Baltabaeva Manzuraxon Mirzajanovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekiston Respublikasi xotin-qizlarining kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishdagi ishtiroki (1991–2019 yillar)”, 07.00.01–O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Tar90.
Ilmiy rahbar: Bobojonova Dilorom Bobojonovna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat universiteti, PhD.31.01.2019.Tar.60.01.
Rasmiy opponentlar: Sultonova E’tibor Siddiqovna, siyosiy fanlar doktori, professor; Rasulov Abdulla Nuriddinovich, tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: 1991–2019 yillarda O‘zbekiston Respublikasida xotin-qizlarning kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishdagi o‘rni, ularning jamiyatdagi faol ishtiroki hamda mazkur sohaga jalb etilishining ahamiyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekiston xotin-qizlarining chevarchilik, kashtachilik, gilamdo‘zlik, zardo‘zlik kabi kasanachilik mehnat shakli asosida bozor iqtisodiyoti talablariga mos zamonaviy tadbirkorlik va erkin raqobat muhitiga transformatsiyalashuv jarayonlari, chekka hududlarda sanoatni rivojlantirish, tadbirkor, fermer xotin-qizlar ilg‘or tajribalarini ommalashtirishga qaratilgan keng qamrovli faoliyati, o‘sish sur’atlari va amaliy natijalari dalillangan;
aholi ijtimoiy faol qismi tarkibida izlanuvchan va tashabbuskor tadbirkor xotin-qizlar salmog‘ining oshib borishi, davlat va nodavlat tashkilotlar, xalqaro jamg‘arma va grant loyihalari ko‘magida tadbirkor ayollar huquqlarini himoya qilish tizimining takomillashishi, maqsadli moliyaviy resurslar ajratish orqali mehnat bozorida qulay sharoitlar yaratish borasidagi ijtimoiy-huquqiy omillar ochib berilgan;
mamlakatda oilaviy tadbirkorlik qonuniy asoslarining mustahkamlanishi, “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturining ijtimoiy ahamiyati, xotin-qizlar tadbirkorligida sulolaviy an’analarning tiklanishi, jumladan? “Oilaviy tadbirkorlikdan – mustahkam oilaga” loyihasi asosida ayollar iqtisodiy faolligining oshishi, ular bandligini ta’minlash, kichik biznes va tadbirkorlikka jalb etishdagi muammolar va davriy bosqichlar, bu jarayondagi davlat va nodavlat tashkilotlar o‘rtasidagi bog‘liqlik isbotlangan;
O‘zbekiston milliy taraqqiyotida yangi davrning boshlanishi (2016–2019 yy.), milliy yuksalish harakatida xotin-qizlar tadbirkorligining rivojlanish parametrlari, yaratilgan qulay investisiya muhiti va soliq imtiyozlarining samaradorligi, zamonaviy ilm-fan yutuqlari asosida ilg‘or innovatsion g‘oyalarning tatbiq etilishi bilan bog‘liq progressiv jarayonlar ahamiyati ko‘rsatib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekiston Respublikasi xotin-qizlarining kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishdagi ishtirokiga oid ilmiy natijalar, xulosa va amaliy takliflar asosida:
O‘zbekiston xotin-qizlarining chevarchilik, kashtachilik, gilamdo‘zlik, zardo‘zlik singari kasanachilik mehnat shaklini bozor iqtisodiyoti talablariga va erkin raqobat muhitiga moslashuviga doir taklif va tavsiyalardan “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazida “Xotin-qizlarning tadbirkorlik sohasidagi faoliyatlari” so‘rovnoma-dasturini tayyorlashda foydalanilgan (“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazining 2018 yil 8 maydagi 01-16/169-son ma’lumotnomasi). Taklif va tavsiyalar jamoatchilikni xotin-qizlar tadbirkorligiga oid imtiyozlar, bu boradagi yangi tashabbuslardan xabardor bo‘lishiga imkon yaratgan;
xotin-qizlarning oilaviy tadbirkorlik faoliyatlarini rivojlantirish, xususan, ilg‘or fermer xotin-qizlar tajribasini ommalashtirish, qishloqda sanoatni jadal rivojlantirish, chekka hududlarda yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflardan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar mohiyatini keng ommaga etkazish ishlarida foydalanilgan (O‘zLiDePning 2019 yil 12 iyundagi 01-27/1443-son ma’lumotnomasi). Taklif va tavsiyalar qishloq xotin-qizlarining oilaviy tadbirkorlik sohasidagi faoliyatini rivojlantirishga xizmat qilgan;
aholi ijtimoiy faol qismida izlanuvchan va tashabbuskor xotin-qizlar salmog‘ini orttirish, davlat va nodavlat tashkilotlar, xalqaro jamg‘armalar ko‘magida tadbirkor ayollar huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirishga doir taklif va tavsiyalardan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamkorligida o‘tkazilgan “Harbiylarning oilalarini tadbirkorlikka yo‘naltirish – iqtisodiy muvaffaqiyat poydevori” mavzuidagi respublika tadbirkor xotin-qizlar forumi yakuniy tavsiyasida foydalanilgan (O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasining 2019 yil 8 avgustdagi 04/1544-19-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi yoshlar, ayniqsa, qizlarning tadbirkorlik faoliyatlariga ko‘maklashish, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, ularda zamonaviy bozor ko‘nikmalarini shakllantirish borasidagi faoliyatni takomillashtirishda amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan;
“Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturining ijtimoiy ahamiyati, xotin-qizlar tadbirkorligida sulolaviy an’analarning tiklanishi, “Oilaviy tadbirkorlikdan – mustahkam oilaga” loyihasi asosida xotin-qizlar bandligini ta’minlash, kichik biznes va tadbirkorlikka keng jalb etishga qaratilgan davlat siyosatining amalga oshirilishiga doir ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining xotin-qizlar bandligini ta’minlashga qaratilgan dasturlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2019 yil 12 iyundagi 02-15/1849-son ma’lumotnomasi). Natijalar xotin-qizlarni kichik biznes va tadbirkorlikka keng jalb etishga qaratilgan davlat siyosatining ijtimoiy ahamiyatini ommaga etkazish va dasturlarni mazmunan boyitishga xizmat qilgan.