Bakaybaeva Aynur Seylbekovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston  Respublikasida  byudjet hisobi  va moliyaviy nazoratni takomillashtirish yo‘llari», 08.00.08–Buxgalteriya hisobi, iqtisodiy tahlil va audit (iqtisodiyot fanlari).
Ilmiy rahbar: Isroilov Boxodir Ibragimovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent moliya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent moliya instituti, DSc.03/30.12.2019.I.17.01.
Rasmiy opponentlar: Karimov Ne’matulla Fatxullaevich, iqtisodiyot fanlari doktori; Urazov Komil Baxramovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor. 
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston buxgalterlar va auditorlar milliy assotsiatsiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: davlat byudjetining g‘azna ijrosi sharoitida byudjet hisobi va davlat moliyaviy nazoratini takomillashtirish bo‘yicha takliflar hamda amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
byudjet hisobini davlat sektorida buxgalteriya hisobi xalqaro standartlariga moslashtirilgan oltita raqamli Yagona schyotlar rejasi ishlab chiqilgan;
byudjet tasnifini o‘nta raqam bilan ifodalash asosida Davlat byudjeti g‘azna ijrosi byudjet hisobining Yagona schyotlar rejasi tuzilmasi takomillashtirilgan;
balansning aktiv va passiv qismida davlat mulk holati va majburiyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘liq aks ettirish asosida institusional birliklar iqtisodiyotiga resurslarni jalb qilish imkoniyatlari asoslangan;
tartibga solish sohalari, instrumentlari va organlarini belgilagan holda byudjet hisobini normativ jihatdan tartibga solish darajalari takomillashtirilgan;
nazorat ostidagi ob’ekt faoliyati natijalarini kompleks baholash va joylarda davlat mablag‘laridan maqsadli foydalanishni ta’minlashda idora doirasida ichki auditni tashkil etish asosida moliyaviy nazorat va ichki audit amaliyoti takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekiston  Respublikasida  byudjet hisobi  va moliyaviy nazoratni takomillashtirish yo‘llari  bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Byudjet hisobi standartidagi Yagona schyotlar rejasini joriy etish hamda hisob amaliyotiga “hisoblangan haqiqiy xarajatlar va hisoblangan xarajatlar (moliyaviy majburiyatlar)” tushunchalarini kiritish to‘g‘risidagi takliflar Moliya vazirligining 2018 yil 10 sentyabrdagi 125-son buyruq bilan tasdiqlangan va Adliya vazirligi tomonidan 2018 yil 20 oktyabrdagi 3078-son bilan ro‘yxatga olingan 2-son Byudjet hisobi standarti “Yagona schyotlar rejasi”ni ishlab chiqishda foydalanish uchun qabul qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2018 yil 26 noyabrdagi AK/22-02-220-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish byudjet hisobida hisob operatsiyalarini tuzilmalash hamda “hisoblangan haqiqatdagi xarajatlar va hisoblangan xarajatlar (moliyaviy majburiyatlar)”ni byudjet hisobining Yagona schyotlar rejasida aks ettirishni ta’minlagan;
byudjet hisobi schyotlarining Yagona rejasi tuzilmasini takomillashtirish hamda “hisoblangan daromadlar va hisoblangan xarajatlar” bo‘yicha hisob amaliyotiga taqdim etish to‘g‘risidagi takliflar Moliya vazirligining 2016 yil 17 martdagi 49-son buyruq bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti, Davlat maqsadli va boshqa jamg‘armalar byudjetlari, hamda byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg‘armalari g‘azna ijrosi byudjet hisobining Yagona hisobvaraqlar rejasini qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnoma”ni ishlab chiqishda foydalanish uchun qabul qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2018 yil 2 martdagi AK/03-04-08/625-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish hisob operatsiyalarning tizimlashtirish, “hisoblangan daromadlar va hisoblangan xarajatlar”ni hisobotlarda aks ettirishning birxilligi va huquqiy asosini ta’minlagan;
balansning aktiv va passiv qismida davlat mulk holati va majburiyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘liq aks ettirish asosida institusional birliklar iqtisodiyotiga resurslarni jalb qilish imkoniyatlari to‘g‘risidagi tavsiyalar Byudjet hisobi standartlari (BHS) loyihasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekistonda Birlashgan millatlar tashkiloti rivojlantirish dasturi “O‘zbekistonda byudjet tizimini isloh etish” loyihasining 2018 yil 30 martdagi BSR/13.03.18/20-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish hisobotni shakllantirishning milliy amaliyotini hisobga olgan holda DSMHXS va DMS talablariga muvofiq byudjet tashkilotlari moliyaviy hisobotining shakllari hamda davlatning mulkiy ahvoli va majburiyatlari to‘g‘risida ma’lumotni taqdim etish, davlat moliyasi islohotini amalga oshirishning zamonaviy bosqichida institusional birlikning iqtisodiyotiga resurslarni jalb qilishga xizmat qilgan;
sohalar, instrumentlar va organlar bo‘yicha byudjet hisobini normativ jihatdan tartibga solish darajalarini tizimlashtirish to‘g‘risidagi tavsiyalar Byudjet hisobi standartlari (BHS) loyihasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekistonda Birlashgan millatlar tashkiloti rivojlantirish dasturi “O‘zbekistonda byudjet tizimini isloh etish” loyihasining 2018 yil 30 martdagi BSR/13.03.18/20-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifni amaliyotda qo‘llash normativ-huquqiy hujjatlarda byudjet hisobini tartibga solish darajalarini tizimlashtirishning huquqiy, metodologik va tashkiliy asoslarni shakllantirishga xizmat qilgan;
nazorat ostidagi ob’ekt faoliyati natijalarini kompleks baholash va joylarda davlat mablag‘laridan maqsadli foydalanishni ta’minlashda idora doirasida ichki audit tashkil etish asosida moliyaviy nazorat va ichki audit amaliyotini takomillashtirish to‘g‘risidagi takliflar davlat moliyaviy nazorat va ichki audit Konsepsiya loyihasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekistonda Birlashgan millatlar tashkiloti rivojlantirish dasturi “O‘zbekistonda byudjet tizimini isloh etish” loyihasining 2018 yil 30 martdagi BSR/13.03.18/20-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifdan foydalanish byudjet tashkilotlari va muassasalari faoliyatini kompleks baholash va davlat mablag‘laridan maqsadsiz foydalanishning oldini olishni ta’minlash uchun xizmat qilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish