Ruziboev Sanjar Abdusalomovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Portosistem shuntlash operatsiyasidan keyingi uzoq muddatda jigar sirrozi bilan bemorlarda reabilitatsiya dasturi va asoratlar profilaktikasining zamonaviy tamoyillari», 14.00.27–Xirurgiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.DSc/Tib349.
Ilmiy maslahatchi: Devyatov Andrey Vasil`evich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.27.06.2017.Tib.49.01.
Rasmiy opponentlar: Ismoilzoda Saymaxmud, tibbiyot fanlari doktori, professor; Akilov Xabibulla Ataullaevich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Xakimov Murod Shavkatovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: A.V. Vishnevskiy nomidagi Milliy xirurgiya tibbiy-tekshirish markazi» Federal davlat byudjet muassasasi (Rossiya Federatsiyasi).
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: jigar sirrozida reabilitatsion dasturni ishlab chiqish va shuntdan keyingi maxsus va boshqa asoratlarni davolashni optimallashtirish yo‘li bilan portosistem shuntlash natijalarini yaxshilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
jigar sirrozi va portal gipertenziya bilan bemorlarda portosistem shuntlashning selektiv va markaziy variantlaridan keyingi uzoq davrda maxsus asoratlarning strukturasi, uning o‘ziga xos rivojlanishi va o‘lim ko‘rsatkichlari aniqlangan;
portosistem shuntlashdan keyin etiologik omillarga (HBV, HBV+HDV, HCV, alkogolli va idiopatik) bog‘liq holda jigardagi patologik jarayon kechishining xususiyatlari hamda jigar etishmovchiligi va gemorragik sindrom rivojlanish xavfi omillari aniqlashtirilgan;
bemorlarda portosistem shuntlash uchun sharoitning yo‘qligi yoki anastomoz trombozida, qizilo‘ngach va oshqozonning varikoz kengaygan venalaridan qon ketish rivojlanishini davolash va profilaktikasi uchun gastroezofageal venoz kollektorini ajratish usuli ishlab chiqilgan;
portosistem shuntlashning selektiv va markaziy variantlaridan keyin jigar sirrozi bilan bemorlarning hayot sifatiga ta’sir qiluvchi ustuvor omillar, shuningdek gemorragik sindromning xirurgik profilaktikasida ularning ahamiyati aniqlangan;
portosistem shuntlashdan oldin va keyingi davrda jigar sirrozi bilan bemorlarda jigar ensefalopatiyasi chastotasi va og‘irlik darajasini tasdiqlash uchun «HEPAtonormTM-Analyzer» apparati yordamida miltillashning kritik chastotasini baholashning diagnostik samaradorligi aniqlangan;
portosistem shuntlashdan keyingi uzoq davrda qizilo‘ngach va oshqozonning varikoz kengaygan venalaridan qon ketish va jigar etishmovchiligining o‘ziga xosligi va sabab-oqibat munosabatining rivojlanishi aniqlangan va buning asosida patogenetik asoslangan reabilitatsion dastur ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Jigar sirrozi bilan bemorlarga ko‘rsatiladigan yuqori texnologik xirurgik yordam sifatini yaxshilashga bag‘ishlangan tadqiqot natijalari asosida:
«Qizilo‘ngach va oshqozon varikoz kengaygan venalari bilan bemorlarda gastroezofageal venoz kollektorni ajratish usuli»ga Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (№ IAP 05390, 28.04.2017 y.). Taklif qilingan usul portosistem shuntlashga sharoit bo‘lmagan taqdirda yoki anastomoz trombozi rivojlangan bemorlarda xirurgik texnologiyalar spektrini kengaytirish imkonini bergan;
«Portosistemli shuntlashdan keyingi uzoq davrda jigar sirrozi bilan bemorlarda davolash-diagnostik taktika va reabilitatsiya algoritmi» uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 8 noyabrdagi 8n-z/183-son ma’lumotnomasi). Jigar sirrozi bilan bemorlar reabilitatsiyasi maqsadida ishlab chiqilgan algoritmlar portosistem shuntlashdan keyingi bemorlarda sabab-oqibat munosabatini hisobga olgan holda fatal asorat bo‘lmish qizilo‘ngachdan qon ketish va gepatotsellyulyar etishmovchilik kabi asoratlarda davolash-diagnostik taktikani optimallashtirish imkonini bergan;
portosistem shuntlashdan keyin jigar sirrozi bilan bemorlarga ko‘satiladigan xirurgik yordam sifatini yaxshilash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliy faoliyatiga, jumladan, Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Samarqand va Qashqadaryo viloyat filiallari amaliyotiga (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 8 noyabrdagi 8n-z/183-son ma’lumotnomasi) tatbiq etilgan. Jigar sirrozi bilan bemorlarni davolashda taklif etilgan kompleks yondashuvni qo‘llash portosistem shuntlashdan keyingi uzoq natijalarni yaxshilashga va hayot sifatini sog‘lom kishilarga nisbatan jismoniy holat shkalasi bo‘yicha 57,4±5,3% dan 76,9±4,9% gacha va psixologik holat shkalasi bo‘yicha 49,2±5,1% dan 67,3±4,7% gacha oshirishga, shuningdek HBV-sirroz bilan 56,3% bemorlarda, HCV-etiologiyalida esa 85,7% gacha virusga qarshi etiotrop davoning samaradorligini oshirishga erishilgan va bular evaziga patologik jarayon kechishining stabillashuvi ko‘rsatkichlarini 20,5% dan 60,6% gacha yaxshilashga erishilgan.