Kurbonov Abrorjon Yorkinovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «G‘o‘zani G.hirsutum L. turini zararlovchi Fusarium va Verticillium avlodi patogenlariga chidamli bo‘lgan seleksion ashyolarni yaratish», 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.DSc/Qx97.
Ilmiy maslahatchi: Avtonomov Viktor Aleksandrovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.27.06.2017.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Ergashev Ibragim Tashkentovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Rizaeva Safiya Mamedovna, biologiya fanlari doktori, professor; Raxmankulov Murod Said-Akbarovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: M.Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: boshlang‘ich ashyoni tanlash va o‘rganish, uni duragaylashga jalb etish, uning asosida an’anaviy seleksiyada biokimyo va fitopatologiyaning zamonaviy uslublaridan foydalangan holda asosiy morfoxo‘jalik belgilarining yuqori ko‘rsatkichlari majmuiga ega hamda V.dahliae Klebhan va Fusarium avlodi zamburug‘lariga chidamli bo‘lgan g‘o‘zaning G.hirsutum turiga mansub duragay va seleksion ashyolarini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Buxoro viloyati sharoitida turli ildiz chirishini keltirib chiqaradigan Fusarium avlodi patogenlari turlari izolyatlari aniqlangan;  
boshlang‘ich ashyo hamda G.hirsutum turiga mansub tizmalar va navlar ishtirokida yaratilgan duragay ashyolarni V.dahliae (tabiiy) va Fusarium avlodi patogeni bilan sun’iy zararlantirilgan muhitlarda baholash o‘tkazilgan;
chigit unuvchanligiga zamburug‘ izolyatlarining ta’siri hamda g‘o‘zaning tizmalararo duragaylarida Fusarium avlodi izolyatlarining patogenlik darajasi aniqlangan;
g‘o‘zada yuqori sellyuloza miqdoriga va fermentlarning past sellyuloza faolligiga ega bo‘lgan, tola sifati bo‘yicha istiqbolli boshlang‘ich va seleksion ashyolar tanlovi o‘tkazilgan;
murakkab tizmalararo va navlararo duragaylash asosida yaratilgan duragaylarda belgilarning o‘zgaruvchanligi, irsiylanishi va nasldan-naslga berilishining ayrim genetik qonuniyatlari aniqlangan;
ayrim F1 duragaylarida asosiy belgilarning ustunlik va o‘ta ustunlik holatida irsiylanganligi qayd etilgan;
tadqiqotlarda mahalliy seleksiyaga mansub tizmalar, murakkab tizmalararo duragaylar va navlardan foydalanish orqali tezpisharlik, yuqori paxta xom ashyosi va tola sifati kabi belgilarning shakllanishiga imkon yaratishi aniqlangan;
seleksiya jarayoniga mahalliy seleksiyaga mansub tizmalar, tizmalararo F4 duragaylari va navlarni jalb etish, tezpisharlik, bitta o‘simlikdagi paxta xom ashyosi mahsuldorligi, tola sifati va miqdori hamda V.dahliae va Fusarium avlodi zamburug‘lariga chidamliligi yuqori bo‘lgan seleksion ashyolarni yaratish imkoniyatini berishi aniqlangan;
istiqbolli seleksion ashyolarni yaratishda murakkab tizmalararo va navlararo duragaylashning samaradorligi yuqori ekanligi isbotlangan;
juft navlararo duragaylash asosida istiqbolli L-1077 va L-212 tizmalari, murakkab tizmalararo va navlararo duragaylash asosida esa yangi S-6570 va S-6577 g‘o‘za navlari yaratilgan.  
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
G.hirsutum L. turiga mansub g‘o‘za navlar seleksiyasida murakkab tizmalararo va navlararo duragaylashning samaradorligi bo‘yicha olingan natijalar asosida:
murakkab tizmalararo duragaylash uslubi asosida yaratilgan yangi C-6570 g‘o‘za naviga (№NAP 00156) va navlararo duragaylash uslubi asosida yaratilgan yangi C-6577 g‘o‘za naviga (№NAP 00239) seleksiya yutug‘iga patent olingan;
yangi yaratilgan «S-6570» g‘o‘za navi Farg‘ona viloyati Quva tumanida 27,4 ga maydonga joriy etilgan. (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 19 iyuldagi 02/020-1280-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur g‘o‘za navidan andoza navga nisbatan gektaridan 4-5 sentner qo‘shimcha paxta hosili olingan va rentabellik darajasi 71,4 foizni tashkil etgan;
«S-6577» g‘o‘za navi Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida joylashgan yangi g‘o‘za navlarini dastlabki ko‘paytirish elita urug‘chilik xo‘jaliklarida 27,6 ga maydonda ko‘paytirilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 19 iyuldagi 02/020-1280-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur g‘o‘za navidan andoza navga nisbatan gektaridan 5,2–5,8 sentner qo‘shimcha paxta hosili olingan va rentabellik darajasi 77,4 foizni tashkil etgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish