Ibragimova Malika Xudayberganovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi ximoyasi xaqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Gepatobiliar tizimi patologiyasida og‘iz bo‘shlig‘i shilliq parda va parodont kasalliklarini tashxislash va davolash taktikasi», 14.00.21–Stomatologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.DSc/Tib343.
Ilmiy maslahatchi: Kamilov Xaydar Pozilovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat stomatologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat stomatologiya instituti, DSc.28.12.2017.Tib.59.01.
Rasmiy opponentlar: Lukina Galina Ilxamovna, tibbiyot fanlari doktori, professor (Rossiya Federatsiyasi); Xamraev Abror Asrorovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Xabilov Nigman Lukmanovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Volgograd davlat tibbiyot universiteti (Rossiya Federatsiyasi).
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: gepatobiliar tizim patologiyasi bilan xastalangan bemorlarda parodont va og‘iz bo‘shlig‘i shilliq parda kasalliklarini tashxislash va patogenetik davolash taktikasini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
gepatobiliar tizim patologiyalarida og‘iz bo‘shlig‘i shilliq pardasi va milk yallig‘lanishining klinik kechishi og‘irlik darajalari ichak mikroflorasining buzilishi, so‘lak va qon zardobida katalaza fermentining pasayishi antioksidant himoya omillari faolligi o‘rtasidagi korrelyasion bog‘liqlik tahlil qilingan;
gepatobiliar tizim patologiyali bemorlarda kechuvchi surunkali toshli xolesistit kasalligida o‘t qopi suyuqligi xazm tizimiga me’yordan kam miqdorda tushishi, endotelial disfunksiya oshishi hisobiga milk mikrotsirkulyasiyasi buzilishiga va surunkali yallig‘lanish jarayonining rivojlanishiga olib keluvchi patogenetik ta’sir mexanizmi isbotlangan;
surunkali toshli xolesistit fonida surunkali tarqoq kataral gingivitli bemorlarning qon zardobida o‘rta molekulyar peptidlarning ko‘payishi, ferment tizimi faolligi va MDA-oksidativ stress markeri oshishi, kislorodning faol shakllarini hosil bo‘lishida endogen intoksikatsiyaning yuqori darajasi asoslangan;
og‘iz bo‘shlig‘i mikroflorasining buzilishi va mahalliy himoya omillari, sitokin kaskadi, og‘iz bo‘shlig‘i shilliq parda epiteliyni morfologik shikastlanishlari gepatobiliar tizim patologiyasida surunkali qaytalanuvchi aftoz stomatit kasalligining patogenetik xususiyatlari tahlil qilingan;
gepatobiliar tizim patologiyali bemorlarda endogen zaharlanish, gemodinamika o‘zgarishlari, peroksidatsiya jarayonlari va og‘iz bo‘shlig‘ida rivojlangan disbioz ko‘rsatqichlarini me’yorlashtirish yo‘li bilan taklif etilayotgan samarali patogenetik davolash taktikasi takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Gepatobiliar tizimi patologiyasi og‘iz bo‘shlig‘i shilliq parda va parodont kasalliklarni tashxislash va davolash taktikasini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Surunkali qaytalanuvchi aftoz stomatitni tashxislash va davolashga yangicha yondashuvlar» uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 20 maydagi 8n-r/196-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma surunkali qaytalanuvchi aftoz stomatitni tashxislash va davolashga yangicha yondashuvlar ishlab chiqish orqali kasallikni tizimli davolash taktikasining mexanizmini yaratish samaradorligini oshirish imkonini bergan;
«Gepatobiliar tizim patologiyasi bo‘lgan bemorlarda parodont kasalliklarini tashxislash va davolash taktikasi» uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 20 maydagi 8n-r/197-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma gepatobiliar tizim patologiyasi bilan xastalangan bemorlarda parodont kasalliklarini erta tashxislash va klinik kechishining o‘ziga xos davolash taktikasini ishlab chiqish va samaradorligini oshirish imkonini bergan;
«Gepatobiliar tizim kasalliklari bilan assotsirlangan bemorlarda mikrotsirkulyasiyaning buzilishi va parodontal status» uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 20 maydagi 8n-r/198-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma gepatobiliar tizim kasalliklari bilan assotsirlangan bemorlarda mikrotsirkulyasiyaning buzilishi va parodontal status tashxislash tizimini takomillashtirish imkonini bergan;
gepatobiliar tizimi patologiyasi og‘iz bo‘shlig‘i shilliq parda va parodont kasalliklarini tashxislash va davolash taktikasini takomillashtirish natijalari sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirligi stomatologik poliklinikasi, Samarqand viloyat stomatologik poliklinikasi hamda Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani ko‘p tarmoqli tibbiyot birlashmasi, Toshkent shahridagi 1 va 4-son stomatologik poliklinikalari klinik amaliyotiga joriy qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 31 maydagi 8n-d/127-son ma’lumotnomasi). Olingan ilmiy natijalarning amaliyotga joriy qilinishi gepatobliar tizim patologiyalarida og‘iz bo‘shlig‘i shilliq pardasi va parodont kasalliklarini tashxislash va kompleks davolash muddatini qisqartirish va samaradorligini oshirish imkonini bergan.