Ernazarov Odiljon Kamil`evichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Sharqiy Osiyoda islom dini tarqalishi va uning mintaqaviy xususiyatlari”, 07.00.04–Dinshunoslik (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/Tar184.
Ilmiy rahbar: Nizomiddinov Najmiddin G‘ulomovich, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, DSc.27.04.2018.Isl/Tar/F.57.01. 
Rasmiy opponentlar: Xo‘jaev Ablat Xodjaevich, tarix fanlari doktori; Ishoqov Mirsadik Mirsultanovich, tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Xitoy tarixiga taalluqli VIII-XV asrlar, Koreya tarixiga oid XI-XV asrlar, Yaponiya tarixiga doir XVII-XIX asrlarda Sharqiy Osiyoda islom dinining tarqalishi, mintaqadagi dastlabki musulmonlarning mavjud mahalliy sharoitlarga moslashish jarayonlari natijasida shakllangan “Sharqiy Osiyo islom madaniyati”ning mintaqaviy xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
Sharqiy Osiyoda islom dinining tarqalishi va musulmon jamoalarining paydo bo‘lishi jarayonida o‘lka musulmonlari ijtimoiy va diniy hayotini tartibga soluvchi – “Zu Tan” (“Xitoyda yashayotgan xorijlik”), “Fan Ke” (“Mahalliy musulmonlarning avlodlari”), “Fan Xue” (“Xorijliklar uchun maxsus maktablar”), “qozilik bo‘limi” (musulmonlarni diniy ishlarini hal qilish uchun mas’ul), “uchlik ma’muriyati” (imom, xatib va muazzindan iborat bo‘lgan va musulmonlarning kundalik masalalari bilan shug‘ullangan) kabi 10 ga yaqin alohida huquqiy tizimlar yuzaga kelganligi isbotlangan;
mintaqa ijtimoiy, madaniy va iqtisodiy hayotida faol ishtirok etgan musulmonlarga aholi siyosiy kompetensiyasini aniqlash va hukumat ishlariga jalb etish bo‘yicha ta’sis etilgan davlat imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, mas’ul lavozimlarni egallaganliklari aniqlangan;
Sharqiy Osiyoda musulmon aholining soni ortishi va ular mintaqa ijtimoiy, madaniy va huquqiy hayotida o‘z o‘rinlariga ega bo‘la boshlashi natijasida “huey” (“dungan”) – yangi musulmon etnik guruhi shakllanganligi asoslangan;
Sharqiy Osiyodagi musulmonlar uchun islomiy bilimlarni mintaqada mavjud diniy e’tiqodlarga oid tushunchalar asosida sinkretik, sistematik va nazariy shaklda o‘rganish imkonini beruvchi hamda islom manbalari, ta’limotlari va qarashlarining ommalashuviga olib kelgan “xan kitob”lari yaratilishi jarayoni ochib berilgan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Sharqiy Osiyoda islom dini tarqalishi va uning mintaqaviy xususiyatlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
islom va Sharqiy Osiyo dinlari ta’limotlaridagi birlamchi g‘oyalar tahliliga oid ma’lumotlardan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Dinshunoslik” ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun “Dinshunoslikka kirish” fanidan o‘quv qo‘llanma tayyorlashda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2017 yil 24 avgustdagi 603-son buyrug‘i asosidagi o‘quv adabiyotining nashr guvohnomasi). Ushbu o‘quv adabiyoti dinshunos mutaxassislarda din bilan bog‘liq ma’lumotlarni xolis, ilmiy-tahliliy tadqiq etish ko‘nikma va malakalarini shakllantirishga xizmat qilgan;
islom dini nafaqat musulmon mamlakatlar, balki musulmonlar aholisining ozchiligini tashkil qiladigan mintaqalar tarixida o‘ziga xos e’tiqodiy, huquqiy va madaniy tizimlarni shakllanishiga ta’sir ko‘rsatganligiga oid ma’lumotlardan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi vazifalardan hisoblangan islom tarixi va madaniyati yo‘nalishidagi yangi tadqiqotlar natijalaridan ilmiy-madaniy jamoatchilikni keng xabardor etish hamda ularning kasbiy mahoratini oshirish bo‘yicha ilmiy-amaliy va metodik o‘qishlar tashkil etishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2019 yil 6 sentyabrdagi 02-314-son ma’lumotnomasi). Ushbu ilmiy natija islom dinining Er yuzi bo‘ylab tarqalishi va musulmonlarning mahalliy tamaddunlar belgilariga moslashuvi bilan bog‘liq ravishda dunyoga kelgan taraqqiyparvar g‘oyalar, bag‘rikenglik kabi umumbashariy qadriyatlar bugungi kun o‘quvchisining dunyoqarashini shakllantirishga xizmat qilgan;
Sharqiy Osiyoda islom dini keng tarqalishi jarayonida Yuan-mo‘g‘ul imperiyasi tomonidan Xitoyga ko‘chirib kelingan markaziy osiyoliklar orasidagi ilm-fan vakillari hukumat ta’sis etgan ilmiy markazlarda tibbiyot, tarjimonlik, astronomiya va taqvimshunoslik sohalari bo‘yicha muvaffaqiyatlarga erishganliklari haqidagi xulosalardan O‘zbekistondagi islom sivilizatsiya markazi vazifalardan biri hisoblangan – mamlakatimiz islom madaniyati markazlaridan biri bo‘lib kelganini aks ettiradigan ilmiy-tarixiy konsepsiyani ishlab chiqish va amalga oshirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazining 2019 yil 11 sentyabrdagi 335/19-son ma’lumotnomasi). Ushbu ilmiy natija islom dini odamlarni, barcha millat va xalqlarni hamisha nurli hayotga, ezgulik, o‘zaro do‘stlik va insoniylikka da’vat etishini, uning asl, gumanistik mazmunini teran tahlil etish, jahon ahlini bir maqsad yo‘lida – jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish yo‘lida birlashtirgan;
Sharqiy Osiyo mintaqasida tarafdorlari ko‘pchilikdan iborat buddaviylik, konfusiylik, daochilik va sintoiylik ta’limotlari orasida islom dini tinch va tadrijiy ravishda tarqalganligi haqidagi xulosalardan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan O‘zbekistondagi turli konfessiyalar o‘rtasida diniy bag‘rikenglikni ta’minlash yuzasidan o‘zaro hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlarini yo‘lga qo‘yish, respublikamizdagi oliy va o‘rta maxsus islom bilim yurtlarida bir qator o‘quv qo‘llanmalar tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2019 yil 7 oktyabrdagi 5483-son ma’lumotnomasi). Mazkur adabiyotlarda bugungi kundagi ko‘pqutbli jamiyatda asosiy tahdid bo‘lib kelayotgan diniy va milliy asosdagi nizolarning oldini olish yo‘llari ochib berilgan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish