Mavlyanov Dilmurod Raxmatullaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «G‘o‘za hosildorligiga kuzgi bug‘doy ang‘izini haydash muddatlari va usullarining ta’siri», 06.01.01–Umumiy dehqonchilik. Paxtachilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.PhD/Qx83.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Qx.42.01.
Rasmiy opponentlar: Boltaev Saydulla Maxsudovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Xoshimov Ibroxim Nabievich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Toshkent viloyatining sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida kuzgi bug‘doydan bo‘shagan maydonlarda tuproqqa asosiy ishlov berishning maqbul muddat va usullarini ishlab chiqish va uning g‘o‘za hosildorligiga ta’sirini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Toshkent viloyatining sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida 1:1 qisqa navbatli almashlab ekish tizimida, kuzgi bug‘doydan bo‘shagan maydonlarga har xil usul va muddatlarda ishlov berilib, takroriy ekin sifatida dukkakli don ekinini (mosh) etishtirishning tuproq unumdorligiga ta’siri aniqlangan;
kuzgi bug‘doydan so‘ng har xil usulda va muddatda tuproqqa asosiy ishlov berish texnologiyasini, o‘tmishdosh  ekinlarning ang‘iz, ildiz qoldiqlari chirishi va mikrobiologik xossalariga ta’siri aniqlangan;
turli usul va muddatlarda tuproqqa asosiy ishlov berishning erta bahorda chigit ekish oldidan begona o‘tlarga ta’siri aniqlangan;
turli usulda va muddatlarda tuproqqa asosiy ishlov berishga bog‘liq holda takroriy ekin va g‘o‘zaning o‘sishi, rivojlanishi hamda hosildorligiga, paxta tolasining texnologik sifat ko‘rsatkichlariga ta’siri aniqlangan;
har xil usul va muddatlarda tuproqqa kuzgi bug‘doydan bo‘shagan maydonlarda asosiy ishlov berishning iqtisodiy samaradorligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
G‘o‘za hosildorligiga kuzgi bug‘doydan bo‘shagan maydonlarni haydash muddatlari va usullarining ta’siri bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
Toshkent viloyatining qadimdan sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida kuzgi bug‘doy ang‘izini haydash muddatlari va usullarining g‘o‘za hosildorligiga ta’siri bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida fermer xo‘jaliklari uchun “G‘o‘zadan yuqori hosil etishtirishda kuzgi bug‘doydan bo‘shagan maydonlarni haydash agrotexnologiyasini takomillashtirish”  mavzusida tavsiyanoma tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 4 oktyabrdagi 02/020-2801-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanoma Toshkent viloyatining qishloq xo‘jaligi boshqarmalari hamda fermer xo‘jaliklarida qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;
tipik bo‘z tuproqlari sharoitida ishlab chiqilgan kuzgi bug‘doy ang‘izini haydash muddatlari va usullarini g‘o‘zaning o‘sishi, rivojlanishi va hosildorligiga ta’siri agrotexnologiyasi Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida 150 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 4 oktyabrdagi 02/020-2801-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida kuzgi bug‘doydan bo‘shagan maydonlarni yozda sug‘orib, 28–30 sm chuqurlikda haydab, takroriy ekin sifatida mosh parvarishlanganda  yozda sug‘ormay yoki sug‘orib haydov o‘tkazilganga nisbatan tuproqning agrokimyoviy va agrofizik xususiyatlari yaxshilangan va takroriy ekin sifatida parvarishlangan moshdan 17–21 s/ga don hosili olishga erishilgan;
kuzgi bug‘doydan keyin takroriy ekin mosh ekib, organik massa bilan boyitilgan tuproqlarda g‘o‘za parvarishlash agrotexnologiyasi Bo‘ka tumanida 111 gektar hamda Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari instituti Markaziy tajriba xo‘jaligida 11 gektar, jami Toshkent viloyati bo‘yicha 272 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 4 oktyabrdagi 02/020-2801-son ma’lumotnomasi). Natijada takroriy ekin sifatida etishtirilgan moshdan keyin g‘o‘zaning “Navro‘z” navi parvarishlanganda o‘rtacha 32–35 s/ga paxta hosili olinib, rentabellik darajasi 25–30 foizga teng bo‘lgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish