G‘aybullaeva Nafisa Izatullavnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbek tilida tibbiy evfemizmlar (tibbiy davriy nashr materiallari asosida)», 10.00.01–O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam:  V 2018.3.PhD/Fil.480. 
Ilmiy rahbar: Abuzalova Mexriniso Qodirovna,  filologiya fanlari doktori. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, PhD. 31.05.2019. Fil.72.03.
Rasmiy opponentlar: Jabborov Xo‘jamurod, filologiya fanlari doktori; Mengliev Baxtiyor Rajabovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi  tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: tibbiy kasbiy muloqot evfemizmlarining leksik- semantik, uslubiy-funksional, leksikografik, etnosotsial, gender xususiyatlarini aniqlash, tibbiyot bilan bog‘liq shifokor nutqi evfemikasining til sathida voqelanishini ochib berishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tibbiyot xodimlari professional nutqida evfemizmning kontekstual  qo‘llanishi, uning  shifokor nutqiy faoliyati bilan bog‘liqligi ijtimoiy, psixologik, lingvistik asoslab berilgan;  
o‘zbek tilida aytilishi axloq me’yorlariga zid bo‘lgan, yoqimsiz va uyat sanalgan tibbiy birliklarning ifodalanishi, muayyan diskurs/nutqiy muloqotning evfemalashish bosqichida ularning leksik-semantik, struktural ko‘rinishlari aniqlangan; 
tibbiy evfemizatsiyada nutq aktlarining voqelanishi, shakllanishi, uzual/okkazionallik kabi belgilarining lokutiv (so‘zlash akti), illokutiv (nutqiy ta’sir etish) va perlokutiv (natijaviy) kabi nutqiy omillari dalillangan;
o‘zbek jamiyatiga xos tibbiy evfemalarning milliy-etnik, gender xususiyati, nutqiy zanjirdagi qiymati, muloqot jarayonida etnosotsial xoslanishi ijtimoiy sinf, ijtimoiy rol`, ijtimoiy mavqe, ijtimoiy vaziyat kabi  omillar doirasida voqelanishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
O‘zbek tili tibbiy evfemizmlarini tadqiq qilish jarayonida erishilgan ilmiy natijalar asosida:
tibbiyot xodimlari professional nutqida evfemizmning kontekstual  qo‘llanishi, tibbiy evfemizatsiya hosil qilishning ijtimoiy, psixologik, lingvistik omillari bilan bog‘liq ilmiy natijalaridan 2012–2014 yillarga mo‘ljallangan ITD-1-57 raqamli «O‘zbek tilining tatbiqiy yo‘nalishlarini amalga oshirishning dasturini ishlab chiqish» davlat amaliy-tadqiqot loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 5 sentyabrdagi 89-03-3326-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar asosida muloqot madaniyatini shakllantirishning lingvomadaniy va psixolingvistik asoslari, o‘zbek jamiyatiga xos tibbiy evfemalarning milliy-etnik xususiyatini tavsiflashda uning ijtimoiy, psixologik, lingvistik aspektini ifodalashda zaruriy ilmiy manba bo‘lib xizmat qilgan; 
evfemizmlarning nutqiy-psixologik tavsifi masalalarini yoritishda 2014–2017 yillar davomida bajarilgan «O‘zbek amaliy psixolingvistikasini yaratish dasturini ishlab chiqish» nomli A-1-39 raqamli amaliy ilmiy-texnik grantida,  loyihaning lingvomadaniy va psixolingvistik tavsifining nazariy masalalari doirasida tibbiy atamalarni ishlatishda evfemizm hodisasining o‘rni, matn yaratilishida shaxs xususiyatlarining rolini belgilashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 5 sentyabrdagi 89-03-3326-son ma’lumotnomasi). Natijada evfemizm bilan bog‘liq terminlar izohi boyitilgan hamda mukammallashtirilgan;
tibbiy lingvistika va uning taraqqiyoti borasida 2017-2019 yillarda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «O’zbekiston» teleradiokanalining «Bedorlik», «Ijod zavqi», «Ta’lim va taraqqiyot», «Millat va ma’naviyat» eshittirishlari ssenariylarini tuzishda foydalanildgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2019 yil 10 iyuldagi 3-136-son ma’lumotnomasi). Natijada muloqot jarayonida ijtimoiy sinf, ijtimoiy rol`, ijtimoiy mavqe, ijtimoiy vaziyat omillarini inobatga olgan holda evfemizm qo‘llanilgan va o‘zbek tili tibbiy evfemik birliklari bo‘yicha aholida tibbiy muloqot bilan bog‘liq yangicha qarashlar shakllantirilgan;
tibbiy nutqni yumshatuvchi birliklar to‘plami asosida oliy ta’lim tizimi tibbiyot hamda filologiya va tillarni o‘qitish (o‘zbek tili) ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar, magistrantlar, soha mutaxassislari hamda evfemizmlar pragmatikasi bilan qiziquvchilarga mo‘ljallab  «O‘zbek tili tibbiy evfemizmlarining qisqacha izohli lug‘ati» nashr qilingan (ISBN 978-9943-5928-4-1). Natijada yig‘ilgan materiallar asosida o‘zbek tilida mavjud evfemizmlarning milliy-etnik, gender, sotsial qatlam va yoshga oid xususiyatlarini o‘zida mujassam etgan tibbiy ifodalarni qamrab oluvchi hamda o‘zbek leksikografiyasi fondini to‘ldirishga xizmat qiladigan lug‘at yaratilgan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish