Erejepov Artiqbay Abillaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Qoraqalpoq jirovchilik san’ati vositasida o‘quvchi yoshlarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashning pedagogik asoslari», 13.00.01–Pedagogika nazariyasi. Pedagogik ta’limotlar tarixi (pedagogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Ped336.
Ilmiy rahbar: Utebaev Tajibay Tileumuratovich, pedagogika fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Nukus davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qoraqalpoq davlat universiteti, Nukus davlat pedagogika instituti, Urganch davlat universiteti, DSc.28.12.2017.Ped.20.02.
Rasmiy opponentlar: Keңesbay Allambergenov, filologiya fanlari doktori, professor; Saytbekova Svetlana Saylaubaevna, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: qoraqalpoq jirovchilik san’ati vositasida o‘quvchi-yoshlarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashning pedagogik asoslarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ma’naviy-axloqiy tarbiyaning etnopedagogik mazmuni integrativ fanlar (musiqa madaniyati, jirov va baxshichilik asoslari) bo‘yicha o‘quvchilarda musiqiy ko‘nikma va malakalarni tarkib toptirish jarayoni bilan badiiy-estetik tafakkurni rivojlantirish intensifikatsiyasini ta’minlash asosida aniqlashtirilgan;
o‘quvchilarda qoraqalpoq jirovchilik san’atiga qiziqishni rivojlantirishning pedagogik-psixologik xususiyatlaridan kelib chiqib, dialogik (aytishuv, jo‘r ijrochiligi, muloqot), etnopedagogik o‘qitish shakllari va badiiy tafakkur texnologiyasini (badiiy tahlil, obrazli tasavvur) qo‘shish orqali ma’naviy-axloqiy tarbiyaning tashkiliy-pedagogik shartlari takomillashtirilgan;
integrativ yondashuv (jirov, to‘lg‘ov, dostonchilik) orqali jirovchilik san’atining artpedagogik (musiqiy, xoreografik, teatrlashtirilgan) modeliga asoslangan kognitiv, faoliyatga doir va aksiologik bosqichlarini kiritish orqali o‘quvchilarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalash jarayonlarini takomillashtirishning didaktik imkoniyatlari aniqlashtirilgan;
o‘quvchilarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashni ta’minlab beruvchi musiqiy ta’lim texnologiyasi jirovchilik ijro mahorati va texnikasini rivojlantirishda “ustoz-shogird” an’analaridan foydalanish bo‘yicha art-terapiya topshiriqlarini (noverbal, grafikli va tasviriy faoliyat) intensiv loyihalash metodikasini qo‘llash asosida takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Qoraqalpoq jirovchilik san’ati vositasida o‘quvchi-yoshlarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashning pedagogik asoslarini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
ma’naviy-axloqiy tarbiyaning etnopedagogik mazmuni, integrativ fanlar bo‘yicha o‘quvchilarda musiqiy ko‘nikma va malakalarni tarkib toptirishga doir takliflardan umumiy o‘rta ta’lim hamda bolalar musiqa va san’at maktablarida musiqiy ta’limga qo‘yiladigan malaka talablarini ishlab chiqishda foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining 2018 yil 24 apreldagi 01-01/01-1359-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘quvchilarning milliy musiqa va jirovchilik san’atiga doir bilim, ko‘nikma va malakalarini rivojlantirish, musiqiy kompetensiyalarini shakllantirish samaradorligini oshirishga erishilgan;
o‘quvchilarda qoraqalpoq jirovchilik san’atiga qiziqishni rivojlantirishning pedagogik-psixologik xususiyatlari, dialogik, etnopedagogik o‘qitish shakllari va badiiy tafakkur texnologiyasi, integrativ yondashuv orqali jirovchilik san’atining artpedagogik modelini takomillashtirishga doir tavsiyalarlardan I1-XT-0-17222 raqamli “Qoraqalpoq milliy mentalitetini o‘quvchi-yoshlar ongiga singdirishda xalq pedagogikasi imkoniyatlaridan foydalanish” (2013-2014 yy.) mavzusidagi amaliy loyihani ishlab chiqishda foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining 2018 yil 17 oktyabrdagi 06-09/5-10/1295-son ma’lumotnomasi). Mazkur loyiha asosida o‘quvchilarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashning kognitiv, faoliyatga doir va aksiologik mezonlarini aniqlashtirish orqali musiqiy repertuarlarni loyihalash samaradorligini oshirishga erishilgan;
o‘quvchilarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashni ta’minlab beruvchi musiqiy ta’lim texnologiyasi, jirovchilik ijro mahorati va texnikasini rivojlantirishda “ustoz-shogird” an’analaridan foydalanish bo‘yicha art-terapiya topshiriqlarini intensiv loyihalash metodikasini qo‘llashga doir amaliy tavsiyalardan bolalar musiqa va san’at maktablari “Qoraqalpoq xalq qo‘shig‘i va sozlarining tarixi” nomli o‘quv qo‘llanma mazmuniga singdirilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2018 yil 24 apreldagi 2-04/788-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘quvchilarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashda art-terapiya, imitatsion modellashtirish usullaridan foydalanish samaradorligini oshirishga erishilgan.