Seytkamalov Xayratdin Maulenovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Janubiy Orolbo‘yi sharoitida yirik shoxli mollarning yurak-qon tomir tizimi funksional holatining xususiyatlari», 03.00.08–Odam va hayvonlar fiziologiyasi (biologiya fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.PhD/B151.
Ilmiy rahbar: Mambetullaeva Svetlana Mirzamuratovna, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, PhD.30.08.2018.B.02.08. 
Rasmiy opponentlar: Matchanov Azat Taubaldievich, biologiya fanlari doktori, professor; Aliev Dilmurod Davronovich, biologiya fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Janubiy Orolbo‘yi sharoitida xorijdan keltirilgan sut va go‘sht yo‘nalishidagi yuqori mahsuldor zotdor sigirlar va ulardan olingan buzoqlarning yurak-qon tomir tizimining funksional holatini aniqlashdan iborat (Qoraqalpog‘iston Respublikasi misolida).
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Janubiy Orolbo‘yining noqulay ekologik sharoitida tabiiy rezistentlikning fiziologik asoslari, shuningdek, turli yoshdagi qora-ola va latviya qo‘ng‘ir zotlariga mansub mollar yuragining bioelektrik faolligi va samaradorlik ko‘rsatkichlari aniqlangan;
ilk bor turli yoshdagi qora-ola va latviya qo‘ng‘ir zotlariga mansub mollarning noqulay ekologik omillar ta’sirida yurak-qon tomirlari tizimidagi funksional parametrlari va mahsuldorlik ko‘rsatkichlari shakllanishining moslashish mexanizmlari aniqlangan;
ilk bor qora-ola va latviya qo‘ng‘ir zotlariga mansub mollar yuragining turlicha harorat intervallarida zotlarga xos bo‘lgan bioelektrik faolligining fiziologik mexanizmlari ochib berilgan;
Janubiy Orolbo‘yi hududi sharoitlariga keltirilgan turli zotlarga mansub hayvonlarning yangi sharoitga moslashish va zotga xos bo‘lgan irsiy mahsuldorlik ko‘rsatkichlarini hamda olinadigan mahsulotlar sifatini saqlab qolishning optimal me’yorlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: 
Janubiy Orolbo‘yi sharoitida yirik shoxli mollarning yurak-qon tomir tizimi funksional holatining xususiyatlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida: 
turli zotlarga mansub sigirlar va ulardan olingan buzoqlarning noqulay ekologik omillar ta’sirida yurak-qon tomirlar tizimining funksional holatlari va mahsuldorlik ko‘rsatkichlari shakllanishininig moslashish mexanizmlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus va Qonlikul tumanlarining chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarida amaliyotga joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2019 yil 22 iyuldagi 33/04-154-son ma’lumotnomasi). Natijada Qoraqalpog‘iston sharoitida zotli sigirlardan foydalanishning samarodorligi va ularning zotga xos xususiyatlarini saqlab qolishga yo‘naltirilgan mintaqaviy chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqish imkonini bergan; 
turli zotlarga mansub bo‘lgan, yirik shoxli mollar yuragining turlicha harorat intervallarida zotlarga xos bo‘lgan farqlarining bioelektrik faolligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi fermer xo‘jaliklarida yirik shoxli mollarni saqlash va parvarishlash jarayonlariga joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2019 yil 22 iyuldagi 33/04-154-son ma’lumotnomasi). Natijada Qoraqalpog‘iston Respublikasining sut va go‘sht yo‘nalishiga ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaliklarida mahsulotlarni 8–10% ga oshirish imkonini bergan;
noqulay ekologik sharoitlarda import qilingan turli zotlardagi yuqori mahsuldor sigirlar va ulardan olingan buzoqlar yuragining bioelektrik faolligi va moslashish xususiyatlari Qoraqolpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasida ekologik monitoring qilishda foydalanilgan (Qoraqolpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasining 2019 yil 22 iyuldagi 01/18-2389-son ma’lumotnamasi). Natijada Qoraqalpog‘iston sharoitida mahsuldor yirik shoxli mollardan samarali foydalanishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni hamda mintaqaviy maqsadli ekologik dasturlar ishlab chiqish imkonini bergan;
Janubiy Orolbo‘yi mintaqasining iqlim sharoitlarida import qilingan turli zotlarga mansub yirik shoxli mollar yurak-qon tomirlari funksional faoliyatining moslashish mexanizmlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumanining chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarida hayvonlarning adaptatsion moslashuv imkoniyatlari darajalarini monitoring qilishda joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining 2019 yil 23 iyuldagi 06-04/8-07/763-son ma’lumotnomasi). Natijada Qoraqalpog‘iston Respublikasining ekstremal sharoitida import qilingan zotdor yuqori mahsuldor hayvonlardan samarali foydalanishni fiziologik jihatdan to‘g‘ri tashkil etish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish