Kenjaev Yunus Chintoshevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Siderat ekinlarini etishtirish, ularning tuproq unumdorligi va g‘o‘za hosildorligiga ta’siri (Samarqand viloyati misolida)”, 06.01.01 – Umumiy dehqonchilik. Paxtachilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.DSc/Qx122.
Ilmiy rahbar: Oripov Razzoq, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.05/30.12.2019.Qx.42.01.
Rasmiy opponentlar: O‘razmatov Nazirjon, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Ibragimov Odiljon Olimjonovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Namozov Fazliddin Baxromovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Samarqand viloyatining o‘tloqi-bo‘z tuproqlari sharoitida siderat ekinlarni yozgi va kuzgi ekish muddatlari hamda tup soni qalinligini aniqlash, ularning tuproq unumdorligi va g‘o‘za hosildorligiga ta’sirini ilmiy asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor er va quyosh energiyasidan samarali foydalanish maqsadida yozgi va kuzgi muddatlarda siderat ekinlar parvarishlanib, yuqori va sifatli hosil etishtirish hamda EFK va Kfar oshishi ilmiy jihatdan asoslangan;
siderat ekinlarni yoz va kuzda ekishning maqbul muddatlari hamda me’yorlari ishlab chiqilgan;
yozgi va kuzgi sideratlar ekishning turli muddatlari va tup son qalinligiga bog‘liq holda o‘sishi, rivojlanishi va hosildorligi aniqlangan;
yozgi va kuzgi qulay muddat, me’yorlarda ekilib parvarishlangan sideratlar ta’sirida tuproq unumdorligining barqaror saqlanishi hamda nisbatan ortib borishi isbotlangan;
o‘tloqi-bo‘z tuproq sharoitida kuzgi sideratsiyaga nisbatan yozgi sideratsiyaning ustunligi, tuproqning xossa-xususiyatlariga ta’siri yuqoriligi ilmiy asoslangan;
g‘o‘zaning o‘sishi, rivojlanishi, hosildorligiga yozgi va kuzgi sideratsiyaning ta’siri o‘zaro qiyosiy tahlil qilingan hamda siderat sifatida raps va arpaning ta’siri boshqa ekinlarga nisbatan yuqoriligi aniqlangan;
g‘o‘zadan yuqori va sifatli hosil olishda yozgi va kuzgi muddatlarda sideratlarni qo‘llashning iqtisodiy samaradorligi yuqori bo‘lishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Siderat ekinlari etishtirish, ularning tuproq unumdorligi va g‘o‘za hosildorligiga ta’sirini aniqlash bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
“Qisqa navbatli g‘o‘za-g‘alla almashlab ekishda sideratsiyadan foydalanishga oid tavsiyalar” ishlab chiqilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 30 oktyabrdagi 02/041-3353-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanoma qishloq xo‘jaligi sohasida, jumladan fermer xo‘jaliklarida va ilmiy muassasalarda qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
gorox, no‘xat, raps va arpadan siderat sifatida foydalanishda ularni qisqa navbatli g‘o‘za-g‘alla almashlab ekishda yozda (10 iyul`) g‘alladan bo‘shagan maydonlarda etishtirish agrotexnologiyasi Samarqand viloyati o‘tloqi-bo‘z tuproq sharoitida 11 gektar maydonda joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 30 oktyabrdagi 02/041-3353-son ma’lumotnomasi). Natijada, yozda (10 iyul`) ekilgan rapsdan 45,58 t/ga, no‘xatdan 14,35 t/ga, goroxdan 13,47 t/ga, arpadan 36,42 t/ga yashil biomassa etishtirilgan. Ularning gullash-meva tugish fazasida hosil bo‘lgan yashil biomassani siderat sifatida kuzda haydab yuborish orqali tuproqning xususiyatlari yaxshilangan;
gorox, no‘xat, raps va arpadan siderat sifatida foydalanishda ularni qisqa navbatli almashlab ekishda kuzda (10 oktyabr`) g‘o‘zadan bo‘shagan maydonlarda etishtirish agrotexnologiyasi Samarqand viloyati o‘tloqi-bo‘z tuproq sharoitida 10,7 gektar maydonda joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 30 oktyabrdagi 02/041-3353-son ma’lumotnomasi). Natijada, kuzda (10 oktyabr`) ekilgan rapsdan 18,41 t/ga, no‘xatdan 6,32 t/ga, goroxdan 6,17 t/ga, arpadan 13,72 t/ga yashil biomassa etishtirilgan. Natijada, ularning gullash-meva tugish fazasida hosil bo‘lgan yashil biomassani siderat sifatida bahorda haydab yuborish orqali tuproqning xususiyatlari yaxshilangan;
Samarqand viloyati sharoitida qisqa navbatli g‘o‘za-g‘alla navbatlab ekishda yozda g‘alladan bo‘shagan maydonlarda (10 iyul`) siderat ekinlaridan gorox va no‘xatni gektariga 900 ming, rapsni 2,5 mln. va arpani 3,5 mln.dona hisobidan ekish va parvarishlash texnologiyasi 21,5 gektar maydonda, kuzda g‘o‘zadan bo‘shagan maydonlarda (10 oktyabr`) esa shu tup qalinliklari 13,6 gektar, jami 35,1 gektar maydonda sinalgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 30 oktyabrdagi 02/041-3353-son ma’lumotnomasi). Natijada, siderat ekinlari etishtirish orqali tuproqning 15-40 t/ga miqdordagi organik o‘g‘it (ko‘kat o‘g‘it) bilan boyishi, tuproq unumdorligi, donadorligi oshishi kuzatilib, tuproqning hajm massasi 0-20 va 20-40 sm qatlamlarda mos ravishda o‘rtacha 0,07 va 0,06 g/sm3; 0,10 va 0,09 g/sm3 ga kamayishi ta’minlangan;
qisqa navbatli g‘o‘za-g‘alla almashlab ekishda yozda (10 iyul`) g‘alladan bo‘shagan 15,4 gektar va kuzda (10 oktyabr`) g‘o‘zadan bo‘shagan 9,3 gektar maydonlarda siderat ekinlari ekish va etishtirish agrotexnologiyasi, jami 24,7 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 30 oktyabrdagi 02/041-3353-son ma’lumotnomasi). Natijada, g‘o‘zaning o‘sishi, maqbul rivojlanishi, ildiz tizimining yaxshi shakllanishi, hosil to‘plashi yaxshilanib, g‘o‘zadan nazorat-sideratsiz variantga (31,6-34,5 s/ga) nisbatan yozda 5,3-7,1 s/ga, kuzda 3,4-4,6 s/ga qo‘shimcha hosil olishga erishilgan.