Daminov Irgash Inoyatovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Abu-l-Muin Nasafiy ilmiy merosining Movarounnahr kalom ta’limoti rivojidagi ahamiyati”, 24.00.03–Fiqh, kalom ilmi. Ilohiyot (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Tar51.
Ilmiy rahbar: Uvatov Ubaydulla Murodovich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, DSc.27.04.2018.Isl/Tar.57.01.
Rasmiy opponentlar: Bekmirzaev Ilxom Isroiljonovich, tarix fanlari doktori, dotsent, Zoxidov Qobiljon Tairdjanovich, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Abu-l-Muin Nasafiy merosining ijtimoiy zaruratini, tarixiy ahamiyatini ilmiy asoslash hamda shu yo‘nalishda tadqiqot olib boruvchi mutasaddi tashkilotlar uchun amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Abu-l-Muin Nasafiyning kalom ilmi rivojlanishidagi xizmati, adashgan firqalar e’tiqodini to‘g‘rilovchi “ahlu-s-sunna va-l-jamoa” ilg‘or fikrli allomasi hamda Movarounnahrga xos bo‘lmagan, noan’anaviy diniy-aqidaviy g‘oyalarga qarshi kurashning nazariy asoschisi ekani Qur’on va hadis, urf va qiyos yo‘li bilan asoslangan;
Abu-l-Muin Nasafiy ilmiy merosida konstruktiv asos deb qaralgan ilm va hayot munosabati, «imon», «rizq», «kasb», «imomat», «bog‘iylik», «rahbarga itoat va itoatsizlik» masalalari barcha mazhablar uchun diniy va dunyoviylik o‘rtasidagi funksional uyg‘unlikni ta’minlovchi omil asoslangan;
allomaning «Tabsiratu-l-adilla» va «at-Tamhid li qavoidi-t-tavhid» asarlarida bayon etilgan diniy mutaassiblikni, firqalararo nomutanosiblikni keltirib chiqaruvchi aqidaparastlikka qarshi kurashuvchi ta’limotning mohiyati axloqiy etuklik, ma’naviy barkamollik, sof e’tiqodiy barqarorlik g‘oyalariga asoslangani ochib berilgan;
Abu-l-Muin Nasafiyning «Bahru-l-kalom» asarida aqidaviy buzuq, radikal kuchlarning islom g‘oyalarini iddao qilib, ilgari surayotgan qarashlarining g‘oyaviy asossizligi va ularga qarshi ilmiy raddiyalar berish imkoniyati mavjudligi yoritib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Abu-l-Muin Nasafiy merosini tadqiq qilish natijasida ishlab chiqilgan ilmiy xulosalar va takliflar asosida:
Abu-l-Muin Nasafiyning kalom ilmiga oid takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 30 martdagi «Oliy ta’lim muassasalarida tadbirlarni tashkil etish shakllari va ularning mazmunini boyitish yo‘nalishlaridagi uslubiy tavsiyalarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi 81-son buyrug‘iga asosan tayyorlangan «Talaba-yoshlarda milliy o‘zlikni anglash, milliy qadriyatlar va an’analar hamda umuminsoniy qadriyatlarga nisbatan chuqur hurmat va ehtiromda bo‘lish tuyg‘ularini rivojlantirish» qo‘llanmasini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 11 apreldagi 9-03-1380-son ma’lumotnomasi). Bu talaba-yoshlar ongida e’tiqodiy qarashlar tarixining ayrim jihatlarini to‘g‘ri singdirishga xizmat qilgan;
Abu-l-Muin Nasafiyning qarashlarini boshqa mazhab vakillari ilgari surgan g‘oyalar bilan qiyoslash natijasida uning hanafiylik fiqhi doirasida shakllangan moturidiylik ta’limotiga qo‘shgan hissasi asosida olingan xulosalardan 1-071 raqamli «Murakkab va tahlikali zamonning ma’naviy tahdidlariga qarshi mafkuraviy kurash vositalari kompleksini ishlab chiqish va joriy qilish» mavzusidagi loyiha, I-2016-1-33 raqamli «Milliy tarbiya va yoshlar dunyoqarashini shakllantirish» mavzusidagi loyihalarda foydalanilgan (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2018 yil 26 fevraldagi 01/09-310-18-son ma’lumotnomasi). Ushbu ilmiy natijalar ichki va tashqi tahdidlar mohiyatini ochib berishga, joylarda tashkil etiladigan targ‘ibot ishlariga manzilli yondashishga xizmat qilgan;
Abu-l-Muin Nasafiy o‘z davridagi mavjud xorijiya, mu’taziliya, qadariya, jabariya kabi firqalarga nisbatan munosabati, o‘lkada ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy, madaniy hayotning tinchligini saqlashga qo‘shgan hissasiga oid xulosalardan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika keshgashining 2017 yil 22 fevraldagi 28-son majlisi bayoni bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasida 2017 yilda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi» 4/33-bandi: «Mahallalarda va oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi holatlarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish» ijrosini ta’minlash, «Fuqarolar yig‘inlarining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilari faoliyati to‘g‘risida»gi namunaviy nizom loyihasini ishlab chiqishda foydalanilgan (Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika keshgashining 2018 yil 2 martdagi 02-03/146-son, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2018 yil 16 fevraldagi 966-son ma’lumotnomalari). Bu aholi, ayniqsa, yoshlarning diniy-ma’rifiy dunyoqarashini yuksaltirib, ularning turli adashgan oqimlarga qarshi ilmiy asoslangan raddiyalari bilan kurashgan yurt allomalari merosiga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirgan.
Abu-l-Muin Nasafiyning «imon til bilan aytib, dildan iqror bo‘lishdir», degan kofir bo‘lmasligini anglatuvchi g‘oyasi zamonaviy ekstremistik oqimlar ilgari surayotgan jihod haqidagi qarashlarga asosli raddiya ekani borasidagi ilmiy xulosalardan 2017 yil davomida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi telekanallaridagi ko‘rsatuv ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2018 yil 12 fevraldagi 05-15/615-son ma’lumotnomasi). Natijada, aholi o‘rtasida sog‘lom e’tiqod g‘oyalarini keng targ‘ib etishga, shu orqali ularda sog‘lom e’tiqod shakllanishiga erishilgan.