Durshimbetov Ispandiyar Kerimbergenovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qoraqalpog‘iston sharoitida poliz ekinlarining (qovun, tarvuz) kasalliklari va ularga qarshi kurash choralari”, 06.01.09–O‘simliklarni himoya qilish (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.4.PhD/Qx237.
Ilmiy rahbar: Xolmuradov Erkin Avazovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.27.06.2017.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Xo‘jaev Shamil Tursunovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor, dotsent; Xo‘jaev Otabek Temirovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Qoraqalpog‘iston Respublikasi sharoitidagi fermer xo‘jaliklarida ekilgan qovun va tarvuz ekinlarida zamburug‘ turlari qo‘zg‘atadigan kasalliklarning tarqalishini aniqlash hamda ular keltirgan zararini hisoblash, zamburug‘ turlarining tarqalish qonuniyatlarini va bioekologik xususiyatlarini o‘rganish asosida samarali kurash choralarini ishlab chiqish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Qoraqalpog‘iston Respublikasida ekilgan poliz ekinlari (qovun, tarvuz) kasalliklarining tarqalishi va zarari o‘rganilgan hamda kasallik qo‘zg‘atuvchi zamburug‘larning tur tarkibi aniqlangan;
qovun va tarvuz navlarida 3 ta sinf, 6 ta tartib, 8 ta oila, 15 ta turkum, 26 ta tur va 7 ta formaga mansub kasallik qo‘zg‘atuvchi zamburug‘lar aniqlangan;
zamburug‘larning 22 ta tur, 7 ta formasi qovunda, 19 ta tur, 2 forma esa tarvuzda uchrashi aniqlangan;
qovun va tarvuz urug‘laridan 38 ta zamburug‘ turlari ajratilgan, rizosferasidan esa – 13 ta zamburug‘ turlari aniqlanib, ulardan 12 tasi qovunga, 10 tasi tarvuzga mansubligi aniqlangan;
qovun va tarvuz o‘simliklarida uchraydigan kasalliklardan: fuzarioz so‘lish, fuzarioz ildiz chirish, al`ternarioz, dog‘lanish va un-shudring kasalliklarining dominant ekanligi aniqlangan;
qovun va tarvuz navlarining asosiy zamburug‘li kasalliklarga tolerantligi aniqlangan va asosiy kasalliklarga qarshi samarali kurash choralari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Poliz ekinlaridan qovun va tarvuzning Qoraqalpog‘iston Respublikasi sharoitidagi asosiy zamburug‘lar qo‘zg‘atadigan kasalliklariga qarshi kurash bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
qovun va tarvuzning ildiz chirish, fuzarioz so‘lish, un-shudring, nekroz va dog‘lanish kasalliklariga qarshi Previkur SL 722, s.e.k. (1,5 kg/ga), Al`to Super 33% em.k. (0,3 l/ga), Fal`kon 46% em.k. (0,4 l/ga) fungisidlarini qo‘llash Qoraqalpog‘iston Respublikasining Kegeyli tumanidagi «Aynazar Baba» hamda Nukus tumanidagi «Azamat Qaraqum» fermer xo‘jaliklarida 8,5 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 26 oktyabrdagi 02/023-288-son ma’lumotnomasi). Natijada tarvuzning un-shudring kasalligiga qarshi Previkur SL 722, s.e.k. preparati gektariga 1,5 kg sarf me’yorida qo‘llanilganda eng yuqori 90,8% biologik samaradorlik ko‘rsatib, kasallik sababli nobud bo‘lishi mumkin bo‘lgan hosil saqlab qolingan;
Nukus tumanidagi «Genjebay Abdulvaxit» fermer xo‘jaligi va Kegeyli tumanidagi «Charm-Gaz» fermer xo‘jaligining 9 gektar poliz ekinlari dalalarida qovunning un-shudring kasalligiga qarshi Previkur SL 722, s.e.k. fungisidini ishlatish me’yorlari joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 26 oktyabrdagi 02/023-288-son ma’lumotnomasi). Natijada kasallikka qarshi ishlatilgan Previkur SL 722, s.e.k. (1,5 kg/ga) preparatining biologik samaradorligi 87,8% ni tashkil qilib, nazoratga nisbatan 34,7 s hosil saqlab qolingan;
tarvuz va qovunning turli dog‘lanish kasalliklariga qarshi Kegeyli va Nukus tumanlari fermer xo‘jaliklari dalalarida Previkur SL 722, s.e.k. (1,5 kg/ga), Fal`kon 46% em.k. (0,4 l/ga), Al`to Super 33% em.k. (0,3 l/ga) fungisidlari bilan ishlov berish jami 17,5 ga ekin maydonlarida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 26 oktyabrdagi 02/023-288-son ma’lumotnomasi). Natijada tadqiqotlarda yuqori natija ko‘rsatgan preparatlarning biologik samaradorligi mos ravishda: fal`kon 46% em.k. – 89,9%, Al`to Super 33% em.k. – 87,7%, Previkur SL 722, s.e.k. da esa 85,5% ni tashkil qilib, olingan natijalar bilan o‘z isbotini topgan.