Shokirova Sadoqatxon Muxammatsolievnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Homilaning bachadon ichi infeksiyalanishida kelib chiqadigan asoratlarni aniqlash va prognoz qilishni takomillashtirish», 14.00.01–Akusherlik va ginekologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Tib824.
Ilmiy rahbar: Ayupova Farida Mirzaevna, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, DSc.27.06.2017.Tib.29.01.
Rasmiy opponentlar: Zufarova Shaxnoza Alimdjanovna, tibbiyot fanlari doktori; Niyazmetov Raxmatullo Ermatovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy markazi.
Dissertatsiyaning yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: homilaning bachadon ichi infeksiyalanishida homiladorlik asoratlarini tashxislash va prognoz qilishni takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
homilaning bachadon ichi infeksiyalanishi xavfi yuqori bo‘lgan homilador ayollarda angiogen o‘sish omillari (QTEO‘O va QTEO‘O-R) ko‘rsatkichlari miqdorining keskin kamayishi yo‘ldoshdagi spiral`simon arteriyalarning to‘la shakllanmaganligi va gemodinamikaning buzilishiga bog‘liq holda yo‘ldosh etishmovchiligi kelib chiqishi isbotlangan;
homilaning bachadon ichi infeksiyalanishi xavfi yuqori bo‘lgan homilador ayollar qon zardobida laktoferrin yuqori darajasiga proporsional ravishda IL-10 va IL-4 miqdorlarining ortishi bilan kechuvchi faollashgan immun yallig‘lanish jarayoni aniqlangan;
 homila ichi infeksiyalanishida qin va yo‘ldoshning ona qismidan ajratilgan Streptococcus faecalis, Staphylococcus epidermidis va E.Coli qo‘zg‘atuvchilari miqdorining o‘zaro bir-biriga mos kelishi hamda yo‘ldoshda mahalliy yallig‘lanish jarayoni rivojlanishining kuchayishi isbotlangan;
«ona-yo‘ldosh-homila» tizimi shakllanishida qon tomir o‘sish omillari miqdorining keskin kamayishi va jinsiy yo‘llar mikrobiotsenozi tarkibining o‘zgarishi homila rivojlanishiga salbiy ta’sir etishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Homilaning bachadon ichi infeksiyalanishida homiladorlik asoratlarini tashxislash va prognoz qilishni takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Bachadon ichi infeksiyalanish darajasi yuqori bo‘lgan homiladorlarda «ona-yo‘ldosh-homila» tizimi funksional holatini kompleks baholash» uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2014 yil 24 dekabrdagi 8n-d/37-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma homiladorlarda homilaning bachadon ichi infeksiyalanishida klinik-biokimyoviy o‘zgarishlarni aniqlash, tashxislash, kasallik kechishini bashorat qilish va o‘z vaqtida davolash chora-tadbirlarini qo‘llashga xizmat qilgan;
homilaning bachadon ichi infeksiyalanishida kelib chiqadigan asoratlarni aniqlash va prognoz qilishni takomillashtirish yuzasidan olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Andijon viloyati perinatal markazi, Andijon shahar 2-sonli tug‘ruq kompleksi va Andijon tumani tibbiyot birlashmasi amaliyotlariga joriy etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 16 sntyabrdagi 8n-z/148-son ma’lumotnomasi). Joriy qilingan natijalar, ya’ni ishlab chiqilgan «Prognozlash xaritasi» homilani infeksiyalanish ehtimolini unga turli xavf omillari qo‘shilganda ballarda miqdoriy baholash hamda sog‘lom va bemor bolalar tug‘ilishi bashoratlash, homilaning bachadon ichi infeksiyalanishi yuqori xavfi mavjud homiladorlarning 1, 2 va 3-trimestrlarida kasallik bilan tug‘iladigan chaqaloqlar sonini kamaytirish va kasalxonada davolanish muddatini qisqartirish bilan davolash xarajatlarini kamaytirish hisobiga iqtisodiy samaradorlikka imkoniyat yaratgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish