Ramazonov Nodir Normurodovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Alisher Navoiy ijodida faqr talqini va faqir obrazi», 10.00.02–O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Fil804
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti.
Ilmiy rahbar: Haqqulov Ibrohim Chorievich, filologiya fanlari doktori.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, DSc.27.06.2017.Fil.46.01.
Rasmiy opponentlar: Boltaboev Hamidulla Ubaydullaevich, filologiya fanlari doktori, professor; Abduqodirov Abdusalom, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti/
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Alisher Navoiy ijodida faqr maslagi va faqir obrazi masalalarini milliy istiqlol mafkurasi va bugungi adabiyotshunoslikdagi yangicha qarashlar nuqtai nazaridan yaxlit monografik aspektda tadqiq etish va uning ahamiyatini ko‘rsatib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tasavvuf ta’limotida faqr – Haqqa etishga monelik qiladigan barcha to‘siqlar (o‘zlik, kibru havo, manmanlik, nafs talablari, mol-mulk va mansab-joh orzusi va hok.)dan kechib, ko‘ngilni Haq nazargohiga aylantirish ekanligi dalillangan;
tasavvuf tariqatlarida faqr maqomlaridan biri sifatida kamolotning asosiy yo‘li, solikni tarbiyalashdagi asosiy vosita, undan ko‘zlangan asosiy maqsad esa “urvai vusqo” (“mustahkam tutqich”) – Qur’on ko‘rsatmalariga amal qilish, mutobi’at – payg‘ambar sunnatiga bog‘lanish ekanligi dalillangan, faqr shariat va tariqatni o‘zaro bog‘lashga xizmat qilganligi isbotlangan;
faqr lirik asar mavzusi, motivi, obrazlari shakllanishida ishtirok etuvchi muhim tarkibiy komponent sifatida badiiy matnda o‘zlik, shukr, rizo, tavakkul, sabr, qanoat, irfon, fano singari tasavvufiy tushunchalarni ifodalaydigan istilohlar bilan, ayniqsa faol munosabatga kirishishi asoslangan;
Navoiy lirikasida faqir obrazi podshoh (shoh), dunyo va zohid obrazlari bilan kontrast aloqadorlikda tasvirlanganligi, faqir obrazi yaratilgan baytlar maqta’ yoki maqta’dan bitta oldin kelgan baytlarga to‘g‘ri kelishi shoir lirikasida uslub va badiiy metod bilan bog‘liqligi dalillangan;
“Saddi Iskandariy” dostonida faqrning shohlik bilan bog‘liqlikda talqin etilishi, “Lison ut-tayr”dagi Shayx San’on obrazi tasvirida kamolotning faqr orqali asoslanishi ushbu dostonlarda faqr funksional jihatdan asar konsepsiyasi, badiiy g‘oyasini shakllantiruvchi, unga yo‘nalish beruvchi masala sifatida qaralganligini ko‘rsatishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Alisher Navoiy ijodida faqr talqini va faqir obrazi bo‘yicha olingan natijalar asosida:
o‘zbek adabiyoti tarixi taraqqiyoti va tasavvuf masalalariga doir ilmiy-nazariy qarashlar va xulosalardan Davlat ilmiy-texnika dasturi doirasida Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutida bajarilgan FA–F8 15 raqamli “O‘zbek fol`klori va adabiyoti tarixi” (2007–2011) mavzusidagi fundamental loyihasini bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 19 iyuldagi 3/1255-2005-son ma’lumotnomasi). Natijada tasavvuf va badiiy adabiyotning o‘zaro munosabatlari qonuniyatlari aniqlangan, tasavvufiy tushuncha va qarashlarning o‘zbek mumtoz adabiyoti tarixidagi o‘rni masalalariga oydinlik kiritilgan;
tadqiqotda faqrning Navoiy ijodi badiiy-estetik konsepsiyasi o‘laroq yaxlit masala sifatida o‘rganilganligi, faqir obrazi shoir lirikasining markaziy obrazlaridan biri sifatida qaralganligidan kelib chiqadigan ilmiy-nazariy qarashlar va xulosalardan Davlat ilmiy-texnika dasturi doirasida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida bajarilgan A–1–118 raqamli “Alisher Navoiy obrazining tasvir va talqinlariga oid o‘quv qo‘llanmasini tayyorlash va nashr etish” (2015–2017) mavzusidagi amaliy loyihasini bajarishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 15 avgustdagi 89-03-3028-son ma’lumotnomasi). Natijada faqir obrazining shoir lirikasi boshqa obrazlari (shoh, dunyo, zohid) bilan bog‘liqlikdagi poetik talqini masalasiga oydinlik kiritilgan, faqr badiiy talqinida Navoiyning o‘zlik, shukr, rizo, tavakkul, sabr, qanoat, ma’rifat singari tushunchalarga alohida e’tibor qaratganligi masalasi yoritilganligi mazkur amaliy loyihaning metodologik asoslarini shakllantirishga xizmat qilgan.