Xodjaeva Nilufar Bekmuratovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Premchand asarlari o‘zbekcha tarjimalarining leksik-stilistik xususiyatlari”, 10.00.06–Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/Fil281.
Ilmiy rahbar: Usmanova Shoira Rustamovna,    filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.Fil.21.01.
Rasmiy opponentlar: Muhibova Ulfat Uchkunovna, filologiya fanlari doktori; Ochilov Ergash Zakirovich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent. 
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy va nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Premchandning «G‘aban» («Najot») va «Vardan» («Sevgi in’omi») romanlarining Amir Fayzullo tomonidan amalga oshirilgan o‘zbekcha tarjimalarining leksik-stilistik xususiyatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Premchandning «G‘aban», «Vardan» romanlari va ularning «Najot», «Sevgi in’omi» nomi ostidagi o‘zbekcha tarjimasida berilgan frazeologizm, o‘xshatish, metafora, murojaat leksikasi, jonli nutq birliklari, tarixiy, milliy-madaniy, diniy realiyalarning o‘zbek tilidagi leksik, semantik, stilistik, struktur xususiyatlari aniqlangan;
romanlarda hind madaniyatiga xos leksikaning o‘zbek tiliga shakl jihatdan o‘xshash va semantik jihatdan farqli qirralarni ifodalashning fonetik, morfologik, etnolingvistik va leksikologik jihatlari asoslangan;
romanlarda qo‘llangan milliy-madaniy, tarixiy, diniy realiyalar, murojaat birliklarining transliteratsiya, transformatsiya usullarida, ibora, o‘xshatish, metaforalarni esa so‘zma-so‘z, ekvivalenti yoki muqobil variantlari vositasida o‘zbek tiliga tarjima qilinishi dalillangan;
hind madaniyatiga xos milliy, diniy, hududiy xususiyatlar aniqlanib, o‘zbekcha tarjimasidagi lisoniy analoglari va ifodasidagi unikaliya va universaliyalar isbotlab berilgan;
hind madaniyatiga xos jest, mimika, ramz, teonim, ranglar simvolikasi, kabi ekstralingvistik xususiyatlarini asliyatdan o‘zbekchaga tarjima qilishning tasviriy-tavsifiy usullari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Premchand asarlarining o‘zbekcha tarjimalaridagi leksik-stilistik xususiyatlar tahlili yuzasidan olingan ilmiy natijalar va amaliy takliflar asosida:
badiiy asarda hind madaniyatiga xos xususiyatlar va fol`klor elementlarining aks etishiga doir takliflardan OT-F1-67 raqamli «Buyuk ipak yo‘li mintaqasi xalqlari fol`klorining tipologiyasi, milliy o‘ziga xosligi va yozma adabiyot rivojida tutgan o‘rni» mavzusidagi loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 26 fevraldagi 89-03-822-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar asosida Premchand asarlarining milliy-madaniy xususiyatlari va fol`klor elementlarining o‘zbek tilida ifodalanishi masalasini ochib berishga xizmat qilgan; 
hind adabiyotining O‘zbekistonda o‘rganilishi, o‘zbek tilidan hindiyga, hindiydan o‘zbek tiliga amalga oshirilgan badiiy tarjimalar, Premchand ijodining O‘zbekistonda o‘rganilishiga doir tavsiyalardan Lal Bahodur Shastri nomidagi Hindiston madaniyat markazi ilmiy faoliyatida foydalanilgan (Lal Bahodur Shastri nomidagi Hindiston madaniyat markazining 14 martdagi ma’lumotnomasi). Natijada Premchand asarlarining o‘zbek tilidagi tarjimalari va ularning leksik-stilistik xususiyatlari  ilmiy jihatdan asoslashga xizmat qilgan;
Premchand asarlarining o‘zbekcha tarjimalaridagi leksik-stilistik xususiyatlarni yoritish bo‘yicha olingan ilmiy-nazariy xulosalardan A-1-180 raqamli «Tarjima va madaniyatlararo muloqot masalalariga oid o‘quv qo‘llanmalari yaratish» mavzusidagi ilmiy tadqiqot loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 26 fevraldagi 89-03-822-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanishi hindiydan o‘zbekchaga tarjima jarayonida badiiy asarning leksik-stilistik xususiyatini aniqlash, badiiy san’atlarning ekvivalentlarini tanlash, tarjimani asliyat bilan hamohang tarzda amalga oshirishga oid yangicha nazariy yondashuvlar bilan bog‘liq masalalarni aniqlashga ko‘mak bergan;
hind-o‘zbek adabiy aloqalari rivojida badiiy tarjimaning o‘rni, hindcha badiiy asarda berilgan leksik-semantik, leksik-stilistik xususiyatlarining o‘zbekchadagi ifodasi, Premchand asarlarining o‘zbekcha tarjimalarida tarjimon mahorati, o‘zbek tilidan hindiy tiliga tarjima jarayonining murakkab qirralarini o‘rganish haqidagi takliflardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «Toshkent» telekanalida efiga uzatilgan «Yonimizdagi odamlar» va «Toshkent vaqti» sahifasida turkum ko‘rsatuvlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «Toshkent telekanali» davlat unitar korxonasining 2017 yil 18 dekabrdagi 02-17/1024-son ma’lumotnomasi). Natijada, tayyorlangan materiallar teledastur mazmunini boyitib, teletomoshabinlar, xususan Premchand asarlarining o‘zbekcha tarjimalarida tarjimon mahorati, o‘zbek tilidan hindiy tiliga tarjima jarayonining murakkab qirralari bo‘yicha tasavvur hosil qilishga xizmat qilgan;
o‘zbek tilidan hindiy tiliga qilingan badiiy tarjimaning amaliy xususiyatlariga doir natijalardan O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim vazirligining fundamental tadqiqotlar bo‘yicha YoA1-13 raqamli «Sharq tillari ikki tilli lug‘atlarining leksikografik tadqiqotlari» (2013–2014 yillar) nomli loyihada hindcha-o‘zbekcha, o‘zbekcha-hindcha frazeologik lug‘atni tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 26 fevraldagi 89-03-822-son ma’lumotnomasi). Natijada lug‘at  asosidagi terminologiya bo‘yicha olingan nazariy va amaliy tavsiyalardan xalqaro darajadagi mutaxassislar foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish