Asqarov Xasanboy Xoldorovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Detonatsion ishlov berishning sho‘rlangan, gipslashgan o‘tloqi saz tuproqlar sho‘rining yuvilishiga va g‘o‘za hosildorligiga ta’siri», 06.01.03 – Agrotuproqshunoslik va agrofizika (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3. PhD/Qx158.
Ilmiy rahbar: Yuldashev G‘ulom, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.25/30.12.2019.Qx/B.43.01.
Rasmiy opponentlar: Urazbaev Ismatulla Ummatovich, biologiya fanlari doktori, dotsent; Axmedov Almon Usmanovich, qishloq xo‘jalik fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti Andijon filiali.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Markaziy Farg‘onada shakllangan sug‘oriladigan arzik-shoxli, gips qatlamli tuproqlarning xossa-xususiyatlari, agromeliorativ holati va unumdorligini gazodinamik yumshatgich yordamida ishlov berish ta’sirida o‘zgarishini aniqlash hamda paxta etishtirish samaradorligini oshirishga qaratilgan ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sug‘oriladigan, sho‘rlangan arzik-shox qatlamli tuproqlarning sho‘rini yuvishdan oldin «Tuproq gazodinamik yumshatgichi» (TGDYu) yordamida ishlov berish mexanizmi va tuproq sho‘rini yuvish me’yorlari ishlab chiqilgan;
Markaziy Farg‘ona sug‘oriladigan o‘rtacha sho‘rlangan, arzik-shox qatlamli o‘tloqi saz tuproqlarining umumfizik, suv-fizik, fizik-kimyoviy va agrokimyoviy xossalarining tuproq gazodinamik yumshatgichi bilan ishlov berish ta’sirida o‘zgarishi isbotlangan;
sug‘oriladigan arzik-shoxli o‘tloqi saz tuproqlar uchun tuproq gazodinamik yumshatgichini qo‘llash muddati, me’yorlari va agrotexnologiyalari ishlab chiqilgan;
gidrokarbonatlarning migratsiya koeffisientini kuchsiz (20-100 gacha), o‘rtacha (100-120 gacha), kuchli (120-130 gacha) etib baholash kattaliklari ishlab chiqilgan;
TGDYu ta’sirida sho‘r yuvish ishlaridan so‘ng sho‘rtoblanish kuzatilmaganligi, harakatchan fosfor miqdori ortganligi hisobiga g‘o‘zaning o‘sishi, rivojlanishi va hosildorligiga ijobiy ta’siri aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Markaziy Farg‘ona tuproq xossalari va g‘o‘za hosildorligiga detonatsiyali ishlov berish va sho‘r yuvish ta’siri bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Paxtachilikda detonatsion to‘lqinlardan arzik-shoxli tuproqlarni unumdorligini oshirishda foydalanish bo‘yicha tavsiyanoma» ishlab chiqilgan hamda Markaziy Farg‘ona hududida qishloq xo‘jalik amaliyotiga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 7 sentyabrdagi 02/020-2174-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu tavsiyanoma Farg‘ona viloyati sug‘oriladigan sho‘rlangan arzik-shoxli tuproqlar sharoitlarida tuproq sho‘rini yuvish uchun o‘tkaziladigan agromeliorativ tadbirlarni amalga oshirishda qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;
sug‘oriladigan o‘rtacha va kuchli sho‘rlangan, arzik-shox qatlamli tuproqlarni eng samarali variant hisoblangan 0,25 gektar maydon uchun 3 qatorli, eni 20 sm, chuqurligi 150 sm gacha detonatsiyali to‘lqin berish usuli bilan yumshatish orqali maqbul sho‘r yuvish tadbiri Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani «Gulchaman kelajak fayzi» fermer xo‘jaligining 10,0 gektar er maydonida amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 7 sentyabrdagi 02/020-2174-son ma’lumotnomasi). Natijada, tuproq tarkibidagi suvda oson eruvchi tuzlar miqdori dastlabki holatiga nisbatan sho‘ri 74% kamayishiga erishilgan;
detonatsion to‘lqin yumshatgichi yordamida erga ishlov berish texnologiyasi «Gulchaman kelajak fayzi» fermer xo‘jaligining 22,0 gektar er maydonida amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 7 sentyabrdagi 02/020-2174-son ma’lumotnomasi). Natijada, tuproq fizik (suv va havo o‘tkazuvchanligi) xossalari yaxshilanishi va sho‘rsizlanishi hisobiga g‘o‘zadan gektariga 2,6 s/ga qo‘shimcha hosil olishga erishilgan.