Jo‘raeva Bibish Muhsinovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbek xalq maqollari shakllanishining lingvistik asoslari va pragmatik xususiyatlari», 10.00.01–O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.DSc/Fil127.
Ilmiy maslahatchi: Mamatov Abdug‘afur Eshonqulovich, filologiya fanlari doktori 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, DSs.27.06.2017.Fil.02.03.
Rasmiy opponentlar: Eltazarov Jo‘liboy, filologiya fanlari doktori, professor; Dadaboev Hamidulla, filologiya fanlari doktori; Iskandarova Sharifa, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: maqolning yondosh hodisalarga munosabatini aniqlash, shu asosda uning lisoniy mavqeini belgilash, maqol paydo bo‘lishining intralingvistik va ekstralingvistik omillari hamda pragmatik xususiyatlarini tizimli o‘rganishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek tilida paremik va idiomatik birliklardan maqol va idioma, maqol va ibora, maqol va matal munosabati, ularning integratsiyalashuv va differensiyalashuv holatlari aniqlangan; 
tilda tipik, barqaror kategoriyalar bilan bir qatorda oraliq hodisalar ham uchrashi, maqol va matal o‘rtasida maqol-matal tipidagi paremalarning mavjudligi asoslangan;
o‘zbek xalq maqollarining yondosh hodisalarga munosabati asosida ularning lison/nutq dixotomiyasidagi o‘rni lingvistik nuqtai nazardan ochib berilgan;
maqollar shakllanishining intralingvistik asoslarida lisoniy (ibora), fol`kloristik (matal, rivoyat, latifa, afsona, topishmoq), etnografik (e’tiqodiy tushuncha, xalq udumlari, xalq o‘yinlari), diniy (hadis) manbalar paradigmasi yetakchi omil bo‘lganligi isbotlangan;
maqollar paydo bo‘lishining ekstralingvistik omillari hayvon nomlari, kasb-kor, diniy, uy-ro‘zg‘or tushunchalari, vaqt, o‘simlik, tabiat hodisalari nomlari, o‘zbek xalqi turmushi voqeligi asosida shakllangan maqollar tasnifi asosida ierarxik dalillangan;
o‘zbek xalq maqollaridagi faol hayvon nomlarining ijtimoiy shartlangan ma’nolari, ya’ni pragmatik xususiyatlari graduonimik, semantik, funksional jihatdan ishlab chiqilib, badiiy-estetik qiymati yoritilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
O‘zbek xalq maqollari shakllanishining lingvistik asoslari va pragmatik xususiyatlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
yasama so‘zlarning diaxron holatini o‘rganishda maqollar tarkibidagi ayrim so‘zlarning diaxron holati o‘rganilishi bilan bog‘liq nazariy qarashlardan, ayrim iboralar paydo bo‘lishining material tomoni erkin so‘z birikmasi bo‘lganligi va ularning tarkibidagi ayrim so‘zlarning tarixan yasama ekanligi haqidagi fikrlardan Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida 2012–2016 yillarda bajarilgan FA-F1-G003 raqamli “Hozirgi qoraqalpoq tilida funksional so‘z yasalishi” mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2019 yil 27 avgustdagi 182/1-son ma’lumotnomasi). Natijada so‘zlarning sinxron va diaxron shakllanishiga doir masalalarni mukammallashtirish imkoniyati yaratilgan;
maqol va matallar haqida atroflicha ma’lumot berish, ibora va maqollarni o‘zaro farqlash, topishmoq va maqol, rivoyat va maqol, afsona va maqol munosabatlarini yoritish, maqollarda ko‘p ma’nolilik hodisasini izohlash, maqollarda ishtirok etgan hayvon nomlarining ma’nolarini ochib berish xususidagi nazariy qarashlardan 2007–2011 yillarda bajarilgan OT-F8-062 raqamli “Til taraqqiyotining derivatsion qonuniyatlari” nomli fundamental ilmiy tadqiqot loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 11 oktyabrdagi 89-03-3873-son ma’lumotnomasi). Ayni ilmiy natijaning qo‘llanishi so‘z ma’nolarini oydinlashtirishga, bu boradagi tahlillarni takomillashtirishga xizmat qilgan;
idioma, ibora, maqol, matallar tahlili, shuningdek, maqollarning ijtimoiy shartlangan ma’nolari, ularning badiiy asar tilini boyitishdagi, personajlar nutqini individuallashtirishdagi xususiyatlaridan 2007–2011 yillarda bajarilgan OT-F8-090 raqamli “Jadid adabiyoti – jahon ilg‘or adabiyotining sintezi sifatida” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 11 oktyabrdagi 89-03-3873-son ma’lumotnomasi). Natijalarning qo‘llanishi barqaror birliklarlarga xos xususiyatlarni aniqroq farqlashga zamin yaratgan;
o‘zbek romanlarida maqollarning ijtimoiy shartlangan ma’nolarini aniqlash; maqol, idioma, matal, iboraga xos xususiyatlarni belgilash; mavjud birliklarning badiiy asar tilini boyitishdagi o‘rnini ko‘rsatish; maqollarning personajlar xarakterini ochishdagi o‘rni haqidagi xulosa-umumlashmalardan 2012–2016 yillarda bajarilgan F-1-06 raqamli “Istiqlol davri o‘zbek adabiyotida Sharqu G‘arb adabiy an’analari sintezi” mavzusidagi fundamental loyihada (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 11 oktyabrdagi 89-03-3873-son ma’lumotnomasi) foydalanilgan. Ilmiy xulosalarning tatbig‘i badiiy asarlarda qo‘llangan maqollarning ma’nolarini osonlikcha izohlashga yo‘l ochgan;
xalq o‘yinlari asosida shakllangan o‘zbek xalq maqollarining mazmuniy bog‘liqligini asoslash orqali ularda poetik struktura yoki kompozisiya shakllanishining asosiy tamoyillarini belgilash, afsonalar asosida shakllangan xalq maqollari masalasini o‘rganish, bunday maqollarning o‘ziga xos jihatlarini ochib berish haqidagi xulosalardan 2012–2016 yillarda bajarilgan F-1-XT-0-19919 raqamli “O‘zbek mifologiyasi va uning badiiy tafakkur taraqqiyotida tutgan o‘rni” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 11 oktyabrdagi 89-03-3873-son ma’lumotnomasi). Ilmiy qarashlar xalq o‘yinlari va afsonalarning maqollarga munosabati bo‘yicha mukammal bilimga ega bo‘lishga xizmat qilgan;
o‘zbek xalq maqollarining o‘ziga xos xususiyatlari, maqollardagi ma’nolarning shakllanish manbalari haqidagi mulohazalardan Buxoro telekanali orqali 2018 yil 4, 18 noyabr`; 9, 16 dekabr` kunlari efirga uzatilgan “Assalom, Buxoro” ko‘rsatuvi ssenariylarida foydalanilgan (Buxoro viloyat teleradiokompaniyasining 2019 yil 15 yanvardagi 1/22-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu teleko‘rsatuv va eshittirishlar uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni mukammallashgan, ilmiy dalillarga boy bo‘lishi ta’minlangan;
tadqiqot natijalari asosida yaratilgan “O‘zbek xalq maqollarining qisqacha sinonimik lug‘ati” (izohli lug‘at: 5-648-03473-3) til ta’limida maqollarning ma’nolarini atroflicha tushunishga imkoniyat yaratgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish