Yunusov Iskandar Orifovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish va samaradorligini oshirish yo‘llari”, 08.00.04-Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti (iqtisodiyot fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.4.PhD/Iqt410.
Ilmiy rahbar: Umurzakov O‘ktam Pardaevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti ilmiy tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.I.10.03.
Rasmiy opponentlar: Nazarova Fotima Xakimovna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Dusmuratov Radjapboy Davletbaevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi:  Samarqand veterinariya medisinasi instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish va samaradorligini oshirish yo‘llari bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
intensiv usulda (qafaslarda) 1 kg baliq etishtirish uchun talab etiladigan asbob-uskunalar qiymati, 1 m3 qafas maydonida etishtirilgan baliq miqdori, 1 m3 qafas maydonida baliq etishtirishning xarajatlar rentabelligi, 1 m3 qafas maydoniga to‘g‘ri keladigan mehnat sarfi, 1 m3 qafas maydoniga to‘g‘ri keladigan elektr-energiya sarfi kabi ko‘rsatkichlar tizimi asosida baliq etishtirishning iqtisodiy samaradorligini baholash tavsiya etilgan;
baliqchilikda resurstejamkor texnologiyalardan foydalanish asosida mahsulot ishlab chiqarish tannarxini pasaytirishni ko‘zda tutuvchi tarmoq uchun talab etiladigan moddiy va mehnat resurslar sarfi me’yorlari tavsiya qilingan;
baliqchilik xo‘jaliklarini ozuqa bilan ta’minlash maqsadida bank kreditlarining qisman va foiz stavkasini to‘liq qoplanishini kafolatlash, sizot suvlari sathining ko‘tarilishi oqibatida suvning minerallashuv darajasi ortishi bo‘yicha etkazilgan zararni sug‘urtalash asosida iqtisodiy rag‘batlantirish taklif qilingan;
tarmoq rivojiga ta’sir etuvchi omillarning o‘zaro bog‘liqligini aniqlagan holda Surxondaryo va Namangan viloyatlari misolida 2019-2023  yillarda baliq etishtirish hajmi bashorati ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
xususiy tadbirkorlik sub’ektlarida baliq etishtirishning iqtisodiy samaradorlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha taklifi O‘zbekiston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2019 yil 6 sentyabrdagi 02/23-1305-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amalga oshirilishi intensiv baliqchilikda baliq etishtirishning iqtisodiy samaradorligini baholash va tahlil qilish imkonini bergan;
 baliqchilik tarmog‘ida moddiy va mehnat resurslari sarflarining ilmiy asoslangan me’yorlari bo‘yicha tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2019 yil 6 sentyabrdagi 02/23-1305-son hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vazirligining 2019 yil 31 maydagi 01/568(a)-son ma’lumotnomalari). Ushbu tavsiyalarning amaliyotga joriy etilishi 1 kg baliq etishtirish uchun talab etiladigan ozuqa sarfining 10 foizga, mineral o‘g‘it sarfining 13 foizga, mehnat sarfining 7 foizga, energiya sarfining 24 foizga kamayishi va rentabellikning esa 11,6 foizga oshish imkonini yaratgan;
  baliqchilik xo‘jaliklarini ozuqa bilan ta’minlashning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlari bo‘yicha taklif O‘zbekiston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2019 yil 6 sentyabrdagi 02/23-1305-son hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vazirligining 2019 yil 31 maydagi 01/568(a)-son ma’lumotnomalari). Ushbu takliflar asosida baliqchilik xo‘jaliklarini ozuqa bilan ta’minlashni kredit va moliyalash, sug‘urtalash, kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish va o‘qitish tizimi, seleksiya va genetik fondni rivojlantirish orqali rag‘batlantirishni asoslagan; 
baliqchilik tarmog‘ini rivojlanishiga ta’sir etuvchi omillarning ta’sir darajalarini aniqlagan holda Surxondaryo va Namangan viloyatlarida baliq etishtirish hajmini oshirishga qaratilgan takliflar O‘zbekiston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2019 yil 6 sentyabrdagi 02/23-1305-son ma’lumotnomasi). Prognoz natijalariga ko‘ra, Surxondaryo viloyatida baliq etishtirish hajmi 2023 yilda 2018 yilga nisbatan 1,9 barobarga, Namangan viloyatida esa 1,8 barobarga ortishi asoslangan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish