Kuchkarov Xayrulla Zikirillaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Jinoyat protsessida nazorat tartibida ish yuritishni takomillashtirish», 12.00.09–Jinoyat protsessi. Kriminalistika, tezkor-qidiruv huquq va sud ekspertizasi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/Yu279.
Ilmiy rahbar: Rustambaev Mirzayusup Xakimovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti, DSc.30.08.2018.Yu.74.01.
Rasmiy opponentlar: Inog‘omjonova Zumrad Fatxullaevna, yuridik fanlar doktori, professor; Mo‘minov Behzod Abduvaxobovich, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: jinoyat protsessida nazorat tartibida ish yuritishni ta’minlash bilan bog‘liq huquqiy munosabatlarni kompleks tahlil qilish asosida O‘zbekiston Respublikasining jinoyat-protsessual qonun hujjatlarini takomillashtirish va huquqni qo‘llash amaliyotining samaradorligini ta’minlash bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
viloyat sudlari va ularga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyasiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan ishlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan apellyasiya yoki kassatsiya yoxud nazorat tartibida ko‘rib chiqilgan ishlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatiga sud qarorlari ustidan nazorat tartibida shikoyat qilinishi va protest keltirilishi mumkinligi asoslab berilgan;
jinoyat ishlarini nazorat tartibida ko‘rish bo‘yicha sudlar tomonidan nazorat tartibidagi shikoyat bir oygacha bo‘lgan muddatda, ish talab qilib olinadigan va tekshiriladigan hollarda esa ikki oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqilishi kerakligi asoslab berilgan;
jinoyat protsessida ishni nazorat tartibida ko‘rib chiqayotgan sud oldingi hukm yoki ajrim asossiz ravishda bekor qilingan yoki o‘zgartirilgan, apellyasiya, kassatsiya yoki nazorat tartibida ishni ko‘rish chog‘ida qonunning buzilishiga yo‘l qo‘yilgan va bu ajrim yoki qarorni to‘g‘ri chiqarishga ta’sir qilgan yoki ta’sir qilishi mumkin edi deb e’tirof etgan taqdirda apellyasiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining ajrimlari, nazorat instansiyasi sudining ajrimlari va qarorlari ham bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi lozimligi asoslangan;
jinoyat ishlarini nazorat tartibida ko‘rishda Oliy sud raisi yoki uning o‘rinbosari ajrimi bo‘yicha Jinoyat-protsessual kodeksi 5151-moddasi uchinchi qismiga muvofiq nazorat tartibida ish yuritish qo‘zg‘atilishi mumkinligi asoslab berilgan;
qonunda shikoyat (protest) berish uchun biron-bir muddat belgilanmaganligi hamda qonunda nazorat tartibida ish yuritish predmeti bo‘yicha muayyan istisnolar nazarda tutilganligi, chunonchi, hukm chiqarilgandan so‘ng qabul qilingan amnistiya aktini, tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash masalalari yuzasidan, shuningdek, mahkumga nisbatan ijro etilmagan bir necha hukm mavjud bo‘lib, vaqt jihatdan oxirgi hukmni chiqargan sud bundan bexabar bo‘lgan hollarda berilgan shikoyat (protest), agar unda ayni bir paytda ayblov mazmuni yoki sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligi bo‘yicha boshqa masalalar qo‘yilgan bo‘lmasa, nazorat instansiyasi sudi tomonidan ko‘rilmasligi asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Jinoyat protsessida nazorat tartibida ish yuritishni takomillashtirish tadqiqoti bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
sud qarorlari ustidan nazorat tartibida shikoyat qilish va protest keltirish tartibiga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 29 yanvardagi O‘RQ-463-son “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi Qonuni 2-moddasi 31-bandida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksini 5101-modda bilan to‘ldirilishida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2019 yil 24 sentyabrdagi 06/1-05/3153vx-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar jinoyat protsessida nazorat tartibida ish yuritish institutini takomillashtirishga xizmat qilgan;
jinoyat protsessida nazorat tartibidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish muddatlariga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 29 yanvardagi O‘RQ-463-son “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi Qonuni 2-moddasi 34-bandida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksini 514-moddasini to‘ldirilishida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2019 yil 24 sentyabrdagi 06/1-05/3153vx-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflar jinoyat protsessida sud hukmi, ajrimi va qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini nazorat tartibida tekshirilishini yanada takomillashtirish uchun xizmat qilgan;
jinoyat ishlarini ko‘rishda nazorat instansiyasi sudining vakolatlariga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 29 yanvardagi O‘RQ-463-son “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi Qonuni 2-moddasi 39-bandida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksini 521-moddasini to‘ldirilishida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2019 yil 24 sentyabrdagi 06/1-05/3153vx-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflarning joriy etilishi jinoyat ishlarini nazorat tartibida ko‘rishga oid faoliyatini takomillashtirishga xizmat qilgan;
jinoyat protsessida nazorat tartibida protest bildirish huquqiga ega shaxslar vakolatlarini belgilash hamda nazorat tartibida protest yoki shikoyat berish muddatlariga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2019 yil 24 maydagi “Jinoyat ishlarini nazorat tartibida ko‘rish bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi 11-sonli qarorining 2, 4, 7-bandlarini ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2019 yil 23 sentyabrdagi PL-52-19-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning qabul qilinganligi jinoyat ishlarini nazorat tartibida ko‘rish sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlarini sudlar tomonidan to‘g‘ri va bir xilda qo‘llash borasida muhim tushuntirishlar berish uchun xizmat qilgan.