Abdusalomova Nodira Baxodirovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Boshqaruv hisobi tizimida ichki nazorat va byudjetlashtirish uslubiyatini takomillashtirish», 08.00.08–Buxgalteriya hisobi, iqtisodiy tahlil va audit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.DSc/Iqt187.
Ilmiy maslahatchi: Ibragimov Abdugapur Karimovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent moliya instituti, DSc.27.06.2017.I.17.01.
Rasmiy opponentlar: Pardaev Mamayunus Qarshiboevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Karimov Ne’matulla Fatxullaevich, iqtisodiyot fanlari doktori; Aliqulov Abdimo‘min Ismatovich, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: boshqaruv hisobi tizimida ichki nazorat va byudjetlashtirish uslubiyatini takomillashtirishga oid taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
samarali boshqaruv hisobini tashkil etishga mo‘ljallangan uslubiyat (tamoyillar) va amaliyot (jarayonlar)ni o‘zida aks ettiruvchi takomillashtirilgan hisob siyosatini shakllantirish uslubi ishlab chiqilgan;
korxonalarda ichki nazorat tizimini shakllantirish uslubiyati ichki nazoratning o‘tkazish vaqti, nazorat jarayonlari, qo‘llanilish sohalariga ko‘ra shakllari, ichki nazoratning boshqaruv funksiyalari, amalga oshirish usullari, nazorat faoliyatining sub’ektlari va ob’ektlari bo‘yicha turlari hamda ichki nazoratning qonuniylik, ilmiylik, ob’ektivlik tamoyillari asosida takomillashtirilgan;
byudjetlashtirishda ko‘rsatkichlarni shakllantirish bo‘yicha boshqaruv hisobining ob’ektlari tuzilmasi asosida sotish byudjetini tuzish algoritmi takomillashtirilgan;
ishlab chiqarish faoliyatini ta’minlash, byudjetlarni shakllantirish, debitorlik va kreditorlik qarzlari va investisiya loyihalarini baholash bo‘yicha boshqaruv qarorlarini qabul qilish uchun zarur bo‘lgan axborotni olish hamda boshqaruv sifatini baholash uchun xarajatlarning kelib chiqish joylari, javobgarlik markazlari bo‘yicha axborotni detallashtirish imkonini beruvchi byudjetlashtirish metodikasi ishlab chiqilgan;
boshqaruv hisobi tizimining byudjetlashtirish jarayonida tushumlar va to‘lovlar byudjeti bo‘yicha axborotlarni shakllantirishga moslashtirilgan ishchi schetlar rejasi ikkita byudjet schyoti va ikkita oraliq schyotlarini kiritish asosida takomillashtirilgan;
“boshqaruv hisobi” ta’rifi korxonani boshqarishda resurslardan oqilona foydalanishi, xodimlarning doimiy javobgarligini ta’minlash, qaror qabul qilish va amaldagi operasiyalarning samaradorligini oshirish, xarajatlar hisobi va tahlilining murakkab tizimi va “byudjetlashtirish” ta’rifi faoliyatni nazorat qilish boshqaruv texnologiyasi, resurslarni boshqarishda ishlab chiqarishning har bir bosqichida intizomiy nazoratni kuchaytirishni kiritish asosida takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Boshqaruv hisobi tizimida ichki nazorat va byudjetlashtirish uslubiyatini takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar asosida:
metallurgiya sanoati korxonasida samarali boshqaruv hisobini tashkil etishga mo‘ljallangan uslubiyat (tamoyillar), amaliyot (jarayonlar)ni o‘zida aks ettiruvchi hisob siyosatini shakllantirish tartibi bo‘yicha taklifi “O‘zbekiston Metallurgiya kombinati” AJ tomonidan boshqaruv hisobini tashkil etishda foydalanilgan (“O‘zbekiston Metallurgiya kombinati” AJning 2019 yil 14 avgustdagi 01/04-02-254-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifni amaliyotga joriy etish natijasida tejalgan xarajatlar miqdori 2019 yil yarim yillikda 3,0% ga oshgan;
ichki nazorat tizimini tashkil etish tartibi va uning tarkibiy qismlari to‘g‘risidagi takliflari, ichki nazoratni asosiy tamoyillariga oid tavsiyalaridan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tegishli me’yoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2019 yil 30 avgustdagi 06-17-01-35/669-3836 son ma’lumotnomasi).Takliflarning amaliyotda qo‘llanilishi natijasida faoliyatga ta’sir qiluvchi ichki va tashqi omillar aniqlanib, 2019 yil yarim yillikda tejalgan xarajatlar miqdori 2,5% ni tashkil etgan;
metallurgiya sanoati korxonasi uchun sotish byudjetini tuzish uslubiyati bo‘yicha taklifi “O‘zbekiston Metallurgiya kombinati” AJning hisob siyosatida o‘z aksini topgan (“O‘zbekiston Metallurgiya kombinati” AJ 2019 yil 14 avgustdagi 01/04-02-254-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifni amaliyotga joriy etish natijasida korxona mulki va uni shakllantirish manbalarining tarkibi, tuzilmasini optimallashtirish imkonini berib va shu tariqa soliq yukining kamayishi, mahsulot tannarxining pasayishi va korxona moliyaviy barqarorligining oshishi ta’minlanib, 2019 yil yarim yillik davr mobaynida xarajatlar 4,0% ga kamaygan;
ishlab chiqarish faoliyatini ta’minlash, byudjetlarni shakllantirish bo‘yicha boshqaruv qarorlarini qabul qilishga ta’sir qiluvchi asosiy omillarni aniqlash imkonini beruvchi byudjetlashtirish uslubi bo‘yicha taklifi “O‘zbekiston Metallurgiya kombinati” AJ hisob siyosatida o‘z aksini topgan (“O‘zbekiston Metallurgiya kombinati” AJning 2019 yil 14 avgustdagi 01/04-02-254-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifni amaliyotga joriy etish natijasida 2019 yil yarim yillikda xarajatlar 2,5% ga kamaygan;
boshqaruv hisobi tizimining byudjetlashtirish jarayonida tushumlar va to‘lovlar byudjeti bo‘yicha axborotlarni shakllantirishga moslashtirilgan ishchi schetlar rejasiga ikkita byudjet schyoti va ikkita oraliq schyotlarni kiritish bo‘yicha taklifi “O‘zbekiston Metallurgiya kombinati” AJ hisob siyosatida o‘z aksini topgan (“O‘zbekiston Metallurgiya kombinati” AJning 2019 yil 14 avgustdagi 01/04-02-254-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida 2019 yil yarim yillikda xarajatlarni 2,0 % ga tejash imkoniyatini bergan;
boshqaruv hisobi va byudjetlashtirish tushunchalariga berilgan takomillashtirilgan ta’riflari 5230900 - “Buxgalteriya hisobi va audit” mutaxassisliklari talabalari uchun tavsiya etilgan “Boshqaruv hisobi” fani bo‘yicha muallif tomonidan yozilgan darslikka kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 2 maydagi 394-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan 394-112-son guvohnomasi). Ushbu ta’riflar boshqaruv hisobining nazariy asoslarini takomillashtirishga hamda ta’lim sifatini oshirishga xizmat qilgan.