Alimov Hakim Nematovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Kasr tartibli boshqariluvchi tizimlarda quvish differensial o‘yinlar nazariyasi», 01.01.02–Differensial tenglamalar va matematik fizika (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/FM334.
Ilmiy rahbar: Durdiev Durdimurod Qalandarovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jizzax davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, PhD.27.06.2017.FM.02.01.
Rasmiy opponentlar: Begmatov Akram Xasanovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; To‘xtasinov Mo‘minjon, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Urganch davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ajralgan va ajralmagan dinamikali kasr tartibli differensial tenglamalar bilan ifodalanuvchi mojaroli holatlarda quvishni tugatishning yangi usullarini topishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ixtiyoriy tartibli kasr hosilali chiziqli mojaroli boshqariluvchi jarayonlarni echish usullari ishlab chiqilgan;
o‘yinchilarning fiksirlangan boshqaruvida Mittag-Leflerning umumlashtirilgan matrisali funksiyalaridan foydalanib masala qo‘yilgan, Koshi formulasining analogi ko‘rinishidagi echimlarni qo‘llab o‘yinni tugatish mumkinligi isbotlangan;
ajralgan va ajralmagan dinamikali kasr tartibli tenglamalar bilan ifodalanuvchi differensial o‘yinlarda boshqaruvlarga geometrik chegaralanishlar qo‘yilganda oson tekshiriladigan etarli shartlar olingan;
ajralgan va ajralmagan dinamikali ixtiyoriy kasr tartibli tenglamalar bilan ifodalanuvchi differensial o‘yinlarda boshqaruvlarga geometrik chegaralashlar qo‘yilganda L.S. Pontryaginning birinchi, ikkinchi usullari va N.Yu. Satimovning uchinchi usuli ko‘rinishidagi usullar ishlab chiqilgan hamda ushbu usullar yordamida qaralayotgan o‘yinda ma’lum vaqt oralig‘ida quvishni tugatish mumkin ekanligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Kasr tartibli boshqariluvchi tizimlarda quvish differensial o‘yinlarga oid olingan ilmiy natijalar asosida:
kasr tartibli differensial tenglamalar uchun qo‘yilgan masalalarni echish usullariga oid natijalar AAAA-A19-119032590069-3 raqamli «Matematicheskoe modelirovanie i chislennoe reshenie zadach mexaniki sploshnoy sredi i teplomassoobmena v geofizicheskix i injenernix zadachax» loyihasida kuchsiz singulyar yadroli integral operator qatnashgan yopishqoq-elastiklik tenglamalar uchun boshlang‘ich chegaraviy masalalarni echishda foydalanilgan (Rossiya Fanlar akademiyasi Vladikavkaz ilmiy markazi Janubiy matematika institutining 49-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi qaralayotgan masalalarning echimlari mavjudligi va yagonaligini isbotlash imkonini bergan;
ajralmagan va ajralgan dinamikali kasr tartibli tenglamalar bilan ifodalanuvchi differensial o‘yinlarda L.S. Pontryaginning birinchi va ikkinchi usullari, N.Yu. Satimovning uchinchi usuli analoglari uchun quvish masalasini berilgan boshlang‘ich nuqtadan ma’lum vaqt oralig‘ida tugatishga oid natijalar F-4-02 raqamli «Razrabotka novix metodov resheniya zadacha matematicheskoy fiziki i optimal`nogo upravleniya na osnove spektral`noy teorii differensial`nix operatorov» loyihasidan chiziqli boshqariluvchi quvish differensial o‘yinlar nazariyasiga qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 5 oktyabrdagi 89-03-3746-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi nochiziqli boshqariluvchi quvish differensial o‘yinlarni echishning yangi usullarini yaratish imkonini bergan.