Eminov Sherzod Olimjonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Paxtani qayta ishlovchi mashina va mexanizmlar uchun antielektrostatik kompozision polimer materiallar va tribotexnik maqsadli qoplamalar olish texnologiyasi (paxta xomashyosi misolida)», 02.00.07–Kompozision, lok-bo‘yoq va rezina materiallari kimyosi va texnologiyasi; 05.02.01–Mashinasozlikda materialshunoslik. Quymachilik. Metallarga termik va bosim ostida ishlov berish. Qora, rangli va noyob metallar metallurgiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.PhD/T1265.
Ilmiy rahbarlar: Negmatov Soyibjon Sodikovich, texnika fanlari doktori, professor, akademik; Abed Nodira Soyibjonovna, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti «Fan va taraqqiyot» DUK.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti «Fan va taraqqiyot» DUK, DSc.27.06.2017.K/T.03.01.
Rasmiy opponentlar: Mamadalimov Abdugafur Teshaboevich, fizika-matematika fanlari doktori, professor, akademik; Mixridinov Risqidin, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Andijon mashinasozlik instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: paxtani qayta ishlash mashina va mexanizmlar uchun antielektrostatik kompozision polimer materiallar va tribotexnik maqsadli qoplamalarni olish texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
polimer qoplamalarning paxta xomashyosi bilan o‘zaro ta’siri jarayonida elektrizatsiyadagi o‘zgarishlarning ekspluatatsion va texnologik omillarga bog‘liqligi aniqlangan;
paxta tolasi bilan o‘zaro ta’sirlashganda elektrizatsiya jarayonlarining polimer qoplamalarining elektrofizik va fizik-mexanik xossalari bilan o‘zaro bog‘liqligi isbotlangan;
polimer kompozisiyaning tarkibiga elektr o‘tkazuvchi organomineral to‘ldiruvchilarning qo‘shilishi statik elektr toki hosil bo‘lishining kamayishi va bu polimer materiallar va ular asosidagi qoplamalarning antielektrostatik va antifriksion xossalarini nazorat qilishga imkon berishi aniqlangan;
polimer qoplamalarning paxta xomashyosi bilan friksion o‘zaro ta’siri ularning yuza qatlami tuzilishining o‘zgarishi, o‘z navbatida qoplamalarning elektr zaryadlarining ham o‘zgarishiga olib kelishi aniqlangan;
paxta tozalash sanoati mashina va mexanizmlarining ishchi organlari uchun yangi tribotexnik maqsadli antielektrostatik kompozision polimer qoplamalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Antielektrostatik kompozision polimer materiallar va ular asosida tribotexnik maqsadli qoplamalar olish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tolali massa (paxta xomashyosi) bilan o‘zaro ta’sir qiluvchi antifriksion mashinasozlik KPMning ishqalanish koeffisienti, ishqalanish zonasida vujudga kelgan temperatura va elektrostatik zaryad miqdorini aniqlash metodlari uchun O‘zbekiston Respublikasi davlat standarti «O‘zstandart» agentligida tasdiqlangan va ro‘yxatdan o‘tkazilgan (O'z DSt 3330:2018) («O'ZSTANDART» agentligi Axborot-ma’lumot markazi davlat korxonasining 2018 yil 26 oktyabrdagi 1187/40-son ma’lumotnomasi). Natijada diskli tribometrda mashinasozlik KPMni tolali materiallar bilan friksion ta’sirdagi ishqalanish koeffisienti, ishqalanish zonasidagi harorat va triboelektrik zaryadlarni bir vaqtning o‘zida aniqlash imkonini bergan;
antifiriksion-eyilishbardosh kompozisiyalar tarkibi uchun O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (№IAP 05000, 2015 y.). Natijada yaratilgan antifiriksion-eyilishbardosh polimer kompozisiyalar paxtani qayta ishlash mashina va mexanizmlarining ish qobiliyati va samaradorligini oshirish imkonini bergan;
antifriksion yog‘och-polimer kompozision material uchun O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (№IAP 05068, 2015 y.). Natijada mashina va mexanizmlarning ishchi organlarida antifriksion kompozision yog‘och-polimer materiallardan keng miqyosda foydalanish imkonini bergan;
antielektrostatik kompozision polimer qoplamalar Piskent paxta tozalash korxonasida mashina va mexanizmlar ishchi organlarida joriy etilgan («O‘zpaxtasanoat» AJning 2019 yil 18 oktyabrdagi 03-18/6050-son ma’lumotnomasi). Natijada antielektrostatik kompozision polimer qoplamalardan foydalanish ishqalanuvchi juftlik kontakt zonalarida elektrizatsiyaning kamayishi hisobiga ishqalanish kuchini 30–40% ga kamaytirish, paxta qayta ishlovchi korxona alohida uskunalarining samaradorligini 15–20% ga oshirish va paxta tolasiga shikast etishini 0,30–0,40% kamaytirish hamda paxta xomashyosiga birlamchi ishlov berish jarayonida yong‘in xavfining oldini olish imkonini bergan.