Allambergenova Nodira Gulmurzaevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Alpomish» dostonining o‘zbek va qoraqalpoq versiyalari qiyosiy tipologiyasi», 10.00.08–Fol`klorshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/Fil316.
Ilmiy rahbar: To‘xliev Boqijon, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyot va fol`klori instituti, DSc.30.08.2018.Fil.46.02.
Rasmiy opponentlar: Eshonqulov Joppar Solievich, filologiya fanlari doktori; Qo‘shmoqov Muhammadali, filologiya fanlari nomzodi. 
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti. 
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari badiiy tafakkurining durdonalari hisoblangan «Alpomish» va «Alpamis» dostonlarining mushtarak va o‘ziga xos jihatlarini o‘rganish asosida ularning qiyosiy-tipologik tadqiqini amalga oshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
O‘zbeklarda «Alpomish», qoraqalpoqlarda «Alpamis», qozoqlarda «Alpamis batir», oltoyliklarda «Alp Manash», qozon tatarlarida «Alpamsha», boshqirdlarda «Alpamsha va Barsin Hillu» nomlari bilan mashhur bo‘lgan mazkur asarlardagi syujet yaqinligi yagona bobosyujet asosida yaratilganligi bilan bog‘liqligi isbotlangan;
«Alpomish»ning o‘zbek va qoraqalpoq versiyalaridagi tarixiy-genetik mushtaraklik ikki qardosh xalqning ijtimoiy-tarixiy, iqtisodiy-madaniy, diniy-ma’rifiy hayoti hamda badiiy tafakkur tarzidagi yaqinlik tarixiy taraqqiyotdagi madaniy hamkorlik bilan izohlanishi asoslangan; 
«Alpomish» va «Alpamis» dostonlarining kelib chiqishi yagona syujetga borib taqalsa ham, keyinchalik baxshi va jirovlar mansub makon va zamon bilan bog‘liq holda har bir asar o‘zi mansub xalqqagina tegishli ma’naviy-estetik obidaga aylanib ulgurgani dalillangan;
qoraqalpoq variantlaridagi arxaik hamda nisbatan keyingi davrlarga xos va badiiy qatlamlarning o‘ziga xosligini isbotlash uchun xizmat qiladigan yangi fakt va dalillar aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
«Alpomish» dostonining o‘zbek va qoraqalpoq versiyalari qiyosiy tipologiyasi xalq og‘zaki poetik ijodi xazinasidagi o‘rni, eposning genezisi, badiiyati, qiyosiy-tarixiy hamda qiyosiy-tipologik tadqiqi, o‘zaro ta’sir masalalari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida: 
«Alpomish» hamda «Alpamis» eposlarining genezisi, jahon epik janrlar tizimidagi o‘rni, tipologiyasi, poetik xususiyatlari va badiiy-estetik vazifalari haqidagi qarashlardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar institutida olib borilayotgan F1-FA-0-43429, FA-F1, GOO2 raqamli «Qoraqalpoq fol`klori va adabiyoti janrlarining nazariy masalalarini tadqiq etish» (2012–2016) fundamental loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2019 yil 12 iyundagi 17.01/80-son ma’lumotnomasi). Natijada, fol`klorshunoslikda mavjud adabiy ta’sir, epos versiyalari qiyosiy tipologiyasi bilan bog‘liq qarashlar «Alpomish» hamda «Alpamis» eposlarining mushtarakligi va o‘ziga xosligi, mavzu ko‘lami, badiiyati, syujeti va kompozisiyasi to‘g‘risidagi ilmiy-nazariy ma’lumotlar bilan boyitilgan;
 «Alpomish» hamda «Alpamis» eposlarining o‘zbek va qoraqalpoq versiyalari qiyosiy tipologiyasi: genezisi, poetik xususiyatlari, obrazlar olami, kompozisiyasi adabiy ta’sir masalalari haqidagi ilmiy-nazariy va ilmiy-metodik tavsiyalardan Qoraqalpoq davlat universiteti qoshidagi Berdaq Milliy muzeyi ekspozisiyasida foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2019 yil 20 iyundagi 2-04/1252-son ma’lumotnomasi). Natijada, muzey ekspozisiyasining «Alpomish» hamda «Alpamis» eposlarining o‘zbek va qoraqalpoq versiyalariga uyg‘un keladigan jihatlari bo‘yicha ko‘rgazma va ekskurs darslari tashkil etilib, ilmiy anjumanlarda bakalavr yo‘nalishi va magisturatura mutaxassisliklarida tahsil olayotgan talabalarga ma’ruza shaklida tatbiq etilgan va ijobiy natijalarga erishilgan;
epos versiyalari qiyosiy tahlillari orqali aniqlangan dostonlarning mushtaraklik va o‘ziga xoslik jihatlariga oid ilmiy-nazariy qarashlari  Qoraqalpog‘iston Respublikasi teleradiokompaniyasining «Adabiyot va davr», «Meros», «Assalom, Qoraqalpog‘iston», «Xalq durdonasidan» kabi teleko‘rsatuv va eshittirishlari ssenariylarini shakllantirish jarayonida foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi teleradiokompaniyasining 2019 yil 31 maydagi 01-02/213-son ma’lumotnomasi). Natijada, tadqiqot manbalari adabiy-badiiy mavzudagi teleradiodasturlarning xalqchil va qiziqarli bo‘lishi, ommabopligi va sifatini oshirishga yordam bergan. Radiotinglovchi va teletomoshabinlarni ikkala qardosh xalqqa xos epos namunalari bilan yaqindan tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish