Qodirov Bobiromon Bekmurodovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimida kadrlar tayyorlashning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish», 12.00.02–Konstitusiyaviy huquq. Ma’muriy huquq. Moliya va bojxona huquqi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.DSc/Yu73.
Ilmiy rahbar: Husanov Ozod Tillaboevich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa  nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, DSc.27.06.2017.Yu.23.01.
Rasmiy opponentlar: Tursunov Axtam Salomovich yuridik fanlar doktori, professor; Muxamedjanov Omonulla Zakirovich, yuridik fanlar doktori, professor; Qurbonov Shavkat Ergashevich, pedagogika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy va nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimida kadrlar tayyorlashning tashkiliy-huquqiy masalalarini o‘rganish va tahlil qilish orqali mavjud muammolarni aniqlash, ularning echimiga qaratilgan taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kadrlar tayyorlash sub’ekti hisoblangan oliy ta’lim muassasalari pedagog xodimlarining huquq va majburiyatlarini nazarda tutuvchi huquqiy maqomini qonun hujjatlarida belgilash lozimligi asoslab berilgan;
oliy ta’lim muassasasi faoliyati tugatilganda, qayta tashkil etilganda talabalar o‘qishini boshqa oliy ta’lim muassasalarining mos (turdosh) bo‘lgan ta’lim yo‘nalishi yoki mutaxassisligiga ko‘chirishga oid kafolatlarni qonun hujjatlarida mustahkamlash orqali ularning huquq va manfaatlari himoya qilinishi asoslantirilgan;
mamlakatimizda mavjud universitet, akademiya va institut kabi oliy ta’lim muassasalarining turlari o‘rtasidagi farqlarni belgilovchi aniq mezonlarni ishlab chiqish zarurligi isbotlangan;
oliy ta’limga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Respublika oliy ta’lim kengashi tomonidan muhokama qilingandan so‘ng belgilangan tartibda tasdiqlash uchun kiritilishi zarurligi asoslantirib berilgan;
oliy ta’lim muassasalari rahbar kadrlarini lavozimga tayinlash va ularni lavozimidan ozod etish jarayonini soddalashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Oliy ta’lim tizimida kadrlar tayyorlashning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirishga oid olingan ilmiy natijalar asosida:
kadrlar tayyorlash sub’ekti hisoblangan oliy ta’lim muassasalari pedagog xodimlarining huquq va majburiyatlarini nazarda tutuvchi huquqiy maqomini qonun hujjatlarida mustahkamlashga oid taklif va tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonuni loyihasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining 2019 yil 24 oktyabrdagi 04/5-05-109-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar oliy ta’lim muassasalari pedagog xodimlarining huquqiy maqomini takomillashtirishga xizmat qilgan;
oliy ta’lim muassasasi faoliyati tugatilganda, qayta tashkil etilganda ushbu muassasalarda tahsil olayotgan talabalar o‘qishini ularning hohishiga ko‘ra boshqa oliy ta’lim muassasalarining mos (turdosh) bo‘lgan ta’lim yo‘nalishi yoki mutaxassisligiga ko‘chirish tartibiga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunining yangi tahriri loyihasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining 2019 yil 24 oktyabrdagi 04/5-05-109-son ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy natijadan foydalanish oliy ta’lim muassasalarida tahsil oluvchi talabalarning huquq va manfaatlarining himoya qilinishiga hissa qo‘shgan;
mamlakatimizda mavjud universitet, akademiya va institut kabi oliy ta’lim muassasalarining turlari haqidagi tushunchalar amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarda aks ettirilgan bo‘lsa-da, ularning farqlanishi bo‘yicha aniq mezonlar nazarda tutilmaganligi hamda bugungi kunda yangi oliy ta’lim muassasalarini tashkil etishda ularning turlari har xil yondashuv asosida nomlanayotganligi sababli oliy ta’lim muassasalari turlari o‘rtasidagi  farqlarni belgilovchi aniq mezonlarni ishlab chiqish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 11 iyuldagi «Oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4391-son qarori 4-ilovasining 11-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 18 sentyabrdagi 89-03-3556-son ma’lumotnomasi).  Oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi farqlarni belgilovchi mezonlarni ishlab chiqilishi ularni universitet, akademiya va institut deb nomlanishini tartibga solishga xizmat qilgan; 
oliy ta’limga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Respublika oliy ta’lim kengashi tomonidan muhokama qilingandan so‘ng belgilangan tartibda tasdiqlash uchun kiritilishiga doir takliflar «Respublika oliy ta’lim kengashi to‘g‘risidagi nizom» loyihasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ijtimoiy rivojlantirish masalalari kotibiyatining 2019 yil 6 noyabrdagi 14/1-3312-son ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy natijalardan foydalanish oliy ta’limga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini jamoatchilik tomonidan muhokama qilish tizimining tatbiq etilishi, oliy ta’lim tizimiga jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining o‘rnatilishiga xizmat qilgan;  
oliy ta’lim tizimi rahbar kadrlari faoliyatini tartibga solishning samarali mexanizmlarini joriy etish, ayrim rahbar kadrlarni markazlashgan holda lavozimga tayinlash tizimidan bosqichma-bosqich voz kechish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 11 iyuldagi «Oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4391-son qarorining 7-bandini ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 18 sentyabrdagi 89-03-3556-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish oliy ta’lim tizimida rahbar kadrlarni tayinlash  va lavozimidan ozod qilishning soddalashtirilgan tizimi joriy qilinishiga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish