Axmedova Mehrinigor Bahodirovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «O‘zbek tilidagi «ma’naviyat» va ingliz tilidagi «spirituality» umumiy semali atov birliklari tipologiyasi», 10.00.06–Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.PhD/Fil571.
Ilmiy rahbar: Mengliev Baxtiyor Rajabovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, PhD.31.05.2019.Fil.72.03.
Rasmiy opponentlar: Xayrullaev Xurshidjon Zaynievich, filologiya fanlari doktori;  Qambarov Nosir Mansurovich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.    
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: o‘zbek va ingliz tillaridagi «ma’naviyat»/«spirituality» umumiy semali atov birliklarining mohiyati va tipologik farqlarini yoritib berishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
o‘zbek va ingliz lisoniy tasvirida «ma’naviyat» atov birliklarining leksik, semantik, funksional yasalish usullarining umumbashariy (aksariyat tillar va millatlar tafakkurida mavjud) va xususiy (muayyan til va millatga tegishli) tipologik aspektlari asoslangan;
har ikkala tilning aqliy, hissiy, ahloqiy kabi «ma’naviyat» tushunchalarini ifodalovchi birliklar tizimida tayanch (ot), markaz (sifat) va chekka (fe’l) unsurlar mavjudligi aniqlanib, ularda qo‘llanish konteksti ta’sirida vazifa almashinuvi sodir bo‘lishi isbotlangan;
«ma’naviyat»/”spirituality” birliklarining lisoniy nomutanosiblik va leksik-konseptual bo‘shliq (lakuna)larini to‘ldirishning morfologik va sintaktik imkoniyatlari pragmatik aspektda dalillangan;
qiyoslanayotgan tillarda «ma’naviyat» kategoriyasini ifodalovchi konseptual birliklar (vijdon, e’tiqod, samimiyat, munosabat, ma’rifat, axloq) negizida o‘zbek tilida sodda tarkiblilari, ingliz tilida esa sodda va o‘zlashma turlarining funksional ustuvorligi aniqlangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
O‘zbek va ingliz tilidagi «ma’naviyat»/«spirituality» umumiy semali atov birliklari tipologik tahlili yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:
o‘zbek va ingliz lisoniy tasvirida «ma’naviyat» atov birliklarining leksik, semantik, funksional usullar yordamida «ma’naviyat» konseptual sferasini tashkil etuvchi atov birliklarining shakllanishiga doir xulosalardan F1-XT-0-19919 raqamli «O‘zbek mifologiyasi va uning badiiy tafakkur taraqqiyotida tutgan o‘rni» mavzusidagi fundamental ilmiy tadqiqot loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta ta’lim vazirligining 2019 yil 3 iyuldagi 89-03-2673-son ma’lumotnomasi). Natijada ma’naviyatga oid terminlarning mohiyati aniqlashtirilgan, ilmiy tavsiflash va tasvirlash vositalarini tahlil qilish mezonlari ishlab chiqilgan, ilmiy adabiyotlarda va izohli lug‘atlarda «ma’naviyat» kategoriyasining tarkibiy qismlariga doir nazariy qonuniyatlarini ochib berishga xizmat qilgan;
tillararo adekvat tarjima qilish tamoyillarining umumbashariy (aksariyat tillar va millatlar tafakkurida mavjud) va xususiy (muayyan til va millatga tegishli) tipologik qirralari asoslangan ma’lumotlardan O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2019 yil 4 iyuldagi 02-22/5049-son ma’lumotnomasi). Ilmiy xulosalarning qo‘llanilishi hamroh-tarjimonlarning chet el sayyohlariga tarixiy materiallar mazmunini to‘g‘ri etkazib berish bilan bog‘liq faoliyatini samarali tashkil etishga xizmat qilgan;
har ikkala tilning aqliy, hissiy, axloqiy kabi «ma’naviyat» tushunchalarini ifodalovchi birliklar tizimi tarkibiy qismlari shakllanishiga doir xulosalardan Respublika Ma’naviyat va Ma’rifat markazining 2019 yilga mo‘ljallangan ish rejasi dasturining 1, 11, 20, 21-bandlari ijrosini ta’minlashda tatbiq qilingan (Respublika Ma’naviyat va Ma’rifat markazining 2019 yilning 8 iyuldagi 02/010-910-19-son ma’lumotnomasi). Natijada yoshlarni barkamol, ma’naviy etuk qilib tarbiyalash hamda «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati faoliyatini takomillashtirishga hizmat qilgan;
«ma’naviyat»/“spirituality” birliklarining tarjimalari, leksik-konseptual bo‘shliq (lakuna)larni to‘ldirishning maxsus imkoniyatlari haqidagi ma’lumotlar «Ma’naviyat atamalarining o‘zbekcha-inglizcha, inglizcha-o‘zbekcha lug‘ati»ni ishlab chiqishda qo‘llanilgan (ISBN 978-9943-06-632-8). Natijada mazkur lug‘at «5120100 – Filologiya va tillarni o‘qitish», «5111400 – Xorijiy til va adabiyot», «5120200 – Tarjima nazariyasi va amaliyoti» bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari talabalari ta’limi uchun asos bo‘lib xizmat qilgan;
qiyoslanayotgan tillarda «ma’naviyat» kategoriyasini ifodalovchi vijdon, e’tiqod, samimiyat, munosabat, ma’rifat, axloq, diyonat kabi tushunchalarning farqli va o‘xshash jihatlariga doir xulosalardan  AQShning Reformed universitetida 2-kurs yozma nutq amaliyoti darslarida (College Writing II) foydalanilgan (Reformed universitetining 2019 yil 15 oktyabrdagi ma’lumotnomasi). Natijada chet ellik talabalar uchun ma’naviyat atamalarini batafsil lingvistik va madaniy tahlil qilish imkoniyati vujudga kelgan, muayyan axloqiy qadriyatlar va e’tiqodlarga amal qilish usullarini tushunishi uchun manba bo‘lgan;
ma’naviyatga oid atov birliklarini tipologik aspektda lingvistik tadqiq qilish muammolarini ko‘rsatib beruvchi materiallardan «Dunyo bo‘ylab» telekanalining «Focus» ko‘rsatuvida foydalanilgan (O‘zMTRKning 2019 yil 1 iyuldagi 08-14-270-son ma’lumotnomasi). Natijada tomoshabinlar dunyoqarashida madaniyatlararo muloqot, tillararo aloqalarning milliy ma’naviyatga ta’sir etishi haqidagi tasavvurlarning paydo bo‘lishi kuzatilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish