Prokudin Evgeniy Alekseevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Auditorlik faoliyatida muhimlilik darajasini aniqlash va audit tavakkalchiligini baholash uslubiyatini takomillashtirish”, 08.00.08–Buxgalteriya hisobi, iqtisodiy tahlil va audit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Iqt162.
Ilmiy rahbar: Dusmuratov Radjapay Davlatbaevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent moliya instituti, DSc.27.06.2017.I.17.01.
Rasmiy opponentlar: Ibragimov Abdugapur Karimovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Azizov Sherzod O‘ktamovich, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona politexnika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: riskka asoslangan auditda muhimlilik darajasini aniqlash va auditorlik riskini baholash uslublarini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
auditorlik riskini baholashga yondashilgan muhimlilik darajasini aniqlash usuli takomillashtirilgan;
muhimlilik darajasi va auditorlik riski elementlarining o‘zaro bog‘liqligi va riskka yo‘naltirilgan auditda maqbul riskni qabul qilish texnologiyasi ishlab chiqilgan;
muhimlilik darajasini diskret miqdor matematik formulalari yordamida bosqichma-bosqich hisoblash va uni korxona moliyaviy hisobotining bazaviy ko‘rsatkichlariga taqsimlashning modifikatsiyalangan algoritmi ishlab chiqilgan;
riskka asoslangan auditda auditorlik riskini va uning komponentlari tuzilmasini shakllantirishni hisobga olgan holda baholashning takomillashtirilgan instrumentariysi taklif etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinish.
Auditorlik amaliyotida muhimlilik darajasini aniqlash va auditorlik riskini baholash metodikasini takomillashtirish bo‘yicha takliflar asosida:
auditorlik riskini baholashga yondashilgan muhimlilik darajasini aniqlashning takomillashtirilgan usuli qo‘llash orqali mehnat xarajatlarini kamaytirish imkoniyati O‘zbekiston auditorlar palatasi tomonidan amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston auditorlar palatasining 2017 yil 2 dekabrdagi 155-son ma’lumotnomasi). Natijada auditorlik tashkilotining mehnat xarajatlarini 2160 kishi-soatga kamaytirishga va auditorlik tashkiloti tomonidan qo‘shimcha ravishda yiliga 297 mln. so‘mlik daromad olishga erishilgan;
muhimlilik darajasi va auditorlik riski elementlarining o‘zaro bog‘liqligi va riskka yo‘naltirilgan auditda maqbul riskni qabul qilish texnologiyasini xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda qo‘llanishi bo‘yicha takliflar O‘zbekiston buxgalterlar va auditorlar milliy uyushmasi tomonidan amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston buxgalterlar va auditorlar milliy Uyushmasining 2017 yil 14 dekabrdagi 132/1-son ma’lumotnomasi). Natijada, o‘rtacha auditorlik tekshiruvlari uchun shartnoma narxlarini kamaytirish hisobiga, xo‘jalik sub’ekti uchun auditorlik tekshiruvi tannarxini bir yilda o‘rtacha 118,8 million so‘mga pasaytirishga erishilgan;
muhimlilik darajasini diskret miqdor matematik formulalari yordamida bosqichma-bosqich hisoblash va uni korxona moliyaviy hisobotining bazaviy ko‘rsatkichlariga taqsimlashning modifikatsiyalangan algoritmi O‘zbekiston auditorlar palatasi tomonidan amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston auditorlar palatasining 2017 yil 2 dekabrdagi 155-son ma’lumotnomasi). Natijada auditorlarning yuqori professional darajasini ko‘tarishga, auditorlik tekshiruvlarining sifati va ob’ektivligini oshirishga, mehnat xarajatini kamaytirish orqali auditorlar ishini optimal tashkil etishga, auditorlik tekshiruvining rejalashtirish sifatini oshirish orqali topilmaslik riski darajasini pasaytirish va shu orqali ko‘rsatilayotgan auditorlik tekshiruvlarining sifatini lozim darajada ta’minlashga erishilgan;
riskka asoslangan auditda auditorlik riskini va uning komponentlari tuzilmasini shakllantirishni hisobga olgan holda baholashning takomillashtirilgan instrumentariysi O‘zbekiston buxgalterlar va auditorlar milliy uyushmasi tomonidan amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston buxgalterlar va auditorlar milliy uyushmasining 2017 yil 14 dekabrdagi 132/1-son ma’lumotnomasi). Natijada, auditorlik tekshiruvi doirasida izchil ravishda qo‘llaniladigan, riskni aniqlash va baholash jarayonlari, bir tomondan tekshirilayotgan sub’ektning ko‘lami va faoliyat xarakteriga, tekshirish maqsadlari va vazifalariga mos kelishi lozim bo‘lib, ikkinchi tomondan esa, auditorlik tashkilotining xususiyatlarini nazarda tutgan holda auditga xos bo‘lgan sub’ektivlilikni bartaraf etishga erishilgan.