Yo‘ldoshev Salimjon Valievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Farg‘ona vodiysi aholisining xalq o‘yinlari”, 07.00.07–Etnografiya, etnologiya va antropologiya (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Tar259.
Ilmiy rahbar: Abdullaev Sherzod Majidovich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti, DSc.06.01.2018.Tar.56.01.
Rasmiy opponentlar: Abdullaev Ulug‘bek Saydanovich, tarix fanlari doktori, professor; Qoraboev Usmon Xosilovich, falsafa fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Farg‘ona vodiysida xalq o‘yinlarining shakllanish tarixi, ularning etnik, tabiiy-geografik, xo‘jalik-madaniy omillari hamda u bilan bog‘liq etnik-madaniy an’analar, urf-odatlar, xalq o‘yinlarining bugungi kundagi transformatsiyasi va tarbiyaviy ahamiyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
xalq o‘yinlari genezisi va takomili vodiy aholisining ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti jarayonida shakllanganligi tarixiy-etnografik materiallar asosida ochib berilgan;
xalq o‘yinlarining tarixiy ildizlarining kelib chiqishi jarayoni vodiy aholisining qadimgi diniy va mifologik tasavvurlari bilan uzviy ravishda bog‘liqligi aniqlangan;
Farg‘ona vodiysi xalq o‘yinlarini tashkil etish va o‘tkazish xalqona qat’iy qoidalar hamda me’yorlarga asoslangan bo‘lib, yoshlarda chaqqonlik, hushyorlik, ustamonlik, halollik, raqibni hurmat qilish, mehmondo‘stlik, tolerantlik kabi fazilatlarni shakllantirganligi etnografik materiallar asosida dalillangan;
ijtimoiy modernizatsiya jarayonlarida xalq o‘yinlarining rivojlanish tendensiyalari, transformatsiyasi, uning tarixiy-madaniy va etnogenetik hamda lokal xususiyatlarini saqlab qolish omillari etnografik aspektda asoslab berilgan;
aholining, ayniqsa, yoshlarni sog‘lom turmush tarzi, jismoniy va ma’naviy barkamollik xususiyatlarini rivojlantirishda xalq o‘yinlarining o‘rni hamda tarbiyaviy ahamiyati ko‘rsatib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Farg‘ona vodiysi aholisining xalq o‘yinlari bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
bolalar o‘yinlarini tashkil etish, yosh toifalar o‘rtasida tasniflanishi va harakatli hamda harakatsiz o‘yinlar, predmet orqali o‘ynaladigan o‘yinlarni joriy etishda bolaning jismoniy imkoniyatlarini hisobga olishga oid `akliflardan OT–F-1-100 raqamli “Imkoniyati cheklangan bolalar ijtimoiy-madaniy faoliyatining badiiy-ijodiyot vositalari asosida nazariy va amaliy takomillashuvi” fundamental loyihaning “Imkoniyati cheklangan bolalar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni targ‘ib etish” qismini yozishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 29 martdagi 89-03-1198-son ma’lumotnomasi). Bu imkoniyati cheklangan yoshlar o‘rtasida harakatli, harakatsiz, predmetli bolalalar o‘yinlari orqali ularni urf-odat va milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, harakat imkoniyatlarini rivojlantirishga xizmat qilgan;
“Uloq, ko‘pkari” atamasining kelib chiqish tarixi, uloqning mintaqaviy ko‘rinishlari, turlari va o‘yin bilan bog‘liq qoidalarga oid tavsiyalardan “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi”ning 9-jildida “uloq” maqolasini yozishda foydalanilgan (“O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyotining 2019 yil 12 martdagi 01-90-son ma’lumotnomasi). Ushbu ilmiy tavsiyalar sportning milliy turlari va xalq o‘yinlarini, uloq o‘yinini ommaviylashtirishga, uning tarixini o‘rganishga xizmat qilgan;
Ot bilan bog‘liq milliy o‘yin – “uloq-ko‘pkari”, “ommaviy uloq o‘yini”, “poyga”, “olomon poyga”, “qiz quvmoq”, “erdan ro‘mol olish”, “ot ustida kurash” kabi o‘yinlarning jamiyatda mavqeini yuksaltirish va amaliy ahamiyatiga oid takliflardan O‘zbekiston uloq-ko‘pkari federatsiyasi tomonidan ishlab chiqilgan ot o‘yinlari musobaqalarini o‘tkazish qoidalarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Uloq-ko‘pkari federatsiyasining 2018 yil 19 dekabrdagi 15-01-94-son ma’lumotnomasi). Taklif etilgan xulosalar milliy o‘yinlarimiz orqali yoshlarni mardlik, jasurlik, vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga, ularni jismonan va ma’nan barkamol etib voyaga etkazishda, ularda milliy o‘zlikni mustahkamlashga xizmat qilgan;
xalq o‘yinlarining tarixi, shakllanish bosqichlari va ot bilan bog‘liq o‘yinlarning mintaqaviy jihatlariga doir ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Dunyo bo‘ylab” telekanali Ma’rifiy-o‘lkashunoslik muharriyatining “Qadimgi dunyo otlari”, “Dovon otlari” ko‘rsatuvlarida hamda Farg‘ona viloyat telekanali bilan hamkorlikda “Ot minmagan erkaklar”, “Dovon otlari tarixi va taqdiri” kabi ko‘rsatuvlarni tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Dunyo bo‘ylab” telekanali DUKning 2019 yil 15 martdagi 08-14-119-son va Farg‘ona davlat teleradiokompaniyasining 2018 yil 18 dekabrdagi 12/01-144-son ma’lumotnomalari). Taklif etilgan fikr va mulohazalar milliy xalq o‘yinlari bilan bog‘liq urf-odatlar va qadriyatlarni targ‘ib etish hamda xalq o‘yinlari misolida millatlararo totuvlik, yaxshi qo‘shnichilik g‘oyalarini jamoatchilikka etkazishda xizmat qilgan.