Muxamedov Farxod Tursunbaevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonda qimmatli qog‘ozlar bozori savdo tizimlarini rivojlantirish yo‘nalishlari”, 08.00.07–Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.DSc/Iqt156.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent moliya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent moliya instituti, DSc.27.06.2017.I.17.01.
Rasmiy opponentlar: Jumaev Nodir Xosiyatovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Xamidulin Mixail Borisovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Sattarov Odiljon Berdimuratovich, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekistonda qimmatli qog‘ozlar bozori savdo tizimlarini rivojlantirish yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy, uslubiy va amaliy takliflar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
fond birja savdolarida mijozlarga masofadan turib savdo tizimiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirish imkoniyatini yaratish asosida qimmatli qog‘ozlar bilan savdo qilish tizimi takomillashtirilgan;
emitent tomonidan chiqarilgan aksiyalarning kamida 15 foizi free floatni tashkil etishi asosida birjaviy qimmatli qog‘ozlar bozori savdo tizimining listing talablari va uni o‘tkazish takomillashtirilgan;
fond birjasida ilk bor IPO va SPO o‘tkazilgan aksiyadorlik jamiyatlari qimmatli qog‘ozlariga oid bitimlarni “bir aksiya-bir lot” tamoyili asosida amalga oshirish va riteylga erishish taklif etilgan;
davlat qimmatli qog‘ozlarini muomalaga chiqarishni amalga oshirish va ularni joylashtirishdan tushgan mablag‘larni davlat byudjeti taqchilligini qoplashga va mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan tadbirlarni, shuningdek, yirik investisiya loyihalarini amalga oshirishga yo‘naltirish taklif etilgan;
suveren obligatsiyalarni chiqarish va joylashtirish hamda xalqaro obligatsiyalarni joylashtirishdan tushgan mablag‘larni tijorat banklari depozitlariga joylashtirish taklif etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekistonda qimmatli qog‘ozlar bozori savdo tizimlarini rivojlantirish yo‘nalishlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
fond birja savdolarida mijozlarga masofadan turib savdo tizimiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirish imkoniyatini yaratish taklifi “Toshkent” Respublika fond birjasi tomonidan amaliyotga joriy qilingan (“Toshkent” Respublika fond birjasining 2019 yil 4 oktyabrdagi 01/16-07-888-son ma’lumotnomasi). Natijada fond birjada qimmatli qog‘ozlar bilan savdolarni operativ tashkil etishga erishilgan;
davlatga, davlat ulushi mavjud bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlariga, xolding kompaniyalari va xo‘jalik birlashmalariga tegishli bo‘lmagan, emitent tomonidan chiqarilgan aksiyalarning kamida 15 foizi erkin muomalada bo‘ladigan aksiyalar (free float)ni tashkil qilishi lozimligi bo‘yicha taklif “Toshkent” Respublika fond birjasi tomonidan amaliyotga joriy qilingan (“Toshkent” Respublika fond birjasining 2019 yil 4 oktyabrdagi  01/16-07-888-son ma’lumotnomasi). Natijada birjaviy qimmatli qog‘ozlar bozori savdo tizimining “A” toifa listing kompaniyalariga qo‘yiladigan listing talablari va uni o‘tkazish takomillashtirilgan;
“Toshkent” Respublika fond birjasida ilk bor IPO va SPO o‘tkazilgan aksiyadorlik jamiyatlari qimmatli qog‘ozlariga oid bitimlarni “bir lot-bir aksiya” tamoyili asosida amalga oshirish, “toza” sotilishi riteylga erishish yuzasidan taklif “Toshkent” Respublika fond birjasi tomonidan amaliyotga joriy qilingan (“Toshkent” Respublika fond birjasining 2019 yil 4 oktyabrdagi  01/16-07-887-son ma’lumotnomasi). Natijada 2018 yil yakunida birjadagi bitimlar soni 11 178 taga oshgan, birja savdolariga jalb qilingan qimmatli qog‘ozlar soni 8 511 mln. donaga ko‘payib, 10 062,6 mln. donani tashkil etgan;
O‘zbekiston Respublikasining davlat qimmatli qog‘ozlarini muomalaga chiqarishni amalga oshirish va ularni joylashtirishdan tushgan mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti taqchilligini qoplashga va mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan tadbirlarni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti xarajatlarining tasdiqlangan parametrlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari bilan belgilanadigan yirik investisiya loyihalarini amalga oshirishga yo‘naltirish takliflari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2019 yil 30 sentyabrdagi 06/28-02-01-32/3146-son ma’lumotnomasi). Natijada davlat qimmatli qog‘ozlari emissiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilgan va to‘liq joylashtirilishiga erishilgan, yil davomida benchmark yangilanib turgan;
O‘zbekiston Respublikasining suveren obligatsiyalarni chiqarish va joylashtirish hamda xalqaro obligatsiyalarni joylashtirishdan tushgan mablag‘larni auksion savdolari o‘tkazish orqali tijorat banklari depozitlariga joylashtirish bo‘yicha taklif O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2019 yil 30 sentyabrdagi 06/28-02-01-32/3146-son ma’lumotnomasi). Natijada O‘zbekiston Respublikasining xalqaro obligatsiyalari muvaffaqiyatli sotilgan va ulardan tushgan pul mablag‘lari tijorat banklari depozitlariga joylashtirilishiga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish