Yusupov Nuriddin Xasanovichning
falsafa doktori dissertatsiyasi (PhD) himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Sug‘oriladigan maydonlar uchun yumshoq bug‘doyning boshlang‘ich manbalari va yangi navini yaratish», 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Qx28.
Ilmiy rahbar: Amanov Amir, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti G‘allaorol ilmiy-tajriba stansiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.27.06.2017.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Ergashev Ibragim Tashkentovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Baboev Saidmurod Kimsanboevich, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: kuzgi yumshoq bug‘doyning tashqi muhitning noqulay omillariga (issiqqa, qurg‘oqchilikka, tuproq sho‘rlanishiga, kasalliklarga) chidamli hamda qimmatli xo‘jalik belgilari bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan birlamchi manbalari hamda yangi navini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor yumshoq bug‘doyning geografik kelib chiqishi turlicha bo‘lgan nav namunalaridan ertapisharlik, sho‘rga, issiqlikka va qurg‘oqchilikka chidamli namunalar tanlab olingan va ularning qimmatli xo‘jalik belgi va xususiyatlari bo‘yicha baholangan;
yumshoq bug‘doyda hosildorlikning 1000 dona don vazni hamda yotib qolishga chidamlilik o‘rtasida kuchli korrelyativ (r=0,75-0,80), o‘simlik bo‘yi bilan salbiy, boshoq uzunligi va bir boshoqdagi don soni bilan ijobiy korrelyativ (r=0,24-0,85) bog‘lanish mavjudligi aniqlangan;
mahalliy va xorijiy navlar bilan olingan duragaylarda boshoq uzunligi va bir boshoqdagi don soni, 1000 dona don vazni belgilari bo‘yicha o‘ng tomonlama transgressiyaning mavjud bo‘lishi yuqori ko‘rsatkichga ega o‘simliklarning yuqori avlodlarda ajralib chiqishi ortishiga olib kelishi aniqlangan;
hosildorlikni ta’minlovchi miqdoriy belgilar bo‘yicha tanlash natijasida kompleks qimmatli xo‘jalik belgilariga ega yumshoq bug‘doy nav namunalarining birlamchi manbalari va yangi Sanzar-40 navi yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Yumshoq bug‘doy seleksiyasi va urug‘chiligida bug‘doyning boshlang‘ich manbalarini va yangi navini yaratish bo‘yicha olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasi asosida:
sug‘oriladigan erlar uchun yumshoq bug‘doyning yangi Sanzar-40 navi Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida kuzgi muddatlarda ekish uchun joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 3 maydagi 02/021-10-son ma’lumotnomasi). Natijada bu navdan tashqi muhitning noqulay omillariga chidamliligi, yuqori mahsuldorlikka egaligi va andoza Hosildor naviga nisbatan (6,2–18,3 s/ga) yuqori hosil olish imkonini bergan;
yumshoq bug‘doyning Sanzar-40 navi stansiya tajriba xo‘jaligi hamda Jizzax viloyati Paxtakor tumanidagi fermer xo‘jaliklarida jami 32 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 3 maydagi 02/021-10-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur navdan andoza navga nisbatan 5,6–9,5 s/ga qo‘shimcha don hosil olingan, rentabellik darajasi 29–31 foizni tashkil etib, har bir gektar maydondan 364,0–617,5 ming so‘m sof foyda olishga erishilgan;
yumshoq bug‘doyning Istiqlol-20 naviga (№NAP 00166), Semurug‘ naviga (№NAP 00163) va qattiq bug‘doyning Istiqbolli naviga (№NAP00177) O‘zbekiston Respublikasi intellektual mulk agentligi tomonidan seleksiya yutug‘iga patentlar olingan. Natijada bu navlar suv tanqisligiga va sariq zang kasalligiga chidamliligi asosida yuqori rentabellik imkonini bergan.