani qarindosh bo‘lmagan boshqa tildagi leksema bilan qiyoslash, leksemaning leksikografik talqiniga oid ma’lumotlar nazariy va amaliy jihatdan boyigan;  
jadid adiblarining ilmiy-adabiy merosi, ularning o‘zbek milliy tili, uning asosini tashkil etuvchi davr adabiy tilining rivojidagi o‘rnini aniqlashga, jadid lug‘atchiligining o‘zbek leksikografiyasi tadrijiy takomilidagi mavqeini belgilashga doir nazariy xulosalar asosida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «Madaniyat va ma’rifat» telekanalida 2016-2017 yillarda efirga uzatilgan «Go‘zal yozg‘ichlar»  ko‘rsatuvi ssenariylarini tayyorlashda samarali foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «Madaniyat va ma’rifat» telekanalining 2019 yil 18 oktyabrdagi 01-16/431-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur teleko‘rsatuv uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni mukammallashgan, ilmiy dalillarga boy bo‘lishi ta’minlangan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish