Musaev Otabek Qudratovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Kompetensiyaviy yondashuv asosida pedagogik qobiliyatlar kompleksini takomillashtirish (oliy ta’lim muassasasi o‘qituvchilari misolida)”, 13.00.01–Pedagogika nazariyasi. Pedagogik ta’limotlar tarixi (pedagogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Ped41.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Navoiy davlat pedagogika instituti.
Ilmiy rahbar: Ibraimov Xolboy Ibragimovich, pedagogika fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, PhD.28.03.2018.Ped.02.05.
Rasmiy opponentlar: Shodiev Narziqul Shodievich, pedagogika fanlari doktori, professor; Meliev Xamid Abdullaevich, pedagogika fanlari nomzodi, professor.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: o‘qituvchilar pedagogik qobiliyatini rivojlantirishning pedagogik mexanizmlarini takomillashtirishga oid taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilarida pedagogik qobiliyatlarni rivojlantirish omillari (shart-sharoit, doimiy muloqot va munosabatlar, hamkorlikdagi faoliyat, o‘z-o‘zini rivojlantirish va baholash) umumkasbiy, kognitiv va ijtimoiy kompetensiyalar tarkibi va o‘quv faoliyatiga oid pedagogik qobiliyatlar xususiyatlari bog‘liqligi asosida aniqlangan;
pedagogik qobiliyatlarni rivojlantirishning integrallashgan metodik ta’minoti (reproduktiv, ijodiy-izlanish va novatorlik bosqichlari mazmuni) kvalimetrik parametrlarning prognostik xususiyatlariga ustuvorlik berish asosida takomillashtirilgan;
interfaol metodlarning pedagogik ta’sirchanlik imkoniyatlari o‘qituvchining pozision harakatlari (boshqaruvchi, ekspert, yo‘naltiruvchi, maslahatchi, tashkilotchi, kuzatuvchi) mazmunini bosqichlashtirish asosida kengaytirilgan;
pedagogik qobiliyatlarni rivojlantirishning tashkiliy-pedagogik jarayonlari ijodiy faoliyatga yo‘naltirilgan elementlar (integrativ yondashuv, loyihalashtirish, texnologiyalashtirish) uchun topshiriqlar va vaziyatli mashqlar majmuini ishlab chiqish asosida takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Oliy ta’lim muassasasi o‘qituvchilari misolida kompetensiyaviy yondashuv asosida pedagogik qobiliyatlar kompleksini takomillashtirishga doir tadqiqot natijalari asosida:
oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilarida pedagogik qobiliyatlarni rivojlantirish omillarini aniqlashtirish, umumkasbiy, kognitiv va ijtimoiy kompetensiyalar mazmuni va o‘quv faoliyatiga oid pedagogik qobiliyatlar xususiyatlari bog‘liqligiga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 20 avgustdagi 242-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishga qo‘yiladigan malaka talablari” mazmuniga singdirilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 17 maydagi 89-03-1336-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘qituvchilarning pedagogik salohiyatini rivojlantirish mazmun-mohiyati takomillashtirilib, interfaol ta’lim metodlari va texnologiyalari vositasida ularda pedagogik qobiliyatlarini rivojlantirish samaradorligini oshirish imkonini bergan;
pedagogik qobiliyatlarni rivojlantirishning integrallashgan metodik ta’minoti, kvalimetrik parametrlarning prognostik xususiyatlari, interfaol metodlarning pedagogik ta’sirchanlik imkoniyatlarini kengaytirish, o‘qituvchining pozision harakatlari mazmunini bosqichlashtirishga oid takliflardan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi “Ta’lim muassasalari uchun yaratilgan o‘quv-metodik adabiyotlarni muvofiqlashtirish Kengashi”ning 2016 yil 19 maydagi 5-sonli bayoni bilan tasdiqlangan “O‘qituvchilarning pedagogik qobiliyatlarini tashxislash va rivojlantirish metodikasi”ni ishlab chiqishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 17 maydagi 89-03-1336-son ma’lumotnomasi). Metodikaning joriy etilishi o‘qituvchilardagi pedagogik sifatlari va pedagogik qobiliyati, o‘z faoliyatiga nisbatan refleksiv yondashuv ko‘nikmalarini shakllanishiga, pedagog kadrlarda interfaol ta’lim muhitini yaratishga xizmat qiluvchi zamonaviy kompetensiyalarning o‘zlashtirilishiga xizmat qilgan;
pedagogik qobiliyatlarni rivojlantirishning tashkiliy-pedagogik jarayonlarini takomillashtirish, ijodiy faoliyatga yo‘naltirilgan elementlar uchun topshiriqlar va vaziyatli mashqlar majmuiga oid takliflardan 2009–2011 yillarda bajarilgan ITD-1-1-17 raqamli “Uzluksiz ta’lim jarayonida o‘quvchilarda qat’iy tolerantlik dunyoqarashini shakllantirishning ijtimoiy-pedagogik imkoniyatlari” mavzusidagi loyihani bajarishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 17 maydagi 89-03-1336-son ma’lumotnomasi). Mazkur loyiha o‘qituvchilarning o‘quvchilardagi tolerantlik dunyoqarashini shakllantirish, ularda o‘zaro hurmat va do‘stlikka bo‘lgan motivatsiyani oshirishga yo‘naltirilgan pedagogik qobiliyatlarini rivojlantirish samaradorligini oshirishga xizmat qilgan.