Odilov Bobir Axmadjon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “XIX asr ikkinchi yarmi – XXI asr boshlari tadqiqotlarida o‘zbek xalqining an’anaviy xo‘jaligi masalalari”, 07.00.08–Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2017.3.PhD/Tar217.
Ilmiy rahbar: Doniyorov Alisher Xudoyberdievich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti, DSc.06.01.2018.Tar.56.01.
Rasmiy opponentlar: Ziyaeva Dono Hamidovna, tarix fanlari doktori, professori; Bo‘riev Ochil tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: XIX asr ikkinchi yarmi – XXI asr boshlarida yaratilgan tarixiy-etnografik, etnologik va arxeologik tadqiqotlarning yaxlit tarixshunoslik tahlili asosida o‘zbek xalqi an’anaviy xo‘jalik madaniyatiga doir ilmiy-tarixiy tafakkurning rivojlanish dinamikasini ko‘rsatib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:          
XIX asr ikkinchi yarmi – XXI asr boshlarida o‘zbek xalqining an’anaviy xo‘jaligiga oid tarixiy tafakkurning shakllanishi, turli ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning ta’siri natijasida tadqiqotlarning sifat, uslub va xususiyatlarining o‘zgarishi, vujudga kelgan ilmiy g‘oyalar va yo‘nalishlarning tadrijiy rivojlanib borganligi aniqlangan; 
sobiq Rossiya imperiyasi davrida o‘lkada xo‘jalik munosabatlariga doir ilmiy izlanishlarning tub maqsadi sug‘orma dehqonchilikning samaradorligi va istiqbollarini o‘rganishga, hukmron doiralarning paxtachilik, chorvachilik va hunarmandchilik sohalariga kapital kiritishga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari bilan uzviy bog‘liqligi ilmiy bilimlarning rivojlanish jarayonlari kontekstida ochib berilgan; 
Sobiq sovet davrida jamoalashtirish, sanoatlashtirish siyosatining amalga oshirilishi, an’anaviy iqtisodiy tizimning inkor etilishiga qaramasdan xalqlarning xo‘jalik-madaniy an’analari, sug‘orma  dehqonchilikning tarixiy ildizlari, dehqonchilik, chorvachilik va hunarmandchilikning rivojlanish tendensiyalari tarixiy-etnografik, arxeologik tadqiqotlarning muhim ilmiy yo‘nalishlari sifatida rivojlanganligi ochib berilgan;
O‘zbekiston mustaqilligi yillarida to‘plangan tarixiy bilimlar, jumladan, xo‘jalik masalalariga doir tarixiy-etnografik, etnologik, etnososiologik tadqiqotlarning asosiy yo‘nalishlari aniqlanib, o‘zbek xalqining xo‘jalik-madaniy an’analari va u bilan bog‘liq urf-odat va marosimlari, tabiatni, er va suvni e’zozlashga doir qarashlar rivojlanganligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
XIX asr ikkinchi yarmi – XXI asr boshlari tadqiqotlarida o‘zbek xalqining an’anaviy xo‘jaligi masalalari bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
XIX asr ikkinchi yarmi – XXI asr boshlarida o‘zbek xalqining an’anaviy xo‘jaligi yoritilgan adabiyotlarda tarixiy tafakkurning shakllanishi va rivojlanishiga oid ilmiy natija va xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2013 yil 19 apreldagi 128-sonli buyrug‘iga asosan nashrga tayyorlangan “Markaziy Osiyo xalqlari tarixi tarixshunosligi va manbashunosligi” nomli kitobining “Markaziy Osiyo xalqlari etnogenezi va etnik tarixi tarixshunosligi”, “Chor Rossiyasining mustamlakachiligi davrida Turkiston xalqlari tarixi tarixshunosligi”, “Markaziy Osiyo xalqlari XX asr tarixi tarixshunosligi masalalari” paragraflarini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 28 sentyabrdagi 89-03-3274-son ma’lumotnomasi). Bu o‘zbek xalqi etnogenezi va etnik tarixi tarixshunosligi masalalarini talabalarga yanada kengroq etkazib berishga xizmat qilgan; 
o‘zbek xalqining xo‘jalik-madaniy an’analari, sug‘orma dehqonchilikning tarixiy ildizlari, dehqonchilik, chorvachilik va hunarmandchilikning rivojlanish tendensiyalariga oid ilmiy g‘oyalari va xulosalaridan Andijon viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyining  “Tarix” mavzuidagi ekspozision rejalarini tuzishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2019 yil 24 sentyabrdagi 01-12-10-4807-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning joriy qilinishi muammoga doir eksponatlarni xo‘jalik turlari kesimida joylashtirishga ko‘mak bergan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish