Xamraev Nurbek Ulug‘bekovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Xorazm viloyatida etishtirilayotgan kuzgi bug‘doy navlarining oqsillar polimorfizmi va ularning qimmatli xo‘jalik belgilari bilan bog‘liqligi», 03.00.07–O‘simliklar fiziologiyasi va biokimyosi (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/B285.
Ilmiy rahbar: Yunusxanov Shavkat, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Xorazm Ma’mun akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti, O‘zbekiston milliy universiteti, DSc.29.08.2017.V.53.01.
Rasmiy opponentlar: Safarov Karimdjon, biologiya fanlari doktori, professor; Qurbanbaev Ilxom Djumanazarovich, biologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Xorazm viloyatida etishtirilayotgan kuzgi bug‘doy navlarining gliadin oqsillar polimorfizmini aniqlash asosida hosildorligi va don sifati yuqori bo‘lgan yangi populyasiyalarni yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor kuzgi yumshoq bug‘doyning “Andijon-2”, “Asr”, “Durdona”, “Do‘stlik”, “Yaksart” va “Chillaki” kabi navlarning gliadin oqsillari elektroforetik spektrlari bo‘yicha polimorfizmi aniqlangan;
kuzgi yumshoq bug‘doyning 15 ta navlari gladin oqsillarining elektroforetik spektri bir-biri bilan taqqoslanganda “Andijon-2” va “Sila” navlarida β va γ fraksiyalaridagi komponentlarning tuzilishi va joylashishi bir xil ekanligi, lekin ushbu navlar α va ω komponentlarining tuzilishi va joylashishi bilan keskin farqlanishi aniqlangan;
kuzgi yumshoq bug‘doyning turichi Kroshka x94-409a627 duragay kombinatsiyasidan yaratilgan “Asr” navining elektroforegrammasini Kroshka naviniki bilan taqqoslanganda ω fraksiya hududidagi molekulyar og‘irligi yuqori bo‘lgan ω8, ω9 va ω10 komponentlarida o‘xshashlik borligi isbotlangan;
kuzgi yumshoq bug‘doy navlari va ulardan ajratib olingan biotiplarning gliadin oqsillari elektroforetik spektrida mavjud komponentlar soni 15 tadan 20 tagacha ekanligi aniqlangan;
kuzgi bug‘doy navlaridan 9 tasida gliadin oqsillari bo‘yicha geterogen biotiplar borligi aniqlangan va ular asosida yangi populyasiyalar ajratib olingan;
gliadin oqsillarining elektroforetik spektr tuzilishi bo‘yicha farqlanuvchi yangi populyasiyalar seleksiya jarayoniga jalb qilingan hamda ularning hosildorligi va don sifat ko‘rsatkichlari yuqori ekanligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Xorazm viloyatida etishtirilayotgan kuzgi bug‘doy navlarining oqsillar polimorfizmi va ularning qimmatli xo‘jalik belgilari bilan bog‘liqligini aniqlash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
gliadin oqsillarining elektroforetik spektri bo‘yicha farqli populyasiyalar kolleksiyasi Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti G‘allaorol ilmiy-tajriba stansiyasining seleksion dasturlarida boshlang‘ich manba sifatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 30 sentyabrdagi 02/021-2720-son ma’lumotnomasi). Natijada hosildorligi va don sifati yuqori duragaylar olish imkonini bergan;
elektroforetik usul yordamida “Andijon-2”, “Asr” va “Durdona” navlaridan ajratib olingan populyasiyalar Xorazm viloyati Urganch tumani “Maxliyo-Shaxnoz” fermer xo‘jaligida 37,2 gektar maydonda amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 30 sentyabrdagi 02/021-2720-son ma’lumotnomasi). Natijada “Krasnodar-99” nazorat naviga nisbatan gektaridan 4,9 s/ga ko‘p don hosili olishga erishish hamda fermer xo‘jaligida hosildorlikni oshirish va don sifatini yaxshilash imkonini bergan;
kuzgi bug‘doy navlarining polimorf gliadin oqsillariga ega populyasiyalaridan FA-A-QX 2018-247 raqamli “MAS texnologiyasining «genlarni piramidalash» usulidan foydalanib, yumshoq bug‘doyda asosiy biotik va abiotik stress omillarga chidamlilik genlarini bir genotipga jamlash va shu asosda yangi liniyalar yaratish” mavzusidagi loyihada resipient ona genotip sifatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 16 sentyabrdagi 4/1255-2464-son ma’lumotnomasi). Natijada bug‘doy hosildorligi yuqori va stress omillarga chidamli duragaylarni yaratish imkonini bergan.